Sizga salovatlar bo‘lsin, Ya Hazrati Muhammad!..
Sizga salovatlar bo‘lsin, Ya Hazrati Muhammad!..
Joriy yilning 24-oktyabr sanasida Xadichai Kubro ayol-qizlar islom ta'lim muassasasi direktori N.Ibragimova, faxriy ustoz G.Qurbonova hamda hadis fani o‘qituvchisi J. Gaipova boshchiligida "Sizga salovatlar bo‘lsin, Ya Hazrati Muhammmad" nomi ostida mavlid tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir madrasaning o‘ziga xos an'analaridan bo‘lib, Rabi'ul avval, ya'ni Mavlid oyi sharofati bilan o‘tkaziladi.Tadbir silsilaviy bog'liqlikka ega bo‘lib, har yili siyratning bir yili, undagi eng muhim tarixiy voqealar sahna ko‘rinishlari, go‘zal she'rlar va ta'sirli monologlar orqali kuzatuvchilarga namoyish etiladi. Bu yil an'anaga muvofiq hijratning 6-yili ko‘rastib berildi.
Qur’on tilovati bilan boshlangan ushbu yilgi tadbirda eng avvalo, solnoma havola etilib, unda avvalgi yillarda ko‘rsatib berilgan eng muhim voqealar eslanib o‘tildi. So‘ngra, tadbirning asosiy qismi - hijriy 6-yilda bo‘lib o‘tgan Hudaybiya sulhi namoyishiga kirishildi.
O‘sha yili Ka’bani tavof qilaman deb Madinadan Makkaga kelgan, biroq, murodiga yetolmagan 1400 sahobaning mahzunligi, Rizvon bay'atida ishtirok etib, Alloh va Rasuliga bo‘lgan itoatini ko‘rsatgani uchun Alloh ulardan roziligini e'lon qilgan, eng katta g'alaba bashorati berilgan 1400 sahobaning quvonchi sahna ko‘rinishlari, talabalar o‘zlari yozgan she'rlari, voqealarni yanada tushuntirib, izohlab beruvchi tarixchilar orqali tomoshabinlarga namoyish qilindi.
Tadbirda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni madh etuvchi go‘zal salovat va nashidalar ijro etildi. Ja’far Barzanjiyning "Mavlid" asaridan parchalar esa bayramga o‘zgacha shukuh baxsh etdi. Ko‘rsatilgan voqealar haqida tadbir kuzatuvchilariga berilgan savollar ularning sahnalarga bo‘lgan qiziqishi, diqqatini oshirdi.
Sahnalar namoyishi so‘ngida qatnashchilar o‘zlari bu voqealardan qanday xulosalar chiqarganliklari, haqiqiy musulmon Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlarida bo‘lgan har qanday hodisadan ibrat olishi, o‘z hayotiga tatbiq etishi borasida so‘zladilar. Bu esa mana shunday tadbirlarning o‘tkazilishidan asosiy maqsadining bayoni bo‘lgan edi. Zero, bu kabi tadbirlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayot yo‘llarini yoritishga, u zotga bo‘lgan muhabbatimizning ziyodalashishiga, va asosiysi, hozirgi zamonimiz uchun eng katta o‘rnak, namunani aynan Nabiyimizdan topishimiz lozimligiga o‘rgatadi. Tadbir soʻngida Odinaxon ustoz Muhammad Sodiqqa duo uchun soʻz berildi.
Xadicha Kubro ayol-qizlar
islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
Joziba Jamol qizi