XADICHAI KUBRO AYOL-QIZLAR O’RTA MAXSUS ISLOM TA’LIM MUASSASASIGA FAXRIY USTOZLAR TASHRIFI
29-mart kuni “Xadichai Kubro” ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi rahbariyatining tashabbusi bilan ta’lim muassasasining ilk tamal toshini qo’yishda benazir hissa qo’shgan, bilim yurtining tarixida nomlari zarhal harflar bilan bitilgan fidoyi ustoz-xodimlar tashrif buyurdilar. Tadbir Qur’on tilovati va faxriy ustozlarning duolari bilan ochib berildi.
Suhbat davomida aziz mehmonlar talaba qizlarga madrasaning ilk ochilish davridagi qiyinchiliklar, sharoitlar va ta’lim dargohining alohida binoga ajralib chiqishida beqiyos hissa qo’shgan ustozlar xususan, Malika ustoz Nurmuhammedova haqida batafsil ma’lumot berib o’tdilar.
Shuningdek, fidoyi ustozlarimiz ma’rifatli ayolning jamiyatdagi ahamiyati, talaba qizlar zimmasidagi sharafli mas’uliyat, ular shaxsiy va ijtimoiy hayotda amal qilishi lozim bo’lgan oltin qoidalar haqida gapirib o’tdilar.
Tadbirning keyingi qismida ta’lim muassasasi direktori Nozima ustoz Ibragimova faxriy ustozlarga tashrif uchun chuqur minnatdorchilik izhor etigan holda tashakkurnoma va hadyalar taqdim etdilar.
Tadbirning ikkinchi qismida faxriy ustozlar ta’lim muassasasining yangi binosi bilan yaqindan tanishdilar. Yangi o’quv binosidagi zamonaviy va qulay shart-sharoitlar faxriy ustozlarimizda ulkan quvonch va shukronalik paydo qildi, desak mubolag’a bo’lmaydi.
Bino bilan tanishuv jarayoni nihoyasiga yetgach faxriy ustozlar iftorlik dasturxoniga taklif qilindilar. Iftorlik davomida ustozlarimiz ushbu yaratilgan qulay va zamonaviy sharoitlar hamda ayol-qizlarga berilayotgan imkoniyatlar uchun shukr qilish va bu ishonchni oqlash lozim ekani haqida gapirib o’tdilar. Ulkan taassurotlarga boy bo’lgan uchrashuv faxriy ustozlarimiz tomonidan ta’lim muassasasi rivoji hamda u yerda faoliyat yuritayotgan ustoz-xodimlar va bilim olayotgan talaba qizlar haqiga duoi xayrlar qilish bilan yakunlandi.
Yoshlar bilan ishlash, ma'naviyat-ma'rifat bo'limi