"Xadichai Kubro" ayol-qizlar o'rta maxsus islom ta'lim muassasasida 30 yillik va ochilish marosimi
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida 11-aprel kuni 30 yillik va tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov, rais o‘rinbosarlari H.Ishmatbekov, U.Gʻafurov, J.Hamraqulov, Ta’lim va ilmiy tadqiqot bo‘limi mudiri S.Sherxonov va boshqa mas’ullar tashrif buyurdilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov boshchiligidagi mas'ullar avvalo ta'lim muassasasi yangi binosidagi sharoitlar bilan tanishib, sinfxonalarga kirib talabalar bilan suhbat qurdilar.
Suhbat davomida talabalar muftiy hazratlariga yaratilgan qulay imkoniyatlar uchun tashakkur bildirib, a'lochi va faol talabalarga shartnoma pullarini to'lab, ta'lim muassasasini har-tomonlama qo‘llab-quvvatlayotganlari uchun alohida minnatdorchilik izhor qildilar.
Shundan so‘ng ta'lim muassasasining Axborot Resurs Markazi faoliyati bilan tanishib, uning faoliyatini e'tirof etdilar
Muftiy hazratlari ta'lim muassasasi binosi bilan tanishib chiqqanlaridan so'ng ochilish marosimi va 30 yillik tantanali tadbirga start berildi.
Tadbir Ko‘kaldosh o'rta-maxsus islom ta'lim muassasasi 4-kurs talabasi Axmedov Abdulqodir qorining Qur'on tilovati va Muftiy hazratlarining duoi xayrlari bilan boshlandi. So‘ngra, muftiy hazratlari so'zga chiqib, ta'lim muassasasida faoliyat yuritayotgan jonkuyar ustoz-xodimlarga va ta'lim olayotgan talabalarga o‘z tilak va tabriklarini bildirdilar.
Shundan so‘ng madrasa o‘tmishi va bugunini yurituvchi videorolik, nashid, ustozlarga atalgan monolog bilan tadbir ko'tarinki ruhda davom ettirildi. Tadbir davomida ta‘lim muassasasi direktori Nozima ustoz Ibragimova so'zga chiqib muftiy hazratlari rahbarligidagi barcha mutasaddilariga qulay sharoitlar va e'tibor uchun tashakkur bildirdilar. Tantanali marosimni muftiy hazratlari o'zlarining duoi xayrlari bilan yakunlab berdilar.
Tadbirdan so‘ng barcha uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Shu o'rinda aytib o'tish lozimki, Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi
dastlab 1993 yilda “Eshon Boboxon” nomi ostida o‘z faoliyatini boshladi. Ta’lim muassasasi dastavval unga ilk rahbarlik qilgan Normuhamedova Malika Nigmatovna boshchiligidagi mudarrisalar jamoasi Toshkent shahri Yunusobod tumani Temiryazova ko‘chasi 48-uydagi 2 xona bilan o‘z faoliyatlarini boshladilar.
1998 yilda ta’lim muassasasiga “Xadichai Kubro” degan nom berildi. Shu munosabat bilan ta’lim muassasasi jamoasi hozirgi Olmazor tumani Olimpiya dahasidagi “Ahmadjon qori” masjidi hududida faoliyatlarini davom ettirdilar.
2010 yilda ta’lim muassasasi faoliyatiga yanada keng imkoniyatlar yaratish maqsadida Uchtepa tumanidagi “Abu Hanifa” masjidi hududida qurilgan o‘quv binoga ko‘chirib o‘tkazildi. U yerda mevali daraxtlar bilan boyitilgan go‘zal bog‘, keng sport va tadbirlar zallari talabalar va o‘qituvchilar ishtiyoqiga yanada zavq berdi.
Oxirgi yillarda respublikamizda o‘tkazilgan keng diniy islohotlar doirasida ayollar ma’rifatiga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, hozirda ta’lim muassasamiz guvohi, shahrimiz markazidagi eng zamonaviy binolarda barcha shart-sharoitlar yaratilgan holatda o‘z faoliyatini olib bormoqda.
Ayni paytda Ta’lim muassasamizda muassasa direktori Nozima ustoz Ibragimova rahbarligida quyidagi 7 ta bo‘lim faoliyat olib bormoqda:
Devonxona bo‘limi
Xo‘jalik ishlari bo‘limi
O‘quv malaka oshirish va qayta tayyorlash bo‘limi
Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi
Bugalteriya bo‘limi
Axborot resurs markazi bo‘limi
Matbuot bo‘limi
Ushbu bo‘limlar tarkibida ta’lim muassasamizda 18 ta asosiy va 6 ta tashqi o‘rindosh o‘qituvchilar, 27 ta asosiy 6 ta o‘rindosh xodimlar faoliyat olib bormoqdalar.
Ta’lim muassasamizda dars o‘tish uchun mo‘ljallangan 15 ta sinfxona, 1 ta majlislar zali, 1 ta umumiy dars o‘tish xonasi, Kutubxona, qiroatxona, informatika xonasi, arxivdan iborat.