Jannatning eng yuqorisidan uy
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim yolg`onni tark qilsa-holbuki, u botildir- unga jannatning sahnida bir uy quriladi. Kim haq bo`la turib, talashib-tortishishni tark qilsa, unga jannatning o`rtasida uy quriladi. Kim xulqini go`zal qilsa, unga jannatning yuqorisida uy quriladi», dedilar».
Hadisdan ko`rinib turibdiki, go`zal xulqi bor insonning darajasi ko`tarilmoqda. Go`zal xulq fazilatlarning eng afzali ekan. Yo`lg`onni tark qilganga jannatning sahnidan bir uy, talashib- tortishishni tark qilganga jannatning o`rtasidan uy, xulqi go`zal bo`lgan insonga esa jannatning yuqorisidan uy va`da qilinmoqda.
Iymon xulqdir. Kimning xulqi yuksak bo`lsa, demak uning iymoni baland darajada bo`lar ekan. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan «Din nima ?» deb so`raganlarida, «Husni xulq» deb javob berdilar. Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan eng go`zal shariatda har bir narsa o`z aksini topgan. Islom mukammaldir. Alloh taolo Payg`ambarimizni maqtab, Qur`oni karimda: « va Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz » (Qalam,4) dedi. Go`zal xulqni hech qaysi bir zamonga bog`liq joyi yo`q. Chunki zamonlar bir-biridan rivojlanishi, texnikasi va shu kabi narsalari bilan farqlanadi. Lekin shu asrlar va zamonlarning barchasida go`zal xulq eng qadrli va insonlarning e`tiborini o`ziga tortuvchi narsa bo`lgan.
Ammo hozirgi kunda jamiyatimizda yuz berayotgan voqea-hodisalardan yoqa ushlamay iloj yo`q. Kichik kattani hurmat qilishni, katta esa kichikni ikrom qilishni unutgan. Ayollarimiz, mo`tabar onalarimiz, aziz opa-singillarimizga qilinayotgan hurmatsizliklar. Fitnaga sabab bo`layotgan g`iybatlar, musulmonlarning bir-birlari haqida badgumon bo`lishlari. Maktabdagi holat, o`quvchining ustozga behurmatsizligi va hokazolar. Bu kabi bo`layotgan ishlarning asosiy sababini insonlarning o`z dinlari bo`lgan Islom dinidagi odob-axloq me`yorlarini bilmasliklarida, bilsalarda ularga «eskichalik» deya qarab, o`zlari o`zga din, o`zga xalq urf-odatlariga taqlid qilayotganliklarida desak adashmagan bo`lamiz. Bularning barchasining yechimi Islomdadir, Qur`ondadir va uning odob-axloq qoidalaridadir. Darhaqiqat, Islom dini ma`rifatparvarlik va yuksak axloqiylik g`oyalarini ilgari surish bilan ajralib turadi. Qu`roni karim va hadislardagi ilgari surilgan axloqiy qarashlar insonning ma`naviy-axloqiy tarbiyasida eng ta`sirchan, eng baquvvat halqa va eng samarali tarbiya vositasi bo`lib, insonning ma`naviy kamolotga erishmog`ini u siz tasavvur qilish qiyin.
Alloh taolo Qur`oni karimdagi butunboshli bir sura- «Hujurot» surasini mo`minlar uchun go`zal xulq sari yo`riqnoma qilib nozil qildi. Qur`oni karim bu masalaga alohida e`tibor bergan. Chunki axloq oxirat ne`matlariga yetkazuvchi asosiy narsalardan biridir. Bu haqiqatni musulmon bo`lmaganlar ham tan olishgan. Misol tariqasida doctor Gustav Lobonning quyidagi so`zlarini keltirish mumkin: «Qur`oni karimdagi axloq asoslari boshqa barcha din ta`limotlaridan ustun turadi». Ha, chunki Qur`on basharning so`zi emas, balki butun borliqni yaratgan Zot- Alloh taoloning so`zidir.
3-kurs talabasi Muxiddinova E‘zoza
Ilmiy rahbar: Nurmuhammedova Iroda