Islom dinida najosatlardan poklanish ahamiyati
Hamdu sanolarimizning barchasi poklik sifatining sohibi bo‘lmish, bandalariga poklikni farz etib, ularga pok shariat ila pok Payg‘ambar yuborgan Buyuk Parvardigorga bo‘lsin!
Salovotu salomlarning mukammali va go‘zali ushbu pok dinning payg‘ambari, pok ummatning sarvari, pok sulolaning samari hazrati Muhammadga bo‘lsin!
«Poklik» asli arab tilida «tahorat» ma’nosini bildiradi va arab tilidagi kitoblarda u «Tahorat kitobi» deb ataladi. Ammo bizda namozga qilinadigan va arabcha «vuzuь» deb ataladigan narsani tahorat deyish odat bo‘lib qolgan.
Poklik - «tahorat» suzi lug‘atda «tozalik» va «ozodalik» ma’nolarini anglatadi. Shariatda esa tahorat, g‘usl, tayammum kabi namoz uqish uchun kerakli bo‘lgan poklanishlarga poklik deb ataladi.
Islomda poklik iymondan hisoblanadi. Islom poklik va poklanish ishlariga o'ta jiddiy qaraydi. Dunyoda Islomdan boshqa hech bir din, tuzum yoki falsafa poklikni va ozodalikni iymonga tegishli darajaga ko‘tarmagan. Islomda esa bu iymon ishi bo‘lishi bilan birga, poklik bo‘lmasa, bandaning ibodati ham qabul bo‘lmaydi. Islomda barcha ibodatlarning qabul bo‘lishi uchun avvalo bandaning qalbi, niyati pok bo‘lishi lozim. Qolaversa, ibodatlarning qabul bo‘lishi uchun insonning butun tanasi, kiyim-boshi va hatto ibodat joyi ham pok bo‘lishi shart. Pok bo‘lganda ham, kattayu kichik, ko‘zga ko‘rinadiganu ko‘rinmaydigan barcha nopokliklardan xoli bo‘lishi kerak. Ana shunday poklikka ega bo‘lmagan banda Allohga ibodat qila olmaydi, yani namoz ham uqiy olmaydi, Qur'on xam ushlay olmaydi.
Islomda ibodatlarning qabul bo‘lishi ularning poklik asosida ado etilishiga bog‘lik. Bizda poklik yo‘lida qilingan har bir ish yuqori baholanadi va uni qilgan kishiga ulkan ajr-savoblar, oliy martabalar bor.
Oyati Karimada:
فِيهِ رِجَالٌ يُحِبُّونَ أَنْ يَتَطَهَّرُوا ۚ وَاللَّهُ يُحِبُّ الْمُطَّهِّرِينَ
«Unda poklanishni sevadigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevadir», degan (Tavba surasi, 108-oyat).
Hadisi sharif: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, ummatim qiyomat kuni tahoratning
asaridan peshonalari va oyoq-qo‘llaridan oppoq, nur taralib turgan hollarida chaqirilurlar. Bas, sizdan kim o‘z peshonasidagi qashqasini uzaytirishga qodir bo‘lsa, shuni qilsin», dedilar». Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «U kishi roziyallohu anhu:
«Men o‘z halilim sollallohu alayhi vasallamning: «Mo‘minning bezagi tahorat suvi yetgan joyigacha yetadi», deganlarini eshitdim», dedi».
Muslim va Nasoiy rivoyat qilganlar.
Shu mazmundagi hadislar juda ko‘pligidan islom dinida tahorat, ya’ni poklikka, e’tibor qanday darajada ekanligini bilsak bo‘ladi. Demak, poklikka amal qilishga hammadan ko‘ra musulmonlar mas’uldir. Shu ma’suliyatga jiddiy yondashishimiz kerak.
Tayyorladi: 3-kurs talabasi, Muhammadjonova Ziyoda
Mas’ul ustoz: muassasa direktori Nozima Ibragimova