Homilaning merosi
“Haml” so‘zi lug‘atda ko‘tarmoq ma’nosida keladi. Istilohda esa,onaning qornidagi o‘g‘il yoki qiz farzandga haml yoki homila deyiladi.
Merosning shartlarida voris meros olishi uchun muvarris vafot etgan paytda voris tirik bo‘lishi kerak edi.Onaning qornidagi homila tirik yoki o‘lik,o‘g‘il yoki qiz,bitta yoki bir nechta ekanligi ma’lum bo‘lmagani uchun merosni oxirigacha taqsimlab bo‘lmaydi.Zero,homila ham voris hisoblanib,tug‘ilganidan keyin meros oladi.Shuning uchun, boshqa vorislarga zarar bo‘lmasligini ko‘zlab,bu holda merosni boshlang‘ich taqsimlab qo‘yiladi.So‘ngra bola tug‘ilgach, uni ahvoliga qarab,yakunlovchi taqsimot bo‘ladi.Boshlang‘ich taqsimda homilaning manfaatini ko‘zlab,imkoni boricha ehtiyot chorasini ko‘riladi.Masalan, homilani egizak, o‘g‘il deb hisoblanadi.
Homila meros olishi uchun ikkita shart bor:
1.Muvarris(meros qoldiruvchi) vafot etgan vaqtda onasining qornida haqiqatda mavjud bo‘lishi;
2.Onaning qornidan tirik holda tug‘ilishi.
Birinchi shart onaning qornidan ikki yil yoki undan ozroq muddatda tirik tug‘ilishi bilan amalga oshadi.
Hanafiy va Hanbaliy mazhabiga ko‘ra, homila onaning qornida ikki yildan ortiq turmaydi.Shofe’iy va Molikiy mazhabiga ko‘ra esa,homila ona qornida to‘rt yilgacha turishi mumkin.
Homilaning eng oz muddati esa bilittifoq olti oydir.
Ikkinchi shart esa,bola tirik tug‘ilib,keyin unda barqaror hayot mavjud bo‘lsa amalga oshadi.Tirik tug‘ilgani uning yig‘lashidan,aksa urishi yoki onasini emishi bilan bilinadi.
Hanafiy mazhabida ozgina harakat kifoya qiladi.
Bunda Payg‘ambar(s.a.v.)ning:”Bola ovoz chiqarib yig‘lasa unga janoza o‘qiladi va meros oladi”degan so‘zlari asosdir.Ammo o‘lik tug‘ilsa yoki tirik tug‘ilsa-yu, barqaror hayot unda davom etmasa unga meros berilmaydi.
Tayyorlovchi: Ikromova Muslima
Mas’ul o’qituvchi: I.Nurmuhammedova