Ota-onaga yaxshilik qilish
Dinimizda ota-onalar inson uchun eng ulugʻ zotlar hisoblanadi. Chunki ular oʻz farzandlari uchun mehrini, hayotini bagʻishlaydi. Farzandi katta boʻlib, oila qurib ketgandan keyin ham u haqda qaygʻurishdan toʻxtamaydi. Ota-ona farzandi dunyoga kelishi bilan uni parvarish qilib, katta qiladi, dilbandini hayotda kerakli barcha narsalar bilan ta’minlashga harakat qiladi.
Alloh taolo Qur’oni karimning bir necha suralarida ota-onaga yaxshilik qilish, ularga ehtirom koʻrsatish, ehtiyojlarini qondirish farzand zimmasidagi eng muhim burchlardan ekanini ta’kidlaydi. Alloh taolo Isro surasi 23- oyatida mana bunday marhamat qiladi :
وَقَضَىٰ رَبُّكَ أَلَّا تَعۡبُدُوٓاْ إِلَّآ إِيَّاهُ وَبِٱلۡوَٰلِدَيۡنِ إِحۡسَٰنًاۚ إِمَّا يَبۡلُغَنَّ عِندَكَ ٱلۡكِبَرَ أَحَدُهُمَآ أَوۡ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُل لَّهُمَآ أُفّٖ وَلَا تَنۡهَرۡهُمَا وَقُل لَّهُمَا قَوۡلٗا كَرِيمٗا
"Faqat Uning Oʻzigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga “uff” dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi soʻz ayt!"
Mazkur oyatda Allohga ibodat qilishdan keyingi o‘rinda ota-onaga yaxshilik qilish lozimligi aytilmoqda. Ushbu ikki hukmning bir oyatda, bir jumlada ketma-ket bayon qilinishining o‘ziyoq Islomda ota-onaning haqqi qanchalik ulug‘ ekanini ko‘rsatadi. Farzand ota-onasiga ko ʻrsatayotgan muomalasida o ʻta ehtiyotkorlik va halimlik bilan ularning qalbiga ozor yetkazmagan holda yuzlanishi darkor ekan. Ulamolar oyati karimadagi “uff” soʻzini ikki xil maʼnoda tafsir qiladilar. Bir maʼnosi — ota-onaga yomon soʻz aytib, behurmat qilma, degani boʻlsa, ikkinchi maʼnosi — ota-onang oldida “uff” dema, ular bolam ogʻir holga tushibdi, deb ozorlanadilar, demakdir.
Ota-ona hurmati, qadr-qimmati farzand boʻynidagi vazifalardan boʻlib uni ado qilish uchun ularni rozi qilish shart. Ota-onaga yaxshilik qilish, e’zozlash va ularning xizmatida bardavom bo’lish borasida paygʻambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam juda koʻplab muborak hadislarida biz ummatga ta’lim berdilar, jumladan Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda U zot: “Burni yerga ishqalansin, burni yerga ishqalansin, burni yerga ishqalansin”, - dedilar. “Yo Rasululloh, kimni?”, deyishdi. “Ota-onasi yoki ulardan biri keksaligida ular bilan birga yashab turib doʻzaxga kirgan kishining”, - dedilar".
Demak, kishi ota-onasi ulugʻ yoshga kirganida ularning xizmatlarini qilib, roziligini topib qolsa jannatga kirishga musharraf boʻlar ekan, boʻlmasa, doʻzaxga kiraruvchilar safida boʻlib qolishi aytilmoqda. Bandaning jannat yoki doʻzaxga kirishiga sabab boʻladigan amallardan biri ota-onaga boʻladigan munosabatga bogʻliq ekanini ushbu hadisi sharif bizga koʻrsatmoqda. Ayniqsa, ota-onaning katta yoshdagi paytlarida alohida ehtiyotlik bilan yaxshiliklarini qilish payida boʻlish zarurligini bildirmoqda.
Va yana bir hadisda aytiladi-ki: “Robbning rizosi ota-onaning rizosidadir. Robbning noroziligi ota-onaning noroziligidadir” (Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi).
Bundan anglashiladi-ki, kim Alloh taoloni rozi qilaman, degan boʻlsa, ota-onasini rozi qilishga harakat qilishi zarur ekan. Kim Alloh taolo mendan norozi boʻlmasin, desa, ota-onasini norozi qilmaslik uchun tirishmogʻi, harakat qilmogʻi kerak ekan.
Alloh taolo ota-onasining hurmatini joyiga qoʻyib, hamma vaqt xizmatlarida qoim-u bardavom boʻlib, doimo duolarini olib yuradigan solih-soliha farzandlardan boʻlishimizni barchamizga nasib aylasin.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o ʻrta maxsus islom ta’lim muassasasi
1-kurs talabasi Abdusattorova Dilzodaxon