Jannatga hisobsiz kiruvchilar kimlar?
Tavakkul-lugʼatda “vakil qilish”soʼzidan olingan boʼlib,bir ishda boshqaga suyanishga dalolat qiladi. Yaʼni, oʼsha ishda oʼzi ojiz qolib boshqaga eʼtimod qilish tavakkal qilishdir.
Alloh taologa tavakkul qilish «Alloh mening rizqim va ishimga Oʼzi kafildir» deb qattiq ishonishdan iboratdir va Undan boshqani bunga
vakil qilmaslikdir.
«Tavakkul dunyo va oxirat ishlarida foydani jalb qilish va zararni daf qilishda qalbning Alloh taologa sidqidildan eʼtimod qilishidir», deydilar.
Ahli sunna va jamoa mazhabi boʼyicha, tavakkul qalbga va kasb aʼzolarga bogʼliq ish sabablarni ishga solmaguncha, tavakkul hosil
boʼlmaydi.
Tavakkul haqida kelgan hadisi shariflardan namunalar:
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sallollohu alayhi vasallam: «Mening ummatimdan yetmish mingi jannatga hisobsiz
kirurlar. «Ular dam solishni talab qilmaydiganlar, shumlanmaydiganlar, tamgʼa qizdirib bosmaydiganlar va Robbilariga tavakkul qiladiganlar», dedilar». Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilgan.
Demak, jannatga hisobsiz kiradiganlardan boʼlish uchun toʼrt sifatga ega
boʼlish kerak ekan;
1.«dam solishni talab qilmaydigan»
2. «shumlanmaydigan»
3. «tamgʼa qizdirib bosmaydigan»
4. «Robbilariga tavakkul qiladigan»
Hamma narsada faqat Alloh taologagina suyanadigan. Ana oʼsha toʼrt sifatni oʼzida mujassam qilgan kishi jannatga hisobsiz
kiradigan yetmish ming kishi ichida boʼlar ekan.
Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sallollohu alayhi vasallam: «Agar sizlar Allohga haqiqiy tavakkul qilganinigizda och ketib toʼq qaytadigan qushdek rizqlangan boʼlur edingiz», dedilar». Termiziy,
Ahmad va al-Hokim rivoyat qilgan.
Bu hadisi sharifda agar bandalar Alloh taologa haqiqiy tavakkul qilsalar,suyansalar ularga xuddi hech qanday jamgʼarmaga ega boʼlmagan qushlarga kerak boʼlgan paytda kerakli rizqni bergani kabi ularga ham rizq berishi turgan gap ekanligi haqida soʼz ketmoqda.
Oʼylab koʼradigan boʼlsak, ertalab uygʼongan har qanday qush qorni ochib qorni ichiga qapishgan holda boʼladi. Shu bilan birga uning hech
qanday jamgʼarmasi ham koʼzga olib qoʼygan rizq manbasi ham boʼlmaydi. Ammo u rizq topish maqsadida uyasidan chiqadi. Maʼlum
vaqt oʼtgandan keyin qarasangiz qorni qappayib qaytib kelayotgan boʼladi. Dunyodagi barcha hayvonotlarning holi shu. Agar bandalar
Alloh taologa haqiqiy tavakkul qilsalar ularga ham gʼaybdan rizq berishi turgan gap. Gap faqat qush uyasidan chiqib oʼz rizqini topishga harakat qilganidek bandalar ham kerakli harakatni qilmogʼi kerak. Alloh taolo hatto qushlarga va qurt qumursqalarga ham oʼzlari harakat qilmasalar ularning rizqini yotgan joyiga olib kelib bermaydi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi «Ey Allohning Rasuli, (ulovimni) tushovlab turib tavakkul qilaymi yoki qoʼyvorib tavakkul
qilaymi?» dedi. Bas, u Zot «Uni tushovlab turib keyin tavakkul qil» dedilar». Termiziy rivoyat qilgan. Bu hadisi sharifdan tavakkul qilish bilan birga sabab boʼladigan ishlarni ham puxta ravishda olib borish lozimligi kelib chiqadi. Chunki tavakkul qalb ishi, bu narsa bandaning qalbiga, niyati va eʼtiqodiga bogʼliq amal.
Voqelikdagi ishlarning yuzaga kelishi esa Alloh taolo tomonidan jismga va uning aʼzolarining amaliga bogʼliq qilingan.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Yaman ahli hajga ozuqa olmay kelishar, biz tavakkul qiluvchilarmiz, deyishar edi. Makkaga
kelgandan soʼng odamlardan tilanchilik qilishga tushishardi. Bas, Alloh taolo: «Ozuqa oling, eng yaxshi ozuqa taqvodir»ni nozil qildi». Buxoriy
va Abu Dovud rivoyat qilgan. Boshqa bir rivoyatda, yamanliklar «Allohning uyini haj qilamiz-u, bizni och qoʼyarmidi», deyishar ekan. Bu, albatta, har bir narsaga tayyorgarlik koʼrib yurishga buyuradigan Islom taʼlimotiga xilofdir. Shu bilan birga bu ish hajini Allohga minnat qilishga kiradi. Shuning uchun ham Alloh taolo ham ruhiy, ham moddiy ozuqa bilan ozuqalanib olishga amr qilmoqda. Shu bilan birga haqiqiy ozuqa maʼnaviy ozuqa boʼlib u taqvo ekanini yana bir bor eslatib qoʼymoqda.
Tavakkulning foydalaridan:
1. Tavakkul iymonning kamolidandir.
2. Tavakkul islomning goʼzalligidir.
3. Tavakkul shaytondan muhofaza qiluvchidir.
4. Tavakkul yomon odamlardan muhofaza qiluvchidir.
5. Tavakkul shariat chegarasida turishdir.
6. Tavakkul haromga yurmaslikdir.
7. Tavakkul odamlar bilan talashishni tark qilishdir.
8. Tavakkul odamlar qoʼlidagi narsaga tamaʼ qilishdan saqlaydi.
9. Tavakkul xotirjamlikdir
10. Tavakkul barqarorlikdir.
11. Tavakkul Allohga va Uning Rasuliga itoat qilishni roʼyobga chiqaradi.
12. Tavakkul Alloh taoloning rizosini yuzaga chiqaradi.
Tayyorladi: 3-kurs talabasi Tojieva O
Ma’sul ustoz: Uraimova Sh