Vaqf...
Vaqf – Islom shariatiga Qur'on, Sunnat va ijmo bilan sobit bo‘lib kirgan mustahab amal.
Vaqf so‘zi lug‘atda «tutib turish», «to‘xtatish» ma'nolarida keladi.
Vaqf - narsani Alloh mulki hisobida saqlashdir. Ya'ni,vaqf qilingan narsa vaqf qiluvchining mulkidan chiqadi va Alloh mulkiga aylanadi. Vaqf qilingan narsadan keladigan foyda vaqf qiluvchi tomonidan belgilangan manzilga (masalan,talabalar,musofirlar, kambag‘allarga)sarf qilinadi va savobi vaqf qiluvchiga abadiy bo‘ladi,hatto o‘limidan keyin ham yetib turadi. Vaqf qilingan narsa sotilmaydi,hadya qilinmaydi, meros bo‘lmaydi.
Vaqf – sadaqa emas,sadaqa bir narsani infoq qilish bilan sodir bo‘ladi. Vaqf – o‘sha narsani aynini ushlab turgan holda,foydasini eng go‘zal suratda sarflab borishdir. Buning savobi vaqf qiluvchining o‘limidan keyin ham unga yetib turadi.
Vaqf — musulmon mamlakatlarida davlat yoki ayrim shaxslar tomonidan diniy ehtiyoj yoki xayriya ishlari uchun ajratilgan mol-mulkdir.
U o‘z ichiga ko‘chmas mulk(bino va inshootlar,ekin maydonlari) va ko‘char mulkni(asbob-uskunalar, stanoklar,qurol-yarog‘lar) oladi. Ulardan foydalanganda, mulkning asli yo‘qolmaydi,ammo foydasi sarflanadi.
Vaqfning turlari – masjidlar, madrasalar,shifoxonalar, mehmonxonalar,zoviya - zikrxonalar,takyalar kabi muhtojlarga atalgan muassasalar, kambag‘alligi tufayli turarjoy qura olmaydigan,uy sotib yoki ijaraga ololmaydigan oila va shaxslarga atalgan turarjoylar,yo‘lovchi va muhtojlarga suv tarqatishga mo‘ljallangan quduqlar,kishilarga turli taomlarni tarqatadigan xayriya oshxonalari,yo‘l va ko‘priklar,ularni tuzatish bilan o‘z xizmatlarini taqdim qiladigan korxonalar,tashlandiq va yetim bolalarga atalgan,ularni yedirish, ichirish, kiyintirish,yashash joyi bilan ta'minlash,xatna qildirish bilan bog‘liq muassasalar,ko‘zi ojiz,shol va ojiz kishilarga atalgan, ularning huzur-halovat ila yashashlari uchun barcha kerakli narsalarni hozir qiluvchi muassasalar, qamoqdagilarga yordam beradigan, ularga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib beradigan muassasalar, oila qurishda qiynalib qolgan yosh yigit-qizlarga yordam qiladigan muassasalar,emizikli onalarni sut va qand bilan ta'minlaydigan xayriya muassasalari,idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yordam beradigan muassasalar, qarovsiz qolgan hayvonlarga yordam beradigan xayriya tashkilotlari ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Islomda vaqf misollari
Musulmonlarning xayriya ishlarining barchasiga dinimizdagi vaqflar haqidagi ko‘rsatmalar asos bo‘lgan. Mazkur xayriya ishlarini qilishda barcha musulmonlarga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning o‘zlari bosh o‘rnak bo‘lganlar. U zot turli kishilar tark qilgan yettita bog‘ni miskin faqirlar va hojatmandlar foydasiga vaqf qilganlar. Keyin u zotga Hazrati Umar, Hazrati Abu Bakr, Hazrati Usmon, Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, Muoz ibn Jabal kabi sahobalar ergashib katta miqdordagi vaqflarni qilganlar. Asta-sekin bu xayrli ish kengayib borgan va deyarli imkoni bor barcha sahobalar vaqflar qilganlar.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida va masjid bino qilishga amr qilganlarida: «Ey Bani Najjor! Men bilan mana bu bog‘ingizni baholashinglar», dedilar. «Yo‘q! Allohga qasamki, uning bahosini faqat Allohdan so‘raymiz», deyishdi.Bas, u Zot uni olib, masjid qurdilar».
Bu rivoyatda Bani Najjor qabilasi o‘zlariga mulk bo‘lgan bog‘ yerini masjid qurish uchun vaqf qilganlari haqida so‘z bormoqda.
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida u yerda Ruma qudug‘idan boshqa shirin suvli quduq yo‘q edi. Kim quduqni sotib olib o‘z chelagini musulmonlar chelagi bilan birga qilsa, unga jannatda yaxshiroq quduq berilur, dedilar. Shunda men uni o‘zimning asl molimdan yigirma besh yoki o‘ttiz besh ming dirhamga sotib oldim».
Hazrati Usmon roziyallohu anhu uni quduq qilib kovlatdilar,qurilish qildilar va musulmonlar uchun atab,vaqf qildilar.
Hozirgi musulmonlar ham bu ishlardan o‘rnak olishlari kerak. Chunki vaqf sadaqai joriya bo‘ladi, undan doimiy ravishda savob yetib turadi
Tayyorladi:Ortiqboyeva Maryam