ERLI AYOLGA UYLANISH
Islom shariatiga ko’ra erli ayolga uylanish mumkin emas. Bunday vaziyatda nikoh umuman bog’lanmagan bo’ladi.
Er-xotin bir-birlari bilan qancha vaqt uzoq birga yashamasalar ham ularning o’rtalariga taloq tushib qolmaydi. Hozirgi kunimizda diniy bilimlari yo’q bo’lgan yoki oz bo’lgan odamlarning er va xotinnig bir-biridan 4 oy uzoq qolishi sababli taloq tushgan bo’ladi va ayol kishi boshqa erga tegib ketsa bo’laveradi degan gaplarini eshitib turamiz.
Shariatimizda erli ayolning boshqa erga tegishi mumkin emasligi ochiq dalillar bilan keltirilgan.
Hattoki eri bilan ajrashganligi yoki eri o’lganligi sababli iddada o’tirgan ayolga uylanish ham mumkin emas. Uylanish mumkin emasligi nikoh bog’lanmasligi bilan bir qatorda bu ishning harom ekanligiga ham dalolatdir.
Bundan tashqari iddada o’tirgan ayolga sovchi bo’lish va iddasi tugaganidan keyin turmush qurishni rejalashtirib qo’yish ham katta gunoh sanaladi.
Alloh taolo Baqara surasida (135)
U ayollarga ishora ila sovchilik qilishingiz yoki uni o‘z ichingizda tutishingizda gunoh yo‘q. Alloh siz ularni, albatta, eslashingizni biladir. Lekin ular bilan xufyona va’dalashmang. Magar yaxshi gap gapirsangiz, mayli. Idda o‘z muddatiga etmaguncha, nikoh bog‘lashni qasd qilmang. Va bilingki, albatta, Alloh ichingizdagini biladi. Bas, Undan ogoh bo‘ling. Va bilingki, alabtta, Alloh mag‘firatli va halimdir.
Idda o‘tirgan ayolga boshqa erkak sovchi qo‘yishi yoki nikoh qilib olishi harom ekanligini o‘rgandik. Chunki u ayolda taloq qilgan erining to‘la haqqi bor bo‘lib, bu haq ayolning iddasi chiqqunchi sobit turadi. Eri unga qaytishga eng haqli odam bo‘ladi.
Ushbu oyatda esa, eri o‘lgandan keyin idda o‘tirgan ayolga sovchilik qilish haqida so‘z ketyapti. Avvalo, bunday ayolga ochiqdan-ochiq sovchilik qilish harom, chunki u azada–idda o‘tiribdi. O‘lgan erining hurmati bor, uning qarindosh urug‘larining ham dardiga dard qo‘shmaslik kerak. Lekin oyati karimaning ko‘rsatmasiga ko‘ra, eri o‘lib idda o‘tirgan ayollarga ochiq-oydin emas, ishora bilan sovchilik qilishda gunoh yo‘q.
«U ayollarga ishora ila sovchilik qilishingiz yoki uni o‘z ichingizda tutishingizda gunoh yo‘q».
Ishora bilan sovchilik qilish qanaqa bo‘ladi? Ishora bilan sovchilik qilish, «birorta munosib ayol topilsa, uylanmoqchi bo‘lib yuribman, ayol kishi bo‘lmasa, qiyin bo‘lar ekan», kabi so‘zlar bilan ishora qilishdir. O‘tgan azizlar ham shunday yo‘l tutishgan.
«Idda o‘z muddatiga etmaguncha, nikoh bog‘lashni qasd qilmang».
Jumladagi «qasd» so‘ziga alohida urg‘u berilyapti. Bu degani, idda ichida nikoh qilish u yoqda tursin, uni qasd qilishga ham ruxsat yo‘q, deganidir. Kim idda vaqtida nikoh qilsa, uning nikohi buziladi. Oralari ajratib yuboriladi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkin, erli ayollarga uylanish mutlaqo mumkin emas. Bunday nikoh bog‘lanmaydi.
Xuddi shu kabi iddada o‘tirgan ayollarga ham uylanish va sovchi qo‘yish mutlaqo nojoizdir.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta
maxsus islom ta’lim muassasasi
katta o’qituvchisi S.Ibragimova