Insondagi botiniy odoblar bayoni
Insondagi botiniy odoblar bayoni
Albatta, inson faqat go‘zal hulqi orqali Alloh taologa suyukli, amallarda bardavom va insonlarga suyukli bo‘lishi mumkin.Alloh taolo Rosululloh (s a v) ni Qur’oni Karimda:” وَإِنَّكَ لَعَلَىٰ خُلُقٍ عَظِيمٍ”, “ Va albatta, Siz ulkan hulqdadirsiz” deb ta’riflagan.Rosululloh (s a v) bizlar uchun barcha ishda o‘rnakdirlar.Biz ularning siyratlarini o‘rganib, ularning go‘zal hulqlari bilan hulqlanishga intilishimiz darkor.Rosululloh (s a v) dan:” Insonlarni eng ko‘p jannatga kiritadigan amal nima?”,-deb so‘ralganda, Ul-Zot:”Allohdan taqvo qilish va go‘zal hulqdir”, deb javob berganlar.Agar inson odobli bo‘lmasa, u ilmli bo‘lsin, u ilmining unga foydasi yo‘qdir.Buning uchun esa inson odobni o‘z qalbidan, ichki dunyosidan boshlashi lozim bo‘ladi.Insondagi botiniy odoblar bular: tazakkuri mavt (o‘limni eslash); robita; huzur; vuqufi qolbi; vuqufi zikriy; vuqufi adadiy kabi odoblardir.
1.O‘limni eslash.Rosululloh (s a v:)”Lazzatlarni sizlardan kesib olgan o‘limni ko‘p-ko‘p eslanglar” deb marhamat qilganlar.Tazakkkuri mavt bu o‘limni va undan keying holni tafakkur qilish, his qilishga harakat qilishdir.O‘limni ko‘p eslasa, inson o‘z nafsini tarbiyalashi ham oson bo‘ladi.CHunki, o‘limni eslagach, yaxshi, solih amallar qilishga, kitobini savoblar bilan to‘ldirishga, o‘‘z hayotini to‘g‘ri boshqarib, uni tartibli qilishga urinadi.
2.Robita.Bu murshidi komilni hayolan tasavvur qilishlik, Ul Zotning oldilarida o‘tiribman, deb o‘ylashlik, o‘zini shunga ko‘ra tutishlikdir.Buning usuli tavozu’ va hokisorlik bilan, odobli bir holatda murshidining ko‘rinishini hotiraga keltirib, fayz manbayi bo‘lgan ikki qoshlariga ro‘baro‘ bo‘lib o‘tirgan bo‘lib, go‘yo Ul Zotdan fayz talab qilishlikdir.Ikki qoshning o‘rtasi:Nuri Muhammadiy (s.a.v) jo bo‘lgan joydir.U er fayz eri va nur nozil bo‘ladigan joydir.Robitaning shar’an joiz ekaniga ko‘plab dalillar bor.”Ihyo ulumud-din” kitobining namoz bobida namoz o‘qigan odam:”Ey Allohning Rasuli, Sizga Allohning rahmati va barokatlari bo‘lsin!” deganda, qalbida Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v) ning muborak ko‘rinishlarini, siymolarini gavdalantirmog‘i, Ul Zotga bu xitobning hushu’ bilan bo‘lmog‘i lozim ekanligi aytilgan.Bu Rasuli Akram (s a v) ga robita demakdir.
3.Huzur.Bu mosuvoni tark qilishlikdir.Ayniqsa, mosuvo jumlasiga kiruvchi dunyo muhabbati har bir mo‘minning qalbidan albatta chiqishi kerak. Rosululloh (s a v) :”Dunyo muhabbati barcha hatoning boshidir”, deganlar.Din bilan dunyoning jam qilinishi zid narsalarning jam qilinishiga o‘xshaydi.Dunyoni deb oxiratni, oxiratni deb dunyoni tark qilish kerak emas.Lekin, dunyoviy ishlarda shari’atning hukmlariga muvofiq harakat qilish, shari’atda belgilangan chegaradan chiqmaslik kerak.
4.Vuqufi Qalbiy.Buning ma’nosi qalbning Haq subhanahu va taolodan ogoh va uyg‘oq bo‘lishidan iboratdir.Bunda qalb asl maqsad bo‘lgan Haqqa bog‘lanadi.CHunki, qalb hech qachon mashg‘ulotsiz qolmaydi.Qalb-bir nafis javhardirki, Olamlar Parvardigorining asror hazinalari va Olami Amrning nozik jihatlari va yashirin ma’nolari unda yashirindir.SHunday ekan, bu nozik javharni Alloh taolo toatida bardavom qilish zarur bo‘ladi.Agar qalb Alloh taolo muhabbati ila to‘lsa, butun vujud ibodatda bo‘ladi.Zero, zohiriy vujudning qiblasi Ka’ba bo‘lgani kabi, jon va ko‘ngilning Ka’basi qalbdir.
5.Vuqufi zikriy.YA’ni Alloh taoloning zikrida bardavom bo‘lish.Alloh taoloning o‘xshashi av tengi, sherigi yo‘q ekanligini va ham nuqson sifatlardan butkul pok, munazzahligini tafakkur qilgan holda zikr qilishidir.Kim tili bilan “Alloh” desa, qalbida ham Allohning yodi, muhabbati, shukri bo‘lsa, ikki olamda uning yordanchisi Allohdir.Kim tili bilan “Alloh” desa-yu, qalbida Allohdan boshqa narsa bo‘lsa, ikki olamda uning da’vogari Allohdir.SHuning uchun biz zikr bilan mashg‘ul bo‘lganimizda, ham tilimizda, ham dilimizda bo‘lishi kerak.
6.Vuqufi adadiy.Bunda zikrning sanog‘i, adadidan xabardor bo‘lish.Namozdan keying qilinadigan tasbehning 33 sanog‘iga muntazam rioya qilish shu boisdan sunnat bo‘lgandir.
Inson faqat ichki dunyosini to‘g‘irlabgina haqiqiy saodatga erisha oladi.Zero, qalb solih bo‘lsa, butun bir vujud sog‘ va solih bo‘ladi.Faqatgina Alloh va Uning Rasulining muhabbati bilan to‘lgan qalbga ega bo‘lgan inson-Alloh va Uning Rasulining sof va pok sevgisiga va jannatning eng oily darajasiga erishadi.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta
maxsus islom ta’lim muassasasi
xodimi M.Saidjalolov