26.09.2023
364

АLISHER NAVOIY IJODIDA HADIS VA “АRBAIN”NING YARATILISHIGA TURTKI BERGAN OMILLAR

Annotasiya. Ushbu maqolada Alisher Navoiy13-14 yoshga qadam qo‘yganida otasi hayotdan ko‘z yumgani, Uni Abulqosim Bobur o‘z tarbiyasiga olib, katta badiiy iste’dodi uchun g‘oyat muhim poydevor yaratib bergani, mutafakkirning she’riyatga kirib kelishi va hajm hijatdan kichik ammo, salmog‘i jihatidan yirik asari “Arbain” yaratilish omillari haqida fikr-mulohazalar keltirilgan.
Kalit so‘zlar. Mir Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, “Mukammal asarlar to‘plami”,  adabiyot, arba’in, XV asr adabiyoti, to‘rtlik, nazm, janr, guvoh, saylanma hadis, an’ana, odob-ahloq, «Chil hadis», Tarixchi Xondamir
Mamlakatimiz mustaqil taraqqiyot yo‘liga qadam qo‘ygach, barcha sohalarda ko‘plab o‘zgarishlar amalga oshirildi. Shu jihatdan olganda din, xususan islom dinini asl manbalar asosida ilmiy o‘rganish, keng yoritib berish uchun imkoniyat yaratib berildi. Maʼlumki, adabiyot asrlar osha insonning maʼnaviy qiyofasini yuksaltirishga, go‘zal axloqlarni shakllantirishga, ularda kelajakka umid va ishonchni tarbiyalashga xizmat qilgan. Mustaqillik davridagina adabiyotga xolisona baho berila boshlandi. Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan ko‘p asrlar mobaynida yaratib kelingan g‘oyat ulkan, bebaho maʼnaviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan nihoyatda muhim vazifa bo‘lib qoldi. Navoiy asarlarining anʼanaviy muqaddimalariga kirgan hamd, munojot, naʼt qismlari, shoirning diniy mavzudagi asarlari to‘laligicha yigirma jilddan iborat “Mukammal asarlar to‘plami” nomi bilan nashr etildi. Navoiyning dinga, tasavvuf taʼlimotiga munosabatiga doir o‘nlab maqolalar, ilmiy risolalar eʼlon qilindi. Uning asarlarini o‘rganish shoirning dunyoqarashini to‘g‘ri tushunishga, asarlarini xolis baholashga yordam beradi. Ulug‘ mutafakkir asarlarini istiqlol maʼnaviyatining tarkibiy qismi sifatida targ‘ib qilish barkamol avlodni tarbiyalashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. 
Аlisher Navoiyning boy va serqirra ijodi faqat o‘zbek adabiyotidagina emas, balki jahon adabiyotida ham salmoqli o‘ringa ega. Navoiy lirik, epik va falsafiy asarlari bilan XV asr adabiyotida chuqur iz qoldirdi. Ulug‘ adibning asarlari hayotlik davridayoq Xitoydan tortib Kichik Osiyogacha yetib bordi va hozirda butun dunyo xalqlari ham sevib o‘qishmoqda. Buyuk mutafakkir Аlisher Navoiy ijodida Islom diniga doir ko‘plab asarlarga duch kelamiz. Аniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, turkiy xalqlar tarixida hali hech kim o‘z tilimizda Islomni Navoiychalik targ‘ib qilgan emas. Tan olishimiz kerak bobokalon shoirimiz asarlaridagi islomiy talqinlarni hanuzgacha to‘liq o‘rganganimiz yo‘q.
Alisher Navoiy 10–12 yoshlaridan she’r yoza boshlagan. Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Alisher Navoiyning iste’dodidan mamnun bo‘lgan mavlono Lutfiy, uning: 
“Orazin yopqach, ko‘zimdin sochilur har lahza yosh,
Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘och quyosh”
matla’li g‘azalini tinglab: “Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim...” degan. Alisher Navoiy 15 yoshida shoir sifatida keng tanilgan. She’rlarini turkiy va forsiy tillarida yozadi.
Alisher Navoiy 13-14 yoshdaligida otasi hayotdan ko‘z yumadi. Uni Abulqosim Bobur o‘z tarbiyasiga olib, katta badiiy iste’dodi uchun g‘oyat e’zozlaydi. 1456-yil oktyabrda mamlakat poytaxti Hirotdan Mashhadga ko‘chiriladi, Abulqosim yosh Alisherni ham, o‘z xizmatida bo‘lgan Husayn Boyqaroni ham Mashhadga olib ketadi. 1457-yilning bahorida to‘satdan Abulqosim Bobur ham vafot etadi. Alisher Navoiy uchun bu, otasi vafotidan keyingi, ikkinchi og‘ir judolik bo‘ldi. U Mashhad madrasalaridan birida o‘qishini davom ettiradi. Do‘sti Husayn Boyqaro esa Marv va Chorjo‘y tomonlarga omad qidirib ketadi. Xurosonni temuriylarning yana bir vakili, Movarounnahr hukmdori Sulton Abu Said egalladi va poytaxtni Samarqanddan Hirotga ko‘chiradi. Husayn Boyqaroning taxtni egallash yo‘lidagi birinchi raqibi – Abu Said edi. Alisher Navoiy oilasining xohish-rag‘bati Husayn tomonda bo‘lib, bu avvalo, ularning oilaviy yaqinliklari bilan izohlanardi; bundan esa yangi hukmdor ham yaxshi xabardor edi. O‘rtadagi vaziyat esa Alisher Navoiy hayotini murakkablashtirgan.
Husayn Boyqaro taxtga kelgach, 1472-yilning fevral oyida uni o‘z saroyining bosh vaziri qilib tayinlaydi va unga “Amiri kabir” unvonini beradi. Alisher Navoiy yangi lavozimda butun kuchini mamlakatda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatishga qaratdi. Vaqf ishlarini tartibga solishga kirishdi. Shaharlarda savdo-sotiqni, hunarmandchilikni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. Alisher Navoiy sa’y-harakati bilan qishloqlarda dehqonchilik madaniyati o‘sib boradi. Shaharlar, xususan Hirot kun sayin obod bo‘la boshlaydi. Buyuk insonparvar Alisher Navoiy o‘rta asrdagi Uyg‘onish davrining boshqa ulug‘ zotlari singari butun hayoti bilan haqiqiy inson qanday bo‘lishi lozimligini ko‘rsatdi. U o‘z davridagi nohaqlikka, adolatsizlikka qarshi kurashdi, amaldorlarning o‘z vazifalarini suviste’mol qilishlarini va ta’magirliklarini fosh etdi, ojiz, muhtoj kishilarni o‘z himoyasiga oldi. Sulton Husayn Boyqaro podshohlik qilgan, Alisher Navoiy hukumatda bosh vazir vazifasini egallaganida hech bir mamlakatga qarshi bosqinchilik urushi olib borilmadi.
Xondamirning qayd qilishicha, 80 yillar davomida Alisher Navoiy o‘z mablag‘lari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 ko‘prik, 20 ga yaqin hovuz qurdirgan va ta’mirlattirgan. Ular orasida Hirotdagi “Ixlosiya”, “Nizomiya” madrasalari, “Xalosiya” xonaqohi, “Shifoiya” tibgohi, Qur’on tilovat qiluvchilarga mo‘ljallangan “Dorulhuffoz” binosi, Marvdagi “Xusraviya” madrasasi, Mashhaddagi “Dorul-huffoz” xayriya binosi va boshqa noyob me’morlik yodgorliklari bor.
Alisher Navoiyning o‘zbek tilidagi dastlabki yirik asarlaridan “Hiloliya” qasidasi Sulton Husayn Boyqaroga bag‘ishlangan bo‘lsa, forsiy tildagi birinchi yirik asari “Tuhfat ul-afkor” qasidasi Jomiyga bag‘ishlangan edi. 1470-yillarning oxirlarida Alisher Navoiy o‘zining o‘zbek tilida yozgan she’rlaridan iborat ilk devoni – “Badoye’ ul-bidoya”ni tuzdi. Mazkur devonda 777 g‘azal, 85 ruboiy, 52 muammo, 46 qit’a, 53 fard, 10 tuyuq, 10 lug‘z, 3 mustazod, 5 muxammas, 3 tarje’band, 2 musaddas bo‘lib, bunday mukammal devonni tuzish Navoiygacha kamdan-kam o‘zbek shoiriga nasib bo‘lgan. Alisher Navoiy “Badoye’ ul-bidoya” tuzilgandan keyingi davrda yozilgan o‘zbekcha she’rlari asosida 1480-yillarning oxirida “Navodir un-nihoya” devonini tuzdi. 1481-1482 yillarda Alisher Navoiy “Аrbain” - “ Chihl hadis” asarini yozadi. Bunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qirq hadisi to‘rtlik bilan she’riy ifodalab berilgan. 
Alisher Navoiy mansub adabiy hayotda she’riy janrlardan g‘azal, qasida, ayniqsa, muammo yozishga qiziqish kuchli edi. Alisher Navoiy forsiy devoniga 373 muammo kiritgan. Shunday adabiy mayllar tufayli 1485-yil muammo yozish qoidalari haqida maxsus “Mufradot” asarini yaratdi. Alisher Navoiyda o‘zbek tilida “Xamsa” – besh doston yaratish maqsadi yoshligidan bo‘lgan. Bu maqsadini 1483-1485-yillarda amalga oshirdi. Asar o‘zbek adabiyoti shuhratini olamga yoyib, jahon adabiyotining durdonalaridan biriga aylandi. “Xamsa”dan keyin Navoiy yana bir qancha asarlar yaratdi. 1485-yil o‘zining mashhur “Nazm ul-javohir” asarini yozdi, bunda birinchi xalifalardan bo‘lmish Hazrat Alining 266 ta hikmatli gapi ruboiy tarona (to‘rt misrasi ham qofiyalangan) shaklida bayon etilgan. O‘sha davr kitobxonlari, shu jumladan, tarixchi Xondamir bu asarni g‘oyat yuksak baholagan. Alisher Navoiyning insonparvarlik faoliyati, ilg‘or qarashlari, uning obro‘-e’tibori xalq orasida tobora ortib borishi o‘z manfaatlarini ko‘zlagan saroy ayonlari orasida norozilik tug‘dirdi. Ular shoir bilan podsho orasiga nifoq solishga urindilar. Natijada, 1487-yilda Husayn Boyqaro Alisher Navoiyni vazifasidan bo‘shatadi, bosh vazir vazifasini Muhammad Majdiddin egallaydi. Navoiy esa Astrobodga hokim qilib tayinlanadi.
Alisher Navoiy hamisha ko‘proq ijodiy va ilmiy ishlar bilan shug‘ullanish, bu boradagi rejalarini amalga oshirish xayoli bilan yashardi. Hayot esa uning rejalariga o‘z tuzatishlarini kiritar edi. 1488-yil Sayyid Hasan Ardasher, 1492-yil Jomiy, 1493-yil olim va shoir Pahlavon Muhammad birin-ketin hayotdan ko‘z yumdi. Navoiy o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan bu insonlar xotirasini abadiylashtirish, ularga o‘z hurmatini izhor etish uchun “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Pahlavon Muhammad” nomli risolalarini yozdi. Astrobodda yoza boshlagan “Tarixi mulki Ajam” asarini tugalladi. 1490-yil u o‘ziga zamondosh shoirlar haqida Jomiyning “Bahoriston”, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” asarlari shaklida “Majolis un-nafois” tazkirasini tuzishga kirishib, 1492-yilda tugalladi. Shu vaqtning o‘zida Alisher Navoiy o‘zbek tilida she’riyat nazariyasi, aniqrog‘i, aruz vazni qoidalari haqida “Mezon ul-avzon” ilmiy qo‘llanmasini yaratdi. 1494-yilda turkiy tildagi maktublarini to‘plab “Munshaot” majmuasini tuzdi. 1495-yil Jomiyning “Nafahotul-uns” asarini “Nasoyim ul-muhabbat” nomi bilan tarjima qilib, uni qayta ishlab, turkiy mashoyixlar haqidagi yangi ma’lumotlar bilan boyitdi. Shu boisdan “Nasoyim ul-muhabbat”ga Alisher Navoiyning mustaqil asari sifatida qarash mumkin. Alisher Navoiy 1491-1492-yillardan boshlab turkiy tilda yozilgan hamma she’rlaridan yangi, yig‘ma devon tuzishga kirishdi va bu ish 1498-1499- yilda nihoyasiga yetdi. Devonning umumiy nomi “Xazoyin ul-maoniy” bo‘lib, 4 qismdan iboratligi uchun “Chor devon” deb ham atalgan. Devon shoirning butun hayoti davomida yozilgan she’rlarini qamrab olgan, ularda Alisher Navoiyning barcha davrlaridagi kayfiyati, dunyoqarashi, orzu-umidlari ifodalab berilgan. Taxminan shu yillarda Alisher Navoiy forsiy she’rlaridan tashkil topgan “Devoni Foniy”ni, forsiy tildagi 2 qasidalar majmualarini tuzib, forsiy she’riyat taraqqiyotiga ham o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Xurosonda forsiyzabon xalqlar ko‘pchilikni tashkil etgani inobatga olinsa, Alisher Navoiyning bu tilda ham samarali ijod qilgani mamlakat ma’naviy ehtiyojini yaxshi his etganini bildiradi.
Alisher Navoiyning she’riy dahosi XV asr oxirlariga kelib yana jo‘sh urdi. U 2 yil mobaynida ikkita yirik asar – “Lison ut-tayr” dostonini va “Muhokamat ul-lug‘atayn” nomli ilmiy asarini yaratdi. Alisher Navoiyning so‘nggi buyuk asarlaridan yana biri nasriy pandnoma yo‘sinda yozilgan “Mahbub ul-qulub”dir. U Sharq adabiyoti tarixida Shayx Sa’diyning “Guliston”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Nizomiy Aruzi Samarqandiyning “Chor maqola” kabi asarlari qatorida turadi. Bu asarida Alisher Navoiy o‘zining hayot yo‘lini, boshidan kechirgan turmush mashaqqatlarini yorqin tasvirlab bergan. Alisher Navoiyning adabiy va ilmiy merosini 4 faslga bo‘lish mumkin: 1. Devonlari; 2. Dostonlari; 3. Forsiy tildagi she’riy merosi; 4. Ilmiy-filologik, nasriy va tarixiy asarlari.
Alisher Navoiyning o‘zbek tilida yaratgan she’riy merosi asosan “Xazoyin ul-maoniy” devoniga jamlangan. Asar to‘rt qismdan iborat. Devonning birinchi qismiga “Gʻaroyib us-sig‘ar”, ikkinchi qismiga “Navodir ush-shabob”, uchinchi qismiga “Badoe’ ul-vasat” va nihoyat, to‘rtinchi qismiga “Favoyid ul-kibor” degan nomlar berildi. “Xazoyin ul-maoniy”dagi 4 devonning har birida 650 tadan 2600 g‘azal, umuman 4 devonda 210 qit’a, 133 ruboiy, 86 fard, 52 muammo, 13 tuyuq, 10 muxammas, 10 chiston, 5 musaddas, 4 tarje’band, 4 mustazod, 1 musamman, 1 tarkibband, 1 qasida, 1 masnaviy, 1 soqiynoma mavjud bo‘lib, sharq she’riyatining 16 turi namoyondir.
“Lison ut-tayr” – Alisher Navoiyning so‘nggi dostoni “Xamsa”dan 14 yil keyin 1498-1499-yilda yaratilgan. Bu asarini shoir “Foniy” taxallusi bilan yozgan. Chunki bu davrda uning hayoti keksalikka yuz o‘girgan, aniqrog‘i, bu dunyosidan ko‘proq u dunyosini o‘ylay boshlagan edi. Mazkur asar bolaligida sevib o‘qigani – Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostoniga javob tarzida, shoirning o‘z ta’biri bilan aytganda, “tarjima rasmi bila” yuzaga keltirgan she’riy moʻjizasi edi.
Mustaqillik bizga barcha qadriyatlarimiz qatori Alisher Navoiy merosini o‘rganishning keng ufqlarini ochdi. Endilikda uning ijodini aslicha, mohiyatini tushunib o‘rganish imkoniyati yuzaga keldi. 1991-yilda Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi tantanali nishonlandi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti ta’sis etildi. Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i barpo etildi va bu bog‘ o‘rtasida shoirning salobatli haykali qad ko‘tardi. Shoirning 20 jildli mukammal asarlar to‘plami nashr etila boshlandi. Mamlakatimizda Alisher Navoiy xotirasi yuksak darajada e’zozlanadi.
Alisher Navoiy ijodiyotiga qiziqish, uni o‘rganish Yevropa va Rossiyada ham katta tarixga ega. Fransuz sharqshunosi Katrmer 1841-yilda bosilgan xrestomatiyasida Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” va “Tarixi mulki Ajam”ini e’lon qilgan, I.N. Berezin “Turk xrestomatiyasi”da uning bir necha asarlaridan parchalar bergan. M. Nikitskiy 1856-yilda birinchi manbalar asosida “Amir Nizomiddin Alisher. Uning davlat va adabiyot sohasidagi ahamiyati” mavzusida magistrlik dissertasiyasini yozadi.
Alisher Navoiyning “Аrbain”ini o‘rganar ekanmiz, unda asosan Islom axloqiga doir hadislar jamlanganini ko‘ramiz. Muallif unda ustozi Abdurrahmon Jomiy “Аrbain”ida keltirilgan hadislarning ayrimlarini olib, ayrimlari o‘rniga boshqa hadislarni tanlagan va avval har bir hadisning arabcha matnini keltirib, ketidan uning mazmunini she’riy to‘rtlik shaklida ifoda etgan. Bunda hadislar so‘zma-so‘z tarjima qilinmay, ularning umumiy mazmuni aks ettirilgan. Zero, hadislarni nazmda so‘zma-so‘z tarjima qilishning umuman imkoni yo‘q. Shu bois, muallif avval hadisning matnini berib, ketidan uning umumiy mazmunini badiiy uslubda bayon qilgan. Navoiy “Аrbain”ini yaratilishiga bir necha omillarni keltirish mumkin. Masalan:
–Ushbu uslubda asar yaratish islom olamida yaxshi bir an’anaga aylangan. Bunga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari asos va turtki bo‘lgan:
قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: من حفظ على أمتي أربعين حديثا في أمر دينها بعثه الله فقيها و كنت له يوم القيامة شافعًا و شهيدًا
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Kim ummatimga din ishlari borasida qirqta hadisni muhofaza qilib bersa, Alloh uni qiyomat kuni faqih qilib tiriltiradi hamda qiyomat kuni men unga shafoatchi va guvoh bo‘laman”.
– Albatta, Allohga itoat qilish Qur’onga itoat qilish bilan bo‘ladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish, hayotlik damlarida shaxslariga itoat qilish bilan bo‘lsa, U zot vafotlaridan keyin esa, sunnatlariga, hadislariga amal qilish bilan bo‘lib kelmoqda.
– Abdurahmon Jomiy “Аrbain” asarini 1481-yili arabchadan forschaga tarjima qiladi va ko‘zdan kechirib chiqish uchun Navoiyga taqdim etadi. Ustoz va shogird o‘rtasidagi bu ajoyib an’anaga atrofdagilar qoyil qolar edi, zotan Navoiyning ham yangi asarlarining birinchi o‘quvchisi Jomiy bo‘lar edi. Alisher Navoiy “Аrbain” asarini nazardan o‘tkazar ekan, uni turkiyga tarjima qilish niyati paydo bo‘ladi: “hamul “Аrbain”ga turkicha til bila tarjima orzusi ko‘ngulga tushti”. Alisher Navoiy buning uchun ustozi Jomiydan izn so‘raydi, natijada “Аrbain”ning turkiy tildagi tarjimasi vujudga keladi va avlodlarga arzigulik tuhfa tortiq etiladi. Alisher Navoiy qalamiga mansub “Аrbain” ham Jomiyning “Аrbain” asari kabi o‘sha 1481-yilning o‘zida yozib tugatilgan.
–Asar yozilishiga ayrim ulamolarning “Yetarli bilimga ega kishilar hadislarning ma’nolarini naql qilishlari mumkin” degan fikrlariga asoslangan ishdir…”.
–Navoiy ijodiga nazar tashlasak u faqatgina o‘zbek tili imkoniyatlari bilan chegaralanib qolmagan, balki boshqa tillardan ham unumli foydalangan. O‘tkir Hoshimov bu borada quyidagilarni qayd etadi:
“Olimlar hisoblab chiqishgan. Pushkin o‘z asarlarida 21197 ta betakror so‘z ishlatgan, Shekspir salkam 20 mingta, Servantes mingtaga yaqin. Alisher Navoiy esa 1 million az ming 660 ta betakror so‘z ishlatgan. Boisi, buyuk bobomiz faqat turkiy emas, forsiy, arabiy, urdu, xitoy, mo‘g‘ul va boshqa tillardagi so‘zlardan ham mahorat bilan foydalangan”.
– Musulmon sharqi mumtoz adabiyotida Аrbain yozish anʼanasi Navoiygacha ham boʻlgan. Аrbain arabcha “arbaʼ” yaʼni, “qirq” soʻzidan olingan boʻlib, qirqta mashhur, sahih hadis mazmunini sheʼriy vaznda, aniqrogʻi, bir ruboiyda ifodalash sanʼatini anglatgan. Bunday asarlar oddiy xalq vakillari hadislar mazmunini oson tushunishi va xotirasida uzoq saqlab qolishi uchun xizmat qilgan. Navoiy zamonida ham butun ulus, xususan, oddiy xalq ommasi arab tilini bilmagan va bu tilda yozilgan manbalarni tushunmagan. 
Navoiy asarning yozilish sababini quyidagicha izohlaydi:
Forsiydonlar aylabon idrok,
Oriy erdi bu nafdin atrok.
Istadimki, bu xalq ham bori,
Bo‘lmag‘aylar bu nafdin oriy.
Men demakni chu muddao aylab,
Ul ijozat berib duo aylab.
- Ulug‘ shoirning “Аrbain” asari nashri annotasiyasida aytilishicha, “Navoiyning “Аrbain” asari Abdurahmon Jomiyning shu nomdagi ta’lifining turkiy tarjimasidir. Jomiy solihona hayot uchun zarur, ammo sharh talab bo‘lgan qirqta hadisi nabaviyni tushunish va yodlash oson bo‘lshi uchun forschaga nazm yo‘li bilan tarjima qilgan va asli bilan birgalikda bir kitobcha holiga keltirgan. Navoiyga bu kitobcha ma’qul bo‘lib, Jomiyning ruxsati bilan uni turkiylashtirgan. Bu aytilganlardan ma’lum bo‘ladiki, Alisher Navoiy butun ijodida diniy ilmlardan oziqlangani, ularning ko‘pchiligini Qur’oni Karim va Hadislar hikmatiga tayanib, ilhomlanib bitgan va buning yorqin dalili mutafakkirning “Аrbain” asaridir.
Xulosa qilib aytganda Abdurahmon Jomiydek piri murshid nafaslarila “nizomul millati vad-din” muborak unvoniga molik bo‘lgan Navoiyning she’riy kulliyotini kudsiy oyatlar, hadislar bilan munavvar shohbaytlarsiz aniq va to‘liq tasavvur etish, uning fikriy teranliklarini, fasohat sirlarini tahqiq qilish imkonsiz. Afsuslar bo‘lsinki, necha o‘n yilliklar mobaynida ilohiy muqaddimot (hamdu na’t, sanoyu munojot) matni kabi ularning talqini, tahlili hukmfarmo dahriy mafkura ta’qibi va tazyiqiga uchragan, tahqirlangan edi. Shuning uchun ham muqaddas oyat, hadis kalimalari bevosita – ayniyatda yo bilvosita – harfi o‘zgargan, ruhi saqlangan holda “so‘z lavhi” – she’riy satrlar qatiga joylangan, biri biridan zarif-u daqiq baytlar haqida lom-mim deyilmay, beparvo munosabatda bo‘lindi. Bugun turli tabaqot-tariqotga mansub shoirlarning islomiy falsafa, axloq, fasohat tajallisi bo‘lgan boqiy satrlari singari, Navoiy she’riyatining ham bugungi istiqloliyat va amniyat havosidan erk va safo topdi. Bas, ularni baholi imkon sharhlab berish, qay darajada bo‘lmasin, tahqiq va tahlil qilish vaqti keldi. 
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1.  Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. – Toshkent.: Toshkent Islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi,  2004. 
2.  Shamsiyev P. (to‘plovchi), Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy, Toshkent, 1966.
3.  Tanlangan asarlar (3 jildli). Toshkent, 1948.
4.  Asarlar (15 jildli), 1—15-jildlar, Toshkent, 1963—1968.
5.  Sobr. soch. v desyati tomax, Tashkent, 1968-1970.
6.  Sharhul muslim: Nabaviy. Bayrut: Dorul ihya, 1392. B: 11/ 23
Internet ma’lumotlari
7.  www.ziyouz.com

 

Gulrux Maxamedova Abduqahhor qizi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat  
o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Ijtimoiy fanlar va kompyuter texnologiyalari fakulteti
Adabiy manbashunoslik va matnshunoslik kafedrasi tayanch doktoranti

Другие новости

KONSTITUTSIYA – MAMLAKATIMIZDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN DEMOKRATIK YANGILANISHLAR POYDEVORI.
08.12.2023 185
Mustaqil O'zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinishi ayni milliy qadriyatlarimizni, adolatli fuqarolik jamiyati, demokratik huquqiy davlat qurish, bozor munosabatlariga o'tish yo'llarini belgilab berdi.O'zbekiston Konstitutsiyasi huquqiy tizimimizning tayanch poydevoridir. Uning barcha qonunlarimiz uchun...
Подробнее
Jaholatga qarshi ma’rifat
19.11.2023 313
Bugungi kunda muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.Diniy bag‘rikenglik va millatlararo...
Подробнее
Bag'rikenglik millat tayanchi
08.11.2023 302
O'zbekiston zaminida qadim zamondan islom dini bilan boshqa dinlar yonma-yon yashab, rivojlanib va bu jamiyatning ma'naviy yuksalishiga muayyan hissa qo'shdi.Hozirgi kunga kelib, respublikamizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry