“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi talaba qizlari O‘zbek Milliy Akademik drama teatrining “Andishali kelinchak” nomli komediya janridagi spektakl namoyishida ishtirok etdi
Joriy yilning 25-oktyabr kuni ta’lim muassasasida “Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi” hamda ta’lim muassasasining yotoqxona ma’muriyati tashabbusi bilan ta’lim muassasasi talaba qizlari O‘zbek Milliy Akademik drama teatrining “Andishali kelinchak” nomli komediya janridagi spektakl namoyishida ishtirok etdi.
Zero, teatr ma’rifat ulashuvchi, sahna va tomoshabin o‘rtasida jonli muloqot o‘rnatuvchi maskan bo‘lib, bu dargohda yuksak fazilatlar hamda umuminsoniy g‘oyalar tarannum etishini inobatga olgan holda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Erkin Xushvaqtov muallifligidagi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Munavvara Abdullayeva tomonidan sahnalashtirilgan komediya janridagi “Andishali kelinchak” spektakliga tashrif buyrildi. O‘zbekistonda va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilnoza Kubayeva, aktyorlar Avazxo‘ja Qodirov, Feruza Boboyorova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hamid Toshpo‘latov ijrosidagi bu spektakl talabalar tomonidan yorqin taassurotlarga boy bo’ldi.
Ta’lim muassasasida ayol-qizlar tahsil olishini inobatga olgan holatda ushbu spektakl mavzusi talaba qizlar hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Islom dini shariatida Allohning moʻjizalaridan biri shuki ayollar erkaklar uchun, erkaklar ayollar uchun yaratilgan degan tamoyil muhim o’rin tutadi. O‘zga xonadonga kelin bo‘lib tushgan qiz o‘zini umr yo‘ldoshiga ham, qaynota-qaynonasiga ham tavozeli, kamtar tutishi, samimiy xushmomilada bo‘lib xizmatini qilishi lozim. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Qaysi bir ayol erini rozi qilgan holda dunyodan o‘tgan bo‘lsa, albatta u ayol jannatidir”, deganlar. Erkak esa yaqinlari hurmat qilinganida, hursand bo’lganida, oilada tinchlik hukm surganidagina rozi bo’ladi. Namoyishdan so’ng talaba qizlardan spektakl borasidagi fikr-mulohazalari haqida o’rtoqlashishlari so’ralganda, ular yosh kelinchaklarni baxtli bo‘lishlariga monelik qiladigan asosiy sabablardan biri qaynonalari bilan til topisha olmasliklari ekani, bundan tashqari kelin borgan joyida kuyovning yaqinlarini o‘z yaqinlaridek qabul qilib yaxshi ko‘rolmas ekan, ular ham o‘z qizidek ko‘rolmasligi, oilada baxt va saodat bo‘lmasligini, ayol kishini andisha, sabr, toqat, itoatkorlik, samimiylik, xush muomalalik, tavozelik kabi sifatlar bezab turishini ta’kidladilar. Xulosa qilib aytganda, bugungi namoyish barchaga xush kayfiyat, maroqli hordiq, olam-olam taassurot va foydali xulosalar chiqarishga sabab bo’ldi.
“Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi” boshlig‘i G.Maxamedova