Mushkulkushod, Bibiseshanba, Isiriq, Holvaitar kabi marosimlarning mohiyati va talqini
So‘nggi vaqtlarda ayollar orasida Bibi Seshanba , Mushkulkushod kabi marosimlarni tez-tez o‘tkazish odat tusiga kirgan Bibi seshanba o‘zi kim? Marosimlarda qilinayotgan amallar shariatimizda joizmi? Turli marosimlar uchun asos bo‘layotgan adabiyotlardan biri Qissai Bibi Seshanba haqidagi kitobdir.Undagi qissaga ko‘ra, bir yetim qiz o‘gay ona qo‘lida xorlik tortar ekan. Onasi har kuni qizning qo‘liga paxta berib: "Paxtani yigirib, sigirni o‘tlatib kel!",- der ekan. Ip yigirmay kelgan kun o‘gay ona qizga ko‘p azob-uqubatlar berar ekan. Bir kuni qiz sigirini olib, paxtani yigirish uchun ketayotganda sigir qochib bir ģorga kirib ketadi. Qiz ham sigirini ketidan g‘orga kirgan edi, u yerda bir ayolga ko‘zi tushadi. Qiz salom berib kiradi. Bibi salomiga alik olib, ahvolini so‘raydi. Qiz ma’yuslik bilan ahvolini gapirib beradi. Shunda Bibi Men seni duo qilaman mushkullaring yengillashadi sen esa meni yo‘qlab turgin deb tayinlaydi. Qiz tez-tez kelib yo‘qlab turadi. Kunlardan bir kun u qiz yashaydigan shahar kattalaridan birining to‘yiga bormoqchi bo‘lganda Bibi jannatga qo‘l uzatib, jannatdan kiyim-kechaklar olib beribdi. Qiz to‘yda o‘gay onasini ko‘rib qolib, u yerdan chiqqanda kavushi tushib qoladi kavushini topib olgan to‘y xonadoni o‘g‘li kimga bu kavush to‘g‘ri kelsa, unga uylanishini aytadi. Xullas kovush qizga to‘g‘ri keladi va qizga uylanadi. Bibi qizga vasiyat qilib: "Mehnating rohatga, mashaqqating davlatga aylandi. Meni haqqimga taom qilib, bu qissani bayon qilib tur",- deb tayinlaydi.
Ushbu qissa mashhur Zumrad va Qimmat yoki Zolushka ertaklarini eslatadi. Qissai Bibi Seshanba shu ertaklar asosida to‘qib chiqarilgan bo‘lishi mumkin.Bir necha tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Bibi seshanba kelib chiqish mohiyatiga ko‘ra, ma’buda ramzi bo‘lib, uning ildizi O‘rta Osiyo va O‘rta Sharqda Islom dini kelguniga qadar keng yoyilgan ma’buda Anaxita (Nohid)ga borib taqaladi. Anaxita dehqonchilik va chorvachilik, hosildorlik va pishiqchilik ma’budasi hisoblanib, go‘yo uning qudratiga inson va hayvonlar, qushlar va barcha jonivorlar ham bo‘ysungan deb hisoblanar edi. Shu tariqa Bibi mushkul kushod ya’ni kishini har qanday mushkuldan xalos etuvchi Ona obraziga aylangan. Mushkulkushod bid’at! Mamlakatimizning ko‘pgina viloyatlarida yashovchi aholi orasida Mushkulkushod va Bibi Seshanba marosimlari saqlanib qolgan. Bu marosimlar bid’at marosimlardan bo‘lib, ayollarning xurofiy tasavvurlaridan kelib chiqqan odatlardir.
Marosimlar asosan, ayollar orasida mushkulni oson qilish maqsadida, ish yurishmay qolsa, qiz yoki yigitga tengi topilmay qolganda, homilador ayollarning eson-omon qutilib olishlari uchun yetti chorshanba mushkul kushod o‘qitiladi. Mushkulkushod o‘qitishda bu marosimni qiluvchi ayol non, mayiz, qand, choy va boshqa narsalarga dam urib beradi. Dam solingan choyni damlaganda qaytarib bo‘lmaydi, dami ketadi, deb ham noto‘g‘ri e’tiqod qilinadi.
Bunday bid’at va xurofotlarni el orasida tarqatishda folbinlar ham yetakchilik qilishadi. Mushkullaringizni bartaraf qilish uchun albatta, "Mushkulkushod qildirib yuboring",-degan quruq safsata bilan boshiga mushkul ish tushgan mijozlariga tavsiya beradi.
Mushkulkushod so‘zi "Qiyinchiliklarni ochuvchi" , "Muammolarni bartaraf etuvchi" ma’nosini anglatadi. Omma xotin-qizlar tasavvurida Mushkulkushod odamlar "Mushkulini oson qiluvchi", "Muammolarini bartaraf etuvchi", "Baxt, omad va boylik keltiruvchi" avliyo xotindir.
Mushkulkushod marosimi haligacha o‘zbek xalqi orasida saqlanib kelmoqda va bu islomiy marosim degan nomda nishonlanadi. Aslida, uning Islom bilan hech qanday aloqasi yo‘q.
Ba'zi sodda ayollar mushkulkushod marosimida Qur’on o‘qiladi, hadis aytiladi deb o‘zlariga tasalli bermasinlar. Sababi bu nomiga qilinadigan ishlar. Aslida, marosimning asosini ruhlardan madad so‘rash, folbinlik qilish, tumorlarga dam solish, issiq-sovuq qilish kabi mardud amallar tashkil qiladi.
Tayyorladi: 1-kurs talabasi Habibullayeva Oisha
Masul ustoz: Gulrux Mansur