Ayol ma’rifati – jamiyat baxti
Oila deb atalmish muqaddas qo‘rg‘onning ziyosi bo‘lgan ayollar azaldan vafoli yor, mehribon ona, oila boshlig‘ining asosiy maslahatchisi sifatida qadrlanib kelganlar. Onalik naqadar mas’uliyatli va sharafli maqom ekanini ayniqsa sharqning fidoyi ayollari timsolida ko‘rishimiz mumkin. Jahonni qalam bilan tebratgan Alisher Navoiydaek, zaminimiz dong‘ini etti iqlimga taratgan Imom Buxoriydek, dunyoga tibbiyot qonunini taqdim etgan Ibn Sinodek zabardast allomalarimizning onalari qanday fidoyi bo‘lishgan ekan? Ular farzandlarini har tong qanday so‘zlar bilan uyg‘otib, har tun qanday allalar bilan uxlatgan ekan? Farzandlariga dastlabki muallima bo‘lgan bu onalar qo‘llariga omonat o‘laroq tuxfa etilgan farzandlari haqqiga qanday duolar qilgan ekanlar?
Zero dunyo yuzini ko‘rgan go‘dak eng avval onasini taftini his qiladi. Ko‘zlari har on onasini axtaradi, quloqlari onasining shirin ovozini, burni esa onasining iforini izlaydi. Bola ulg‘ayib borar ekan o‘rganishi kerak bo‘lgan nimaiki bo‘lsa onasi bilan o‘rganadi. Onasining xatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatadi. Onaning to‘g‘ri degani to‘g‘ri, noto‘g‘ri degani bola nazdida ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Qarangki, agar ona botilni haq, haqni botil deyayotgan bo‘lsachi?! Alloh saqlasin… demak farzand tarbiyasining go‘zalligiyu, farzandning muvaffaqiyati uning ilk muallimi bergan tarbiya bilan chambarchas bog‘liq. Agar onalar dunyoyu din ilmini mukammal o‘zlashtirgan, uning amalini jismiga jo aylagan ilmu ma’rifat sohibasi bo‘lsa u jamiyatga nafaqat shu jamiyat uchun balki butun bir millat uchun manfaatli bo‘lgan zuriyodlarni taqdim etadi.
Shu o‘rinda biz buyuklarga ona bo‘lishdek baxtga muyassar bo‘lgan onalarimiz va ularning go‘zal tarbiya usullari haqida zikr qilmoqchimiz…
Butun dunyo tan olgan, hadis ilmida amiyrul-mo‘minin maqomiga sazovor bo‘lgan zot Imom Buxoriy hazratlari yoshliklaridanoq otalaridan etim qolganlar. U zotining onalarining ismi biror manbada uchramaydi. Duosi maqbul, ibodatda qoim ayol ekanliklari ma’lum va mashhurdir. Bandaning duolari qachon maqbul bo‘ladi? U duolari qabul bo‘ladigan darajaga etishishi uchun gunoh va ma’siyatlarni tark etgan, Allohga muqarrab bandalar qatoridan joy olgan bo‘lishi lozim. Ma’lumki Imom Buxoriyning ko‘zlari yoshligida ojiz bo‘lib qoladi. Onalari Allohga to‘xtovsiz iltijo qilib yolvoradilar. Bir kuni tushida hazrati Ibrohim alayhissalomni ko‘radi. Ibrohim alayhissalom unga: «Ey xonim, Alloh o‘g‘lingning ko‘zlariga sening to‘kkan ko‘z yoshlaring va Allohga duo qilganing hurmati uchun qayta nur baxsh etdi», – deydi.
«Agar duo-iltijolaringiz bo‘lmasa, Robbim sizlarga hech qiymat bermas.» («Furqon» surasi, 77-oyat).
Tushida “duolaring ijobat bo‘ldi” deya xushxabar bergan Ibrohim alayhi salomni ko‘rishdek maqomga sazovor bo‘lgan ona qanchalik taqvo va tarbiya sohibasi bo‘lgan ekanlar…
Imom Buxoriy 16 yoshga kirganida onalari u zotni va akalarini olib Makkaga safar qiladilar. Safar so‘ngida ilm talabidagi Imom Buxoriyni u erda qolidirib qaytib keladilar. Farzandi ilm olishi uchun undan olisda bo‘lishga, farzandiga bo‘lgan sog‘inchga yillar davomida chidab yashashga onani ko‘niktirgan narsa nima bo‘lishi mumkin. Albatta ilmga muhabbat, tarbiya va go‘zal axloq.
Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Tarbiya beruvchining o‘zi avvalo tarbiyalangan bo‘lishi kerak” deya naqadar haq so‘zni aytganlar. Demak ayolning tarbiyasi, ma’rifati va fidoyiligi jamiyatga asrlar osha millat nomini aziz qiladigan farzandlar taqdim qilishda asosiy omil vazifasini o‘taydi.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta
maxsus islom ta’lim muassasasi
o’qituvchisi Axmedova Muatta