Tinch kuning – baxtli kuning
Alloh taolo insonni aziz va mukarram qilib yaratdi va uni cheksiz ne’matlariga g’arq qilib qo’ydi. Berilgan ne’matlar ichida eng buyuk ne’mat bu – tinchlik va osoyishtalikdir. Insoniyat tarixiga nazar solar ekanmiz, qay bir hududda tinchlik osoyishtalik hukm surgan bo’lsa, uning gullab yashnaganiga guvoh bo’lamiz. Qaysi jamiyat taraqqiyot cho’qqilarini zabt etgan bo’lsa, buning asosiy sababi - uning tinch va osoyishta bo’lganidir. Aksincha, biror jamiyat tanazzul va inqirozga yuz tutgan bo’lsa, uning bunday holga tushish sababi ziddiyatlar va notinchliklardir.
Zero, habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanini ta’kidlab shunday deganlar:
(نِعْمَتاَنِ مَغْبُونٌ فِيهِمَا كَثِيرٌ مِنَ النَّاسِ، اَلصِّحَّةُ وَ الْفَرَاغُ (رواه البخارى
“Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U- xotirjamlik va sihat-salomatlik”. (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Tinchlik hukm surgan diyorda insonlar o’zaro bir-birlariga mehr-muhabbatli bo’ladilar. Xotirjam bo’lgan qalblar samimiyat va o’zaro muruvvatga oshno bo’ladi. Yer yuzida hayotning bir maromda kechishi va insonlarning Alloh taolo buyurgan buyruqlariga og’ishmay amal qilishlari uchun tinchlik muhim omil hisoblanadi.
Alloh taolo Qur’oni karimda tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlab, shunday deydi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!…! (Baqara surasi, 208-oyat).
Jamiyat faollarining oldida turgan eng sharafli vazifa bu - o’sib kelayotgan yosh avlodga tinchlik, osoyishtalikni qadrlashni va shukrini go’zal tarzda ado etishni o’rgatmoqlikdir. Qolaversa, Vatan uchun o’zi makon tutgan zamin uchun tinchlik so’rab duo qilish bizga o’tgan payg’ambarlardan qolgan meros desak ham mubolag’a bo’lmas. Zero, Ibrohim (a.s) o’z vatanlari bo’lgan Makka shahriga tinchlik va uning ahliga rizq so‘rab duo qilganlari so‘zimizning yorqin misolidir. Bu haqida Qur’oni Karimda shunday deyilagan:
وَإِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّ اجْعَلْ هَذَا بَلَدًا آمِنًا وَارْزُقْ أَهْلَهُ مِنَ الثَّمَرَاتِ مَنْ آمَنَ مِنْهُمْ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ قَالَ وَمَنْ كَفَرَ فَأُمَتِّعُهُ قَلِيلًا ثُمَّ أَضْطَرُّهُ إِلَى عَذَابِ النَّارِ وَبِئْسَ الْمَصِيرُ (126)
Ya’ni: “Eslang: Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” (Baqara;126).
Global muammolar va mafkuraviy ziddiyatlar avj olgan ayni zamonda ona vatanimiz tinchligi uchun ma’naviy va jismoniy jihatdan hissa qo’shish har birimizning birlamchi vazifamizdir. Bu nafaqat o’zgalarni tinchlik shukrini mukammal ado etishga chaqirish, balki tinchlik sababli ato etilgan behisob imkoniyatlardan samarali foydalana olishda ham namoyon bo’ladi. Ibrat nazari bilan jahon sahnasini kuzatar ekanmiz, tuprog’ida tinchlik nuri so’ngan diyorlar zimiston aro qolganiga guvoh bo’lamiz. U yerlarda na bahor bor, na beg’ubor yoshlik…
Shunday ekan, har birimiz ona zaminimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylashga, uning davomiyligi uchun har lahza sergak va ogoh bo’lishga birdek mas’ulmiz.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus
islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
Axmedova Muattar