KIBERHUJUMLAR XAVFI
Biz har kuni to‘qnashadigan hayotimizning asosiy bir jihati: ko‘chaga chiqishda eshikni qulflaymiz, qimmatbaho narsalarimizni begona ko‘zlardan berkitamiz va hamyonimizni duch kelgan joyda koldirmaymiz. Bu «raqamli dunyoga» ham taalluqli, chunki har bir foydalanuvchining telefoni, noutbuki, kompyuteri yoki ijtimoiy tarmoqlardagi profili, kanali yoki guruhi, shuningdek, internet makonidagi sayti, hatto “bulutli” makondagi axborotlari ham karokchi xujumiga nishon bo‘lishi mumkin. Oddiy bir tashkilot binosining kirish yulida bizni korovul yoki kirishni chegaralovchi va nazoratlovchi tizim karshi oladi. Axborotni himoyalash esa hali ko‘ngildagidek emas. Axborotni qanday yo‘qotish mumkinligini va bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini hali xam hamma tushunavermaydi. Qizig‘i shunda-ki, foydalanuvchilar o‘zining yuqorida sanab o‘tilgan qurilmasini yoki axborot makonini muayyan nishon deb hisoblamaydilar, ular o‘zlarini yaxshigina himoyalangan deb tasavvur qiladilar. XXI asrda yashovchi har bir inson hayoti davomida axborot texnologiyalaridan u yoki bu darajada foydalanar ekan, shaxsiy ma’lumot va hujjatlariga birinchi navbatda o‘zi javobgar hisoblanadi. Bu nima degani? Keling, shu haqida biroz gaplashamiz.
Agar siz savdo-sotiq va marketingga aloqador shaxs bo‘lsangiz, hozirgi kunda sizda albatta Telegram, Instagram yoki Feysbuk kabi ijtimoiy tarmoqlarda savdo darchangiz yoki internetda ish yurituvchi saytingiz bo‘lishi tabiiy hol. Bu holda sizdan mijozlar ruyxatini o‘g‘irlash, bank kartochkangizdan pulingizni echib olish, tarmog‘ingizga preyskurantlardan foydalanish maksadida kiruvchi raqiblar, tarmog‘ingizga joylashtirgan ma’lumotlarni o‘g‘irlovchi firibgarlar, tarmog‘ingizni ta’magirlik maksadida buzuvchilar va shu kabilar haqida ham ma’lumotga ega bo‘lishingiz kerak bo‘ladi. Ammo, vahimaga o‘rin yo‘q. Birinchi navbatda kundalik ehtiyoj choralari ko‘rilishi lozim. Axborotga ega bo‘lishning eng ommabop usuli bu – oddiy o‘g‘rilik. Siz ish stolingizda kechagina olgan mo‘maygina pulingizni koldirib ketmaysizku to‘g‘rimi? Nima uchun axborot xavfsizligini ta’minlashga e’tibor qilmaysiz? Ma’lumotlarni o‘g‘irlatish yoki yo‘qotish katta, ba’zida, tuzatib bo‘lmaydigan zarar keltirishi mumkin. Plastik kartangizdagi yoki hisob raqamingizdagi pulingizni o‘zingiz bilmagan holda firibgarlarga o‘tkazib yuborishingiz o‘zingizga yoki oilangizga katta moddiy va psixologik zarar bo‘lishi mumkin.
Siz, bu gaplar menga tegishli emas ekan, deb shoshmang. Siz hech qaerda ishlamaydigan oddiy uy bekasi bo‘lishingiz yoki maktab o‘quvchisi, talaba yoki savdoga aloqasi yo‘q kasb vakili ham bo‘lishingiz mumkin. SHunday bo‘lsa-da, kim bo‘lishingizdan qat’i nazar, quyidagilarni bilishingiz zarur.
Sivilizatsiya rivojining zamonaviy boskichida axborot nafakat jamoat va davlat institutlari faoliyatida, balki har bir inson hayotida hal qiluvchi omil hisoblanadi. Ko‘z oldimizda jamiyatning axborotlashish jarayoni shiddat bilan va ko‘pincha oldindan bilib bo‘lmaydigan tarzda rivojlanmoqda. Kimdir axborot iste’moli madaniyati etarli bo‘lmagani sababli o‘z qo‘li bilan plastik kartasidagi bor pulini firibgarlarga berib qo‘yib, moddiy va psixologik zarar ko‘rdi, kimdir axborot qurilmasidan foydalanish madaniyati etarli bo‘lmaganligi sababli, o‘zi suratga tushirgan turli-tuman rasm va selfilarini g‘arazli maqsadlarda o‘ziga qarshi ishlatilishiga o‘zi sababchi bo‘lib qolayabdi, oqibatda kimningdir hayoti barbod bo‘lishi, oilalar buzilishi yoki undan ham yomon oqibatlarga olib borish holatlari hayotda uchrab turibdi. Biz shuni aniq ravshan bilishimiz kerak – biz yashayotgan axborotlashgan jamiyatda axborot bu quroldir, bu shunday qurolki, undan to‘g‘ri foydalana bilish kerak. Xuddi o‘q otish qurolini noto‘g‘ri ishlatsa qanday zarar keltirishi mumkinligini bilganimiz kabi, axborot makonidagi axborot qurolidan ham to‘g‘ri foydalanishni har birimiz bilishimiz zarur.
Demak, kartangizdagi pulni firibgarlar echib olmasliklari uchun hech kimga parolni aytmaslik (hatto tegishli kompaniyadan qo‘ng‘iroq qilishsa ham!), telefoningizga pul echish uchun sms-xabar kelsa-yu, lekin siz pul echish uchun so‘rov bermagan bo‘lsangiz, biling-ki, kimdir karta raqamingizdan pul echib olishga urinyapti (oxirgi paytlarda o‘zimiz tanigan insonlarning qanchasiga kompaniya vakiliman, deb o‘zini tanishtirib, telefoningizga kelgan kodni aytib yuboring, deb, o‘zining kartasidan firibgarlarga pulini o‘tkazib berganlarni uchratdik, achinarlisi, mehnat qilib topgan pullarini qaytarib ololmaydilar) yohud on-layn yoki olx.uz orqali biron narsa sotmoqchi bo‘lsangiz, sotib olmoqchi bo‘lgan odam sizdan karta raqamingiz bilan sizga yuborilgan sms-xabardagi kodni so‘rasa, biling-ki u firibgar, chunki sizga pul o‘tkazmoqchi bo‘lgan inson karta raqamingizni o‘zinigina bilishi etarli (afsus-ki, shunday holatga tushib sudga murojaat qilib yurganlarni ham ko‘rdik); shuningdek, selfi, turli rasmlarga kerak bo‘lsa-bo‘lmasa tushmaslik, muslima qiz-ayollarimizga alohida tavsiyamiz – satrda bo‘lmagan holda o‘zlari uchun ham rasmga tushmaslik lozim bo‘ladi (hech kim sizga kafolat bermaydi bu rasm begona ko‘zdan 100% asralishiga, chunki biling-ki, har qanday telefonda olingan har bir suratga turli dasturlar murojaat qila oladi, bulutli texnologiyalarda ham saqlanib turadi, bu degani turli xil serverlarda siz olgan rasmlar saqlanib turadi, u rasmlarga kompaniya xodimlari murojaat qila oladi). Siz o‘zingizni telefonga solib, turli effektlar berib, chiroyingizni ko‘rishingiz shart emas, siz iymoningiz bilan undan-da go‘zalsiz, azizam, bu go‘zallik boshqalarga ko‘z-ko‘z qilish uchun berilmagan, sizni haqiqiy sevgan inson, sizni tabiiy go‘zalligingizda, iymoningiz salomatligida u rasmlarsiz ham sevadi, bunga ishoning!
Ey, iymonli singlim, siz turli selfilar, effektlar berilgan rasmlardan afzalsiz! Vaqtingizni va salohiyatingizni o‘z ustingizda ishlashga, ilm olishga, farzand tarbiyasiga, oila a’zolaringizga mehr ulashishga, jamiyatga foydali inson bo‘lishga ishlating, texnologik yangiliklardan xabardor bo‘ling, til o‘rganing, turli kiber-xatarlardan ogoh bo‘ling hamda moddiy va ma’naviy kiber-xujumlar qurboni bo‘lmang!
Xadichai Kubro ayol-qizlar
o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi
katta o‘qituvchisi Z.Z. Xodjimuratova