O’zbek xalqining matonati – sinovli kunlarda bilinur
O’zbek xalqining matonati – sinovli kunlarda bilinur
So’nggi yillar barchamiz uchun sinovli bo‘ldi. Xalqimiz qiyin kunlarni boshidan o‘tkazayotgan shu onlarda barchamiz bir tanu bir jon bo‘lishga harakat qilishimiz lozim. Inson hayotdagi sinovlar bilan tarbiyalanadi, hech bir ish behikmat bo‘lmaydi, eng muhimi shu sinovlardan chiroyli o‘tib olishdir. Alloh taolo yuborgan musibatga qilingan sabrning ajri ziyoda qilinadi. Ayni damda koronavirus bilan kasallangan yurtdoshlarimiz agar bu dardga sabr qilsalar, bilsinlarki, Alloh taolo ular bilan birgadir! Alloh taolo o‘z kalomida shunday marhamat qiladi: “Va sabr qiling. Alloh sabr qiluvchilar bilandir”. (Anfol surasi, 46- oyat). Hadisi shariflarda ham insonga berilgan dardlar uning gunohlarining kechirilishiga sabab bo‘lishi haqida bayon qilingan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: ”Nabiy sollallohu alayhi vasallam:” Musulmonga qay bir musibat: horg‘inlikmi, bemorlikmi, tashvishmi, mahzunlikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki tikon kirishimi etadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning hatolarini kafforat qilur”, dedilar. (Ikki SHayh rivoyati). Alloh taolo barcha bemorlarning gunohlarini kafforat qilsin, darajalarini ko‘tarsin. Pandemiya davrida oilasi davrasida, farzandlari oldida bo‘lmay, bemorlarga yordam berayotgan tibbiyot hodimlari, xalq osoyishtaligi, havfsizligi yo‘lida tinim bilmay hizmat qilayotgan mutasaddilar! Umid qilamizki sizlar ulkan savoblar ustadirsizlar! Alloh taolo har bir xolisona qilingan yaxshi amallar savobini o‘n mislidan etti yuz barobarigacha ko‘paytirib beradi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: ”Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to etti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: ”Magar ro‘za mening uchundir. Uning mukofatini Men berurman. U (odam bolasi) shahvatini va taomini men uchun tark qilur”, dedi”. (Beshovlaridan rivoyat qilingan). Boshqa bir hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarning mashaqqatlarini aritish, unga yordam berish hususida shunday marhamat qilganlar: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: ”Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni aritsa, Alloh taolo undan qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini aritadi”. (Imom Muslim,Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan).
Pandemiya sababli aziyat chekkan, aziz yurtdoshlar! Agar sizlar Alloh taoloning taqdiriga rozi bo‘lib, sabr qilsangizlar Alloh taolo ushbu qiyinchiliklardan so‘ng tezda engillik yuboradi. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi: ”Alloh har bir nafsni O‘zi berganidan ortiqchaga taklif qilmas. Alloh qiyinchilikdan so‘ng tezda osonlikni berur”. (Taloq surasi,7-oyat).
Ehtiyojmandlarga Alloh yo‘lida yordam berayotgan sahovatpesha, insonlar! Sizlar haqingizda Alloh taolo o‘z kalomida shunday marhamat qiladi: ”Allohning yo‘lida mollarini sarflaydiganlarning misoli xuddi bir donga o‘xshaydiki, U har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan etti boshoqni undirib chiqaradi. Va Alloh kimga xohlasa, yana ko‘paytirib beradi. Va Alloh (karami) keng va bilimdondir”. (Baqara surasi,261-oyat). Alloh yo‘lida mol sarflashning foydasi ushbu oyatda ajoyib uslubda vasf qilinmoqda. Sirtdan qaraganda xayr-ehson qilgan kishining mol-dunyosi kamayganga o‘xshaydi. O‘sha bir dona don keyinchalik unib chiqib ko‘payganidek, xayr-ehson etilgan mol ham bir necha chandon ko‘payib ketadi. Agar Alloh xohlasa, uning savobini yana ham ko‘paytirib berishi mumkin. Ehson qiluvchilarning “ajrlar hirmonini” Alloh taolo ziyoda qilsin! Qiyinchilikda oziq-ovqatsiz, kiyimsiz qolgan insonlarga yordamga shoshilganlarning fazli hususida ushbu hadisda quyidagilar keltirilgan: Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: ”Nabiy sollallohu alayhi vasallam: ”Qaysi bir musulmon kiyimi yo‘q musulmonga kiyim kiydirsa, Alloh unga jannatning yaxshi kiyimlaridan kiygizur. Qaysi bir musulmon qorni och musulmonga taom bersa, Alloh uni Jannat mevalari ila taomlantirur. Qaysi bir musulmon suvsiz chanqagan musulmonga suv bersa, Alloh azza va jalla uni rohiyqi maxtumdan serob qilur”, dedilar”. (Abu Dovud rivoyati). SHunday hayrli amallarni bajaryotgan muhsin kishilarga, Alloh taolo Jannatning yaxshi kiyimlaridan kiydirib, uning mevalari ila taomlantirsin va sizlarni Jannat sharobi bo‘lmush “Rohiyqi maxtum” bilan serob qilsin!
Shunday damlarda ilm izlanishdan to‘xtamagan ustozlar va tolibi ilmlar! Sizlarga ham Robbimning rahmati bo‘lsin! Ushbu hadisi sharifni sizlar uchun keltirib o‘tmoqchiman: Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: ”U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning: ”Kim ilm talab qilish yo‘liga yursa, Alloh unga Jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qo‘yadi. Albatta, olimga osmondagi zotlar, erdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadi”, deganlarini eshitdim degan ekanlar”.(Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan). Ustoz va tolibi ilmlar! Islomda sizlarning qadrlaringiz baland va darajalaringiz ulug‘ hisoblanadi. Ilm yo‘lidan also to‘xtamang!Egallagan ilmlaringiz nuri hayotingizni munavvar qilsin!
Barchamiz Robbimiz bizdan rozi bo‘lishi uchun u tomon shoshilaylik. Hayot g‘animat, umr qisqa! Imkoniyatlarimiz vaqt qilichi ila kesilgunga qadar, har damimizni g‘animat bilaylik! Hayot sahifalarimizni xayrli, go‘zal amallar bilan ziynatlaylik. EY Robbim! Ushbu oyatingdan umid qilib, senga duolar qilamiz. ”Qachon bandalarim Men haqimda so‘rasalar, Bas, albatta, Men yaqindirman. Duo qiluvchi duo qilganda, duosini ijobat qilurman”. (Baqara surasi,186-oyat). Allohim sendan yurtimizga tinchlik, osoyishtalik, baraka so‘raymiz. Ey Mehribonlarning mehribonlisi! Barcha dardmanlar dardlariga shifo ber! Sinovli kunlardan birdamlikda, o‘tib olishimiz uchun bizlarga kuch-quvvat, sabr-qanoat ato et! Sendan ofiyatingni so‘raymiz, O‘zing duolarimizni qabul ayla!
Xadichai Kubro ayol-qizlar islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
Joziba Jamol qizi