Bedarak yo‘qolgan erdan ajrim olish mumkinmi?!
Musulmonlarga islomni engillik dini qilgan Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin. Bizga islom shariatini mukkammal qilib etkazgan Rasuli Akram (sollallohu alayhi vasallam) ga solatu salomlar bo‘lsin.
«Taloq» so‘zi lug‘atda «moddiy va ma’naviy tugunni echish» degan ma’noni anglatadi. Shar’iy istilohda esa «Taloq – maxsus lafz ila nikohni ketkazish yoki halolligini nuqsonga uchratishdir». «Maxsus lafz»dan murod «taloq» yoki uning ma’nosini anglatuvchi lafzdir. «Nikohni ketkazish» esa nikoh aqdini yechib, oradagi ma’naviy bog‘lanishni yo‘qotish deganidir. Bu uch taloq ila yuzaga kelib, undan so‘ng taloq qilingan ayol o‘zini taloq qilgan kishiga halol bo‘lmay qoladi. «Halolligini nuqsonga uchratish» deganda, bir taloq qo‘ysa, uch taloq haqqidan bitta kamayib, xotinning unga halolligi nuqsonga uchrashi nazarda tutilgan.
Hozirgi zikr qilmoqchi bo‘lgan mavzuimiz bugungi kunda dolzarb mavzular sarasiga kiradi, desak o‘rinli bo‘ladi. Yosh oilalarning ajrimi foizi kundan kunga ortib bormoqda. Barchasining sabablari turlicha. Ba’zi sabablarni husnul yechim qilish imkoni bo‘lishi mumkin. Lekin shunday o‘rinlar bo‘ladiki, yechim ajrim bilangina bo‘ladi. Dinimizda oilaning o‘rni muqaddas sanalib, u boradagi masalalarga ham ibodat darajasida qaraladi. Oilada er ayolini yoki ayol erini huquqini poymol qilishi yoki haqqini ado qilmasligi shar’an nojoiz deb qaralib, ularga o‘ziga xos jazolar qozi tomonidan tayinlaniladi. Biz bundan ko‘rishimiz mumkinki, islom shariati nikoh va inson huquqlariga katta e’tibor qiluvchi huquq va qonunlar jamlanmasi hisoblanadi.
Bugungi kunda ko‘p uchrayotgan holatlardan deb aytishimiz mumkin:
o erning chet elda bo‘lishi va shu bilan birga ayolini nafaqasiz qoldirishi;
o erning bedarak yo‘qolishida va shu kabi holatlarda ayolning ajrimni so‘rashi joiz bo‘ladimi?! Bunday masalalarga fiqh kitoblarida keltirilgan mazhab ulamolarining javoblarni qisqacha tarzda keltirib o‘tamiz.
Bir ayolning eri safarga ketib, bedarak bo‘lib, na o‘lgani, na tirikligi ma’lum bo‘lmasa, Hanafiy mazhabiga binoan, bir rivoyatda erining tengdoshlari vafot etib ketgunigacha, ba’zi rivoyatlarda to‘qson, ba’zilarning nazdida esa yetmish yilgacha kutishiga fatvo berilgan. Ammo, ayolning yolg‘iz holatda iffatini saqlashi, zinoga yurib ketmasligining tadbirini qilib, nonu nafaqasini topishda qiynalishini e’tiborga olib, nikohni bekor qilishga haqqi bor. Lekin buning uchun bir necha shartlar mavjud:
- Ayol kishi muftiy yoki qozining oldida bir necha vaqtdan buyon erining daragi yo‘qligi haqida arz qiladi. Bu da’vosiga ikkita guvohni keltiradi;
- Qozi ayolning holatini inobatga olib, uning eri to‘g‘risida surishtiruv ishlarini olib boradi. Agar hech qanday xabar bo‘lmasa, ayolning yana to‘rt yil sabr qilib, kutishi haqida hukm chiqaradi. Agar shu muddat o‘tganidan keyin ham eridan xabar bo‘lmasa, qozi nikohni bekor qilib, u ayolni raj’iy taloq iddasida o‘tirishga hukm chiqaradi. Idda muddati o‘tganidan so‘ng bu ayol boshqa odamga nikohlanishi mumkin bo‘ladi.
Albatta, bu kutish ayolga erining uyidagilari tomonidan biror nafaqa yoki yordam bo‘lib turgan holatlardagina bo‘ladi. Ammo er yoki qarindosh-urug‘lari tomonidan ta’minotning iloji bo‘lmasa yoki erining yo‘qligida ayolning sog‘lig‘iga xatar bo‘lsa yoki ayolning zinoga qo‘l urishi xavfi kuchli bo‘lsa, qozi muddatni bir yilga qisqartirishi mumkin (al-Hiylatun nojiza).
- Bir kishi o‘zining vatanidan ko‘chib ketsa va qayerda yurgani aniq bo‘lsa va u vataniga kelmasa, xotinini ham olib ketmasa, nafaqasini ham ado qilmasa, shu tufayli ayoli tang ahvolga tushib qolsa, butun imomlarning ittifoqiga binoan, erni xulu’ qilishga chaqiriladi. Agar er xulu’ qilishga rozi bo‘lmasa, u ayol sabr qilib, iffatini saqlab hayot kechirishga qodir bo‘lsa, shunday yashagani afzal. Mabodo qodir bo‘lmasa, qattiq majburligi tufayli Molikiy mazhabiga muvofiq, nikohini bekor qildirishiga ixtiyor beriladi. Buning surati shunday:
Bu ayol qozining oldiga shikoyat arzi bilan keladi. Avvalo u ayol:
-o‘sha kishining nikohida ekanini isbot qiladi
-So‘ngra erlik haqqini, ya’ni taomi va nafaqasini ado qilmayotganligiga guvohlar keltirib, qasam ichadi.
Shunda qozi o‘sha kishiga xat orqali kelib, erlik haqlarini ado etishini yoki o‘sha yerda turib, taloq berishini talab qiladi, agar bularga rozi bo‘lmasa, qoziyat (qozilar mahkamasi) tomonidan nikohlari bekor qilinishini e’lon qiladi. Shunda ham er ushbu shartlarni qabul qilmasa, xotinning yana bir oy kutishi haqida hukm chiqariladi. Agar bir oydan keyin ham erdan biror javob bo‘lmasa, qoziyat tomonidan ular o‘rtasidagi nikoh bekor qilinadi. Bunda xotin tomonidan nikohni bekor qilish da’vosi bo‘lishi shart.
- Agar mutlaqo bedarak bo‘lib ketgan shaxs nikoh bekor qilinganidan keyin xotinining oldiga qaytib kelsa, agar xotin iddada o‘tirgan bo‘lsa, nikohiga qaytarib olishi mumkin. Agar iddasi tugaganidan keyin kelsa, bu holatning bir oz tafsiloti bor.
Agar er ayolning da’vosi noto‘g‘ri ekanini isbot qilsa, ya’ni unga oldindan katta miqdorda nafaqa tashlab ketganligini yoki u erdan jo‘natib turganligini isbot qilsa, xotin o‘zining nikohida qoladi, agar u ayol boshqa erga tegib, undan farzand ko‘rgan bo‘lsa ham. Avvalgi erning nikohi boqiy sanalib, u ayolning ikkinchi nikohi bekor, deb hukm qilinadi. Bu holatda avvalgi er nikohini yangidan o‘qitishi, mahr belgilanishi zarur emas. Albatta, ayol ikkinchi eri bilan xilvati sahiha (ahdi nikohdan keyin er-xotin bir joyda xoli qolib, ularni jinsiy aloqadan to‘suvchi hissiy, shar’iy va tabiiy moneliklar bo‘lmasligi ko‘zda tutiladi) qilgan bo‘lsa, iddada o‘tirishi vojib bo‘ladi. Agar er xotinning da’vosi bekorligini isbot qila olmasa, u ayolning qozi buyurug‘iga ko‘ra avvalgi eridan idda o‘tirgandan keyin ikkinchi erga qilingan nikohi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam!
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti
4-kurs talabasi Orifjonova Mohira
(Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim
muassasasi kata o’qituvchisi S.Ibragimova taqrizi ostida)