Musulmon sharqida ilm-fan rivoji
O’rta Osiyo va Sharqda islom dini asoslari o’rnatilishi bilan turli sohalarda davlatlararo aloqalar yo’lga qo’yildi. Davlatlar o’rtasida savdo-sotiq, fan va madaniyat rivojlandi. Iqtisodiy va ijtimoiy omillar tabiiy fanlar rivojiga sabab bo’ldi. Yil fasllarini aniqlash, sug’orish inshoatlarini qurish dehqonchilikka, ilmi nujum astralogiyaga, imoratlar qurish zaruriyati esa muhandislik ilminig taraqqiy etishiga zamin yaratdi.
Aristotel va Ptolamey Yunonistonda ilm-fan rivojiga katta xissa qo’shgan bo’lsada ulardan so’ng taraqqiyot inqirozga uchradi. Fan va madaniyat markazi Sharq mamlakatlariga Xitoy, Hindistonga 7 asrdan boshlab esa musulmon sharqi Bog’dod, Damashq, Xorazm, Urganch va Samarqand kabi shaharlarga ko’chdi.
Arab xalifaligi davrida arab tili yagona ilmiy til bo’lib, o’sha davrdagi aksar kitoblar mazkur tilda yozilgan.
Shunisi diqqatga sazovarki, musulmon sharqidan chiqqan aksar olimlar O’rta Osiyo hududiga to’g’ri keladi. Ularning ilm-fan rivojiga qo’shgan xissasi beqiyos.
Al-Beruniy, al-Xorazmiy, al-Farobiy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, at-Termiziy kabi ko’plab ajdodlarimizni faxr bilan tilga olishimiz mumkin.
Bulardan birgina Abu Abdulloh Muhammad ibn Muso Al-Xorazmiy misolida O’rta Osiyolik olimlarni ilm-fan rivojiga qo’shgan ulkan hissasini ko’rib chiqamiz. Xorazmiy 780 yillarda Xiva shahrida tug’ilgan, 850 yilda Bog’dodda vafot etgan. U o’qish, yozish va sanashni mahalliy diniy madrasada o’rgandi. O’z ona tili bilan bir qatorda fors, arab tillarini chuqur egallagan. Bundan tashqari Hundistonning adabiy tili – sanskrit tilini ham o’zlashtirishga muvoffaq bo’ldi. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra qadimgi turk tili va yahudiy tili bilan ham tanish bo’lgan.
U O’rta Osiyoning juda ko’p shaharlarida bo’lib, geografiya, tarix, astronomiya bo’yicha o’z bilimlarini boyitdi. VIII asrning oxiriga kelib Xorazmda ilm-fan bilan shug’ullanish qiyinlashib qoladi. Shu sababli ilmga chanqoq yosh Muhammad Xorazmiy musulmon dunyosining poytaxti Bog’dodga keladi. Bog’dodda fanning rivojlanishi asosan yunon, hind va eron olimlarining asarlarini arab tiliga tarjima qilishdan boshlanadi. Bu Xorun ar-Rashid (786-809) va uning o’g’li al-Ma’mun (813-833) xalifalik qilgan davrga to’g’ri keladi. Xorun ar-Rashidning o’g’li al-Ma’mun Bog’dodda «Baytul hikma» (Donishmandlar uyi)ni tashkil etadi. Unda juda yaxshi jihozlangan rasadxona va boy kutubxona bor edi. Xorazmiy o’zining ilmiy faoliyatini «Baytul hikma» daqadimgi yunon olimlari Yevklid, Arximed, Appoloniy va boshqalarning hamda qadimgi hind astronom va matematiklarining asarlarini qunt bilan o’rganish va ularni arab tiliga tarjima qilish bilan boshlaydi. Tez orada u «Baytul hikma»dagi ilmiy ishlarga rahbarlik qila boshlaydi. Al-Xorazmiyning
«Az-zij al-Xorazmiy», («Astronomik jadval») asari, o’zi saqlanmagan bo’lsada, 1126 yildagi lotin tilidagi tarjimasi saqlangan, Nyut va Gershellar davrigacha asosiy astronomik jadval sifatida foydalanilgan.
Xorazmiyga dastlabki olamshumul shuhratni uning «Hisob al — Hind» (Hind hisobi) nomli asari keltirdi. Bu risola amaliy arifmetikaga doir bo’lib, unda birinchi marta o’nli pozision sistema amaliyotga tatbiq etiladi. Xorazmiy arifmetikasining Yevropaga bunchalik tez tarqalishiga sabab u taklif etgan sistema bo’yicha hisoblashning juda ham qulayligidir. Rim raqami bilan qo’shish va ko’paytirish juda katta noqulaylikka olib keladi. Al-Xorazmiy arab alifbosidagi sonlarning ifodalanishini Hind sanoq tizmidan olib, uning jahonga tarqalashiga o’z hissasini qo’shadi.
Shu o’rinda ta’kidlab o’tish kerakki, «Baytul hikma»dagi olimlarning ijodi musulmon sharqida ilm-fan rivojini yuksak cho’qqilarga chiqardi.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, musulmon sharqida ilm-fan rivoji uzoq tarixga borib taqaladi. Ilm-fan rivojiga islom dini asosiy turtki bo’ldi desak xato bo’lmaydi. Chunki, muqaddas kitobimiz Qur’oni karimda ilm olishga, ilmlilar bilan ilmsizlarni darajasini teng emasligiga qayta-qayta ishora qilinadi.
Yana shuni ta’kidlab o’tish kerakki, biz ajdodlarimiz va ularning qoldirgan meros bilan faxrlanibgina qolmay meroslarini tadqiq etishimiz hamda ularga munosib avlod bo’lishga harakat qilishimiz kerak.
Xadichai kubro ayol-qizlar o’rta maxsus islom
ta’lim muassasasi o’qituvchisi F.Abzalova