05.06.2023
337

IMOM MUHAMMAD JAZARIY ROHIMAHULLOH HAYOTLARI HAQIDA

بِسْــــــــــــــــــــــمِ ﷲ الرَّحْمَانِ الرَّحِيم
Hamdlar Alloh uchundir. Uni maqtaymiz, Undan yordam so`raymiz. Nafslarimizning va amallarimizning yomonligidan Allohning panohiga o`tamiz. Alloh hidoyat qilgan kishini adashtirguvchi yo`q va U adashtirgan kishini hidoyat qilguvchi yo`q. Yolg`iz Allohdan boshqa panoh yo`qligiga guvohlik beramiz. Uning sherigi yo`q va Muhammad (s.a.v.) Uning quli va elchisi ekanligiga guvohlik beramiz. Barcha olamlar parvardigori Alloh subhanahu va taologa hamdlar, hazrati Muhammad (s.a.v.)ga, ahli baytlariga hamda ashoblariga va qiyomatga qadar hidoyatga ergashganlarga salovat va salomlar bo`lsin.
Qiroat va tajvid ilmida mashhur bo`lgan  bu ulug` zotning to‘liq ismlari Hofiz Muhammad Shamsiddin ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Ali ibn Yusuf Jazariy Damashqiy bo‘lib, laqablari Abul Xayrdir.
Muhammad Jazariy   751 (mil. 1350) yili Ramazon oyining yigirma beshinchi kuni Damashq shahrida tug‘ilganlar. Ma`lumotlarga ko`ra U kishining otalari qirq yil bola ko‘rmaydi. Ancha keksayib qolgach, 750 hijriy yili muborak haj safariga boradi. Ka’bani tavof qilib, Zamzam suvidan ichib, Alloh taolodan solih, olim farzand ato etishini so‘raydi.So`ng esa oradan  bir yil o‘tmasdanoq o‘g‘il ko‘radi.
Muhammad Jazariy o‘n uch yoshlarida Qur’oni Karimni to‘la yod olib, o‘n to‘rt yoshlarida imomlik qila boshlaydi. O‘n yetti yoshga yetganida esa, Shayx Abul Maoliy ibn Labbon nazorati ostida qiroatlarni jamlab kitob qiladilar. Yoshligidanoq zamonasining yetuk ulamolaridan qiroat bilan birga tafsir, hadis, fiqh, usulul fiqh, aqoid, balog‘at, sarf va nahv kabi ilmlardan saboq oladilar. Bir necha marta Misrga safar qilib, qiroat imomlaridan saboq oladilar, o‘zlarining qiroatlarini ham sinovdan o‘tkazadilar.
Hijriy 774 yili Shayxulislom Abu Fido Ismoil Ibn Kasir, 779 yili Shayx Ziyouddin, 785 yili shayxulislom Bulqiyniy Muhammad Jazariyga fatvo chiqarishlariga izn berishgan. Muhammad Jazariy umaviy sultonlar barpo etgan jomeda qorilarga rais bo‘ladilar va ko‘pchilikka qiroat ilmini o‘rgatadilar. Damashqda “Dorul Qur’onil karim” nomli madrasa bino qiladilar. Hijriy 793 yildan boshlab shom (Suriya)da bir necha yil qozilik qiladilar.
Alloma ilm olish va tarqatish niyatida ko‘p yurtlarga safar qiladilar. Bir yili, haj ibodatini ado etgach, Hijozga borganlarida ba’zi kishilar Imom Jazariyga: “Bursa shahrida Qur’oni karimni o‘rganmoqchi bo‘lgan tolibi ilmlar bor, ular sizdan tahsil olishni orzu qilishadi. Lekin yoningizga kelib, ilm o‘rganish uchun yetarli mablag‘lari yo‘q”, deyishadi. Shunda ul zot: “Unday bo‘lsa, ularning oldiga men boraman”, deydilar-da, hijriy 798 yili Jiddadan kemaga chiqib, Qohiraga yo‘l oladilar. Qohiradan Iskandariyaga, undan O‘rta Yer dengizi orqali Antokiyaga yetib keladilar va shu yerlik bir kishining uyida mehmon bo‘ladilar. Imom Jazariydan Qur’on ilmlarini o‘rganishni orzu qilgan bursalik tolibi ilm olim Hijozda ekani xabarini olgach, shu tomon otlanib, Bursadan Antokiyaga keladi.
Talaba xufton namoziga azon aytilgach, masjidga kiradi. Namoz tugab, odamlar tarqay boshlaydi. Shunda antokiyalik bir kishi uning musofir ekanini sezib, turar joyi bor-yo‘qligini so‘raydi. Talabadan boradigan yeri yo‘qligini eshitgach, uyiga olib borib mehmon qiladi. Kechki ovqat paytida: “Bugun yurtimizga Islomning buyuk ulamolaridan Muhammad ibn Jazariy keldi”, deydi mezbon. Bu gapni eshitgan ilm tolibi o‘rnidan sakrab turadi: “Allohga qasam, u zotni ko‘rmagunimcha uxlamayman!” Mezbon: “Bu kecha dam ol, ertaga ko‘rasan”, desa ham, baribir ko‘nmay turib oladi. Shunda ikkovlari Imom Jazariy mehmon bo‘lib tushgan uyni so‘rab-surishtirib yo‘lga chiqishadi. Tolibi ilm olim bilan ko‘rishgach, yig‘lab yuboradi, sevinchidan terisiga sig‘maydi. Olim bo‘lgan voqeani eshitgach, mehri tovlanadi. Talaba Qur’oni karimni to‘laligicha yod olgach Antokiyada qoladi. Undan so‘ng Bursaga boradi va Boyazid ibn Usmon (Boyazid Yildirim) bilan uchrashadi. Boyazid ko‘rsatgan hurmat va ehtiromga javoban olim u yerda bir necha yil istiqomat qilib, mahalliy aholiga qiroat va hadis ilmidan ta’lim beradi. O‘sha yerda ikki jildli “An-nashr fi al-qiroatil ashr” nomli asar yozadi.
Hijriy 805 yili bobokalonimiz Amir Temur u zotni Rumdan Turkistonga boshlab keladi. Olimga Kesh (hozirgi Shahrisabz) shahridan turar-joy hozirlab beriladi. Kesh va Samarqandlik tolibi ilmlar u zotdan tahsil oladi. Amir Temur bu buyuk imomga doimo hurmat-ehtirom ko‘rsatib, ulug‘lagan.
Muhammad Jazariy Amir Temur vafotidan so‘ng, hijriy 807 yili Mova­rounnahrni tark etib, hirot shahriga ketadilar. U yerda ham qiroatdan dars beradilar. So‘ng bu ishni Yazdin va Isfahonda davom ettiradilar. Hijriy 808 yili Ramazon oyida Sheroz shahriga yetib keladilar. Yurt Sultoni Pir Muhammad olimni huzurida olib qolish maqsadida unga qozilik vazifasini topshiradi. Shu sababli ham Jazariy u yerda  bir oz muddat turadilar, so‘ng haj ibodatini ado etish niyatida Basra orqali yo‘lga chiqadilar. Ikki dovon oshib, Unayza shahriga yetgach, Bani Lom sahroyilari u zotni tutib, bor narsalarini tortib olishadi. Unayzaga qaytib, u yerda qiroatga doir “Ad-Durra” nomli nazmiy asarini yozadilar. Haj ibodatini ado etgach, bir muddat Makkada yashaydilar. Madina, Qohira va Yamanga bir necha marta safar qiladilar.
Imom Jazariy tafsir, hadis, fiqh, tarix va arab tili grammatikasi kabi turli fanlarga doir yetmishdan ortiq ilmiy asar tasnif etganlar. Ular orasida “Usulul qiroat”, “Al-bidoya fi ulumir rivoya”, “At-takrim fi al-umrat minat tan’im”, “muxtasaru tarix al-Islom”, “Minhojul vusul ila ilmal usul”, “Matnul Jazariyya” kabi asarlari ancha mashhur. Qiroat ilmi olimi Muhammad Jazariy umrining oxirini Sherozda o‘tkazdilar. U zot hijriy 833 yili rabiul avval oyining beshinchi kuni, juma tongida 82 yoshlarida bu yorug` dunyodan ko`z yumdilar va o‘zlari qurdirgan madrasa hovlisiga dafn etiladlar. Alloh taolo u zotdan rozi bo‘lib, uzotni o`z  rahmatiga olsin va yotgan joylarini Jannat bog`laridan  qilsin!

“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta'lim muassasasi 2 kurs talabasi Ergasheva Amina

Другие новости

FARAZDAQ
13.09.2023 219
Har bir xalqning o’z adabiyoti va uning o’ziga xos yetuk namoyondalari bo’ladi. Arab adabiyoti o‘zining turli tipdagi she‘rlari, nasriy va nazmiy asarlari bilan ajralib turadi. Arab tili grammatikasi, balog’at, mantiq...
Подробнее
Din himoyasidagi fidoyi ayol
26.05.2023 328
Sumayya binti Xabbot roziyallohu anho Islomdagi sodiq peshqadamlardan sanaladi. Allohga bergan ahdida vafo qilishga shoshilganlardan edi. Unga buyuk xushxabar - jannatiy ekanligi xabari berildi. Solim bin Abul Ja’d Usmon roziyallohu...
Подробнее
"Shamoili Muhammadiya" asarining ijtimoiy hayotdagi o'rni haqida
19.05.2023 345
Imom Termiziyning "Shamoili Muhammadiya" kitoblari islom olamida eng ko’p tarqalgan kitoblardan biri hisoblanadi. Ushbu kitob Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shamoillari borasida yozilgan eng ulug‘ va foydali manba hisoblanadi. Imom at-Termiziy...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry