14.04.2022
324

Shayton ochiq - oydin dushmandir

 

Islomiy aqida asoslaridan biri g’aybga iymon keltirish bo’lib, u Alloh subhanahu va taolaning taqvodor bandalarini tavsiflagan birinchi sifatdir: “Alif, Lom, Mim. Ushbu kitob (Qur’on) shubhadan holi va (u shunday) taqvodorlar uchun hidoyat (manba’i) dirkim, ular (Muhammad alayhissalom keltirgan habarlarga) g’oyibona iymon keltiradigan, namozni barkamol o’qiydigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladiganlardir”. Ushbu Oyati karimada “Qur’on hidoyati”dan bahramand bo’la oladigan taqvodorlarning sifatlaridan uchtasi sanalgan. Ulardan birinchisi g’aybga iymon keltirishdir, ya’ni ular oxirat, o’lgandan keyin qayta tirilish, farishtalar, jinlar, jannat va do’zah kabi g’aybiy narsalarni ko’rishmasa ham bularga Alloh va Uning Rasuli bayon qilganiga ko’ra  iymon keltirishadi. Haqiqatan, g’aybga iymon keltirish bilan inson hayvondan farqlanib turadi. Chunki his qilish a’zolari yordamida ularga moddiy ta’sir etuvchi narsalarni idrok qilish bilan ishonish hayvonlarda ham bor. G’aybga iymon keltirish tufayli inson o’zini o’rab turgan hissiy dunyodan cheksiz ufqli, keng olamga chiqadi. 

    Alloh taolo o’zining muborak kitobi bo’lmish Qur’oni Karimda “Baqara” surasining 34 - 36 – oyatlarida shaytonning yomonligi, dushmanligi haqida ochiq - oydin bayon qilgan: “(Ey Muhammad alayhissalom), eslang, Biz farishtalarga: “Odamga ta’zim qilinglar”, deganimizda sajdaga borishdi. Faqat Iblis mutakabbirlik bilan bundan bosh tortdi va kofirlardan bo’ldi. Va Biz: “Ey Odam, sen va xotining jannatda turinglar, xohlagan yerlaringizda istagan narsalardan yenglar, faqat bu daraxtga yaqin kelmanglar, unda zolimlardan bo’lasizlar”, dedik. “Keyin shayton ularni yo’ldan ozdirdi va turgan joylaridan ularni chiqardi. Va Biz: “Endi tushinglar, biringiz biringizga dushmandirsiz, Yerda sizlarga ma’lum muddat foydalanishingiz uchun joy bor”, dedik”. Odam alayhissalomning yaratilgani xabari farishtalarga yetganida va ular sajdaga buyurilganida, ular darhol sajda qildilar. Chunki farishtalarning fitratida Allohning amriga isyon qilish xususiyati yo’q. Faqat Iblis sajda qilmadi. Ushbu iboradan kelib chiqib, ba’zilar: “Iblis aslida farishtalardan edi, ammo amrga itoat etmay, odamga sajda qilmagani uchun ularning safidan chiqarilgan”, deyishadi. Aslida unday emas. Iblis asli jindan bo’lgan, bu haqda oyat bor. Qolaversa, Qur’oni Karim oyatida aytilganidek, farishtalarda Allohning amriga isyon qilish tabiati yo’q. Shundan, Alloh taolo farishtalarni Odamga sajda qilishga buyurgan paytda Iblis ham o’sha joyda hozir bo’lgan deb xulosa qilsa bo’ladi. 

    Shu tariqa, iblis bilan inson o`rtasida dushmanlik boshlanadi. Bu dushmanlik yaxshilik vakili ila yomonlik vakilining kurashiga aylandi. Alloh subhanahu va taolo Odamga: jufti Havvo bilan unga jannatdan joy ato etdi va u yerda farog’atda yashashini ta’minladi. Alloh taolo oyatning oxirida “Faqat bu daraxtga yaqin kelmanglar, unda zolimlardan bo’lasizlar”, dedik”, demoqda. Shundan ko’rinadiki, shariatning amridan chiqish zulm ekan. Zulm esa katta gunohdir.

    Shayton ularni vasvasa qilib, yo’ldan ozdirdi, man qilingan daraxt mevasidan tatib ko’rishga undadi va turgan joylaridan, ya’ni jannatdan ularni chiqarilishiga sabab bo’ldi. Ular Parvardigor amriga zid ish qilib qo’yib, o’zlariga zulm qilishdi va jannat bog’laridagi rohat – farog’atdan mahrum bo’lishdi. “Va Biz: “Endi tushinglar, biringiz biringizga dushmandirsiz, Yerda sizlarga ma’lum muddat foydalanishingiz uchun joy bor”, dedik”. Shu tariqa Odam, Havvo va Iblisga Yer yuziga tushish amr qilindi va to ajal kelgunicha u joydan foydalanib turish bildirildi. Oyatdagi “biringiz biringizga dushmandirsiz” jumlasida insonlarning bir – biriga g’animligi emas, balki Odam avlodlari va shayton o’rtasidagi dushmanchilik zikr etilgan. Shundan buyon inson bilan shayton orasidagi dushmanlik boshlandi va dushmanlik to qiyomatgacha davom etadi. Shuning uchun, shaytonning yomonligidan doimo saqlanib, ehtiyot bo’lib yurish kerak. Chunki iblis har vaqt iblisligini qiladi. Odam bilan Havvoni jannatdan yerga tushishiga sababchi bo’lgani kabi ularning avlodlarini ham jannatdan mahrum qilish uchun bor kuchini ishga soladi. Demak, shayton insonning ashaddiy dushmanidir. Shunday ekan unga dushmancha muomala qilish, iblis vasvasasiga ishonmaslik, yo’liga yurmaslik kerak. Chunku shayton odam bolalarini Alloh taoloning itoatidan chiqarish uchun to’xtovsiz harakat qiladi. Lekin  shayton nima qilganda ham vasvasa qilishdan nariga o’ta olmaydi.  

    Alloh taolo A’rof surasining 200 - 201 – oyatlarida quyidagicha marhamat qiladi: “Agar sizni shaytonning vasvasasi yo’ldan urmoqchi bo’lsa, Allohdan panoh so’rang! Albatta U eshitguvchi va bilguvchi zotdir. Taqvo qilguvchi zotlarni qachon shayton tomonidan biron vasvasa ushlasa, (Allohni) eslaydilar, bas, (to’g’ri yo’lni) ko’ra boshlaydilar”.  Ya’ni ularga shaytonning vasvasasi yetsa, darhol Allohni zikr qiladilar.  Allohni zikr qilish va har doim eslab yurish esa shaytonga qarshi eng ishonchli va kuchli quroldir. Demak, shaytondan biron bir sharpa, ya’ni vasvasa, ig’vo, va g’azab kabilarning yetishi jaholat, ko’rlik va nodonlikka boshlaydi. Allohni zikr qilish esa ilm – ma’rifat, ko’zi ochiqlik va oqillik manbaidir. Ibn Kasir tafsirida bunday deyilgan: “Avfli – kechirimli bo’ling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o’giring” oyati nozil bo’lganida Rasululloh sallallohu alayhi vassallam: “Ey Parvardigorim, g’azab nima bo’ladi?” – dedilar. Shunda Alloh taolo “Agar shaytonning sharri tutsa Allohdan panoh tilang! ...” oyatini nozil qildi. Ba’zi mufassirlar “Agar shaytonning sharri tutsa” jumlasini shayton vasvasa qilsa deb tafsir qilishgan, ya’ni shayton vasvasa qilsa, Allohdan panoh tilang! 

    Alloh taolo shaytonni insonlar ko’ziga ko’rinmaydigan qilib yaratishining ikki xil hikmati bor: 

  • insonlar shaytonlarning zararidan g’aflatda qolmay, doimo  sergak va hushyor bo’lishlari uchun;
  • Alloh taolodan o’zga biror zot shaytonning vasvasasi va sharridan, yomonligidan asray olmasligi bois, insonlarning doimo tazarru – iltijo bilan Alloh taolodan panoh so’rashlari  uchun. 

    Shunday ekan har bir inson o’z dushmani bo’lmish iblisni yaxshilab tanib olmog’i lozim. 

Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta 

maxsus islom ta’lim muassasasi

 4-kurs talabasi Sobirova Gulruh

Другие новости

АҲЛИ СУННА ВАЛ-ЖАМОЪАДА ИЙМОН ТУШУНЧАСИ. Лафзий ихтилофлар
08.01.2024 170
Аҳли сунна вал-жамоъа уламолари ўртасида иймон рукни яъни ҳақиқати борасида уч хил қарашни кўришимиз мумкин: Иймоннинг рукни (ҳақиқати, асли): Фақат қалб билан тасдиқлаш. Тил билан иқрор бўлиш эса дунё ҳукмларидаги...
Подробнее
SOXTA PIR MURID MUNOSABATLARIGA ASOSLANGAN TARIQATCHILIK FAOLIYATI
05.01.2024 184
#Raddiya #soxta_tariqatlarIslom tarixining barcha davrlarida tasavvufni tor ma'noda talqin etuvchi guruh va shaxslar boʻlgan. Ular e'tiborini asosan so'fiylikning tashqi jihatlariga qaratganlar. Bundaylar hozirgi kunda ham topiladi.Bunday guruhlar uchun so'fiyga na...
Подробнее
Qadarga imon keltirish aqidasi to'g'risida
04.01.2024 226
Ushbu aqidaning asli Alloh taoloning ilmi va iroda qilgan narsasini amalga oshirishdir. Shunga ko'ra kimki Alloh taologa va Uning komil sifatlariga imon keltirgan bo'lsa,qadarga iymon keltirish ham unga vojib bo'ladi....
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry