Duo taqdirni o‘zgartiradimi?
Qazoyu qadar haqida so‘z borar ekan, duoning qazoni qaytarishi haqidagi hadisi shariflar va qadarning oldindan belgilab qo‘yilgani haqidagi hadisi shariflar ham qo‘shib o‘rganilsa, qazoyu qadar haqidagi umumiy ma’lumotlar yanada to‘liqroq bo‘ladi:
عن سلمان الفارسي رضي الله عنه أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال لا يرد
القضاء إلا الدعاء ولا يزيد في العمر إلا البر. رواه الترمذي
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi” deyildi. Ushbu hadisni o‘qiganda kishining xayoliga birdan qadarning tayin qilib qo‘yilgani ma’nosini anglatuvchi hadislar bilan ushbu hadis o‘rtasida qanday muvofiqlik mavjud degan fikr kelishi tabiiy holdir. Quyidagi hadis qadarning oldindan belgilab qo‘yilganiga ochiq-oydin dalildir:
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Alloh taolo xaloyiqning miqdorlarini osmonlaru yerni yaratishidan ellik ming yil oldin bitib qo‘ygan va Arshi suvning ustida bo‘lgan”, deyayotganlarini eshitganman”. Muslim rivoyat qilgan.
Sharh: Keltirilgan hadislarning birida “Qazoni faqatgina duo qaytaradi” deyilmoqda, ikkinchisida esa “Alloh taolo xaloyiqning miqdorlarini osmonlaru yerni yaratishidan ellik Ming yil oldin bitib qo‘ygan” deyilmoqda. Ushbu ikki hadisning ma’nolariga ko‘ra, duo osmonlaru yer yaratilishidan ellik ming yil oldin tayin qilib qo‘yilgan narsani qaytaradimi, degan savol paydo bo‘lishi tabiydir. Bu savolga quyidagicha javoblar berilgan:
“Mazkur ikkala hadis bir-biriga zid emas. Ha, Alloh taolo xaloyiqning miqdorlarini osmonlaru yerni yaratishidan ellik ming yil oldin bitib qo‘ygan, Uning bitib qo‘yganida aslo o‘zgarish bo‘lmaydi. Lekin U zot ro‘y beradigan ushbu narsalarga azaliy sabablarni tayin qilgan. Ya’ni solih amallar saodatga erishish uchun qo‘yilgan azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish va qarindoshlik aloqalarini bog‘lash kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi”.
O‘lganlarga duo qilish va ularga savob atash
«Tiriklarning duo va sadaqalaridan o‘lganlarga manfaat bordir».
Sharh: Ahli sunna va jamoa o‘lganlar tiriklarning qilgan amalidan manfaat olishlariga ittifoq qilganlar. Musulmonlarning uning haqiga qilgan duolari, aytgan istig‘forlari va uning nomidan qilingan sadaqalari va hajlari bunga misoldir. Badaniy ibodatning savobi o‘lganga yetadimi, yo‘qmi, degan masalada ixtilof bo‘lgan. Badaniy ibodat ro‘za, namoz, Qur’on qiroati va zikrga o‘xshagan narsalardan iborat.
1. Abu Hanifa, Ahmad ibn Hanbal va jumhur (ko‘pchilik) badaniy ibodat savobi o‘lganga yetadi, deganlar.
2. Shofe’iy va Molik yetmaydi, deydilar. O‘lganga o‘zidan boshqaning amali savobi yetishiga dalil Qur’onda, Sunnatda, Ijmo’da va Qiyosda bordir
1. Qur’ondan dalil.
«Ulardan keyin kelganlar: «Ey, Robbimiz, bizni va bizdan oldin iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin», derlar» (Hashr: 10).
Alloh taolo ushbu oyatda o‘zlaridan oldin o‘tgan mo‘minlarga mag‘firat so‘raganlarni madh qilmoqda. Bu esa, o‘lganlar tiriklarning istig‘foridan manfaat olishiga dalolat qiladi.
2. Sunnatdan dalil:
Imom Abu Dovudning «Sunan» kitobida Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan quyidagi hadis rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘lik dafn qilib bo‘lingandan keyin ustida turib «Birodaringizga istig‘for aytinglar. Unga sobitlik so‘ranglar. Chunki u hozir so‘roq qilinadi», der edilar».
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan qabrlarni ziyorat qilgan vaqtda o‘lganlarga duo qilish haqida hadislar kelgan. Imom Muslimning «Sahih» kitoblarida kelgan hadis bunga misol:
«Oisha onamiz roziyallohu anho Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan:
«Qabr ahllariga istig‘for aytsangiz nima deysiz?» deb so‘radilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Assalomu alaykum, ey, mo‘min va musulmonlar diyo axli. Allox, bizdan va sizdan oldin o‘tganlarni-yu, keyin qolganlarni rahim qilsin. Va al-
batta, biz ham sizlarga kelib qo‘shilamiz», deb javob berganlar.
3. Ijmo’dan dalil:
Islom ummatining e’tiborli asosiy qismi jam bo‘lib, o‘lganga janoza namozidagi duoni dalil qilib, o‘lgan tiriklarning duosidan manfaat oladi, deganlar. Janoza namozidagi duolar ma’lum va mashhurdir. Ular o‘z ahli bilandir. O‘lgan erkak, ayol va go‘daklar uchun alohida duolar mavjudligining o‘zi bu duolardan vafot etganlarga manfaat borligini ko‘rsatadi.
4. Qiyosdan dalil:
Badaniy ibodat bo‘lmish duo o‘lganga manfaat bergandan keyin ro‘za, namoz kabi boshqa badaniy ibodatlar ham manfaat berishi turgan gap. Chunki, orada farq yo‘q. Buning ustiga, boshqa badaniy ibodatlar ham manfaat berishi haqida hujjat va dalillar bor.
Xadichai kubro ayol-qizlar o’rta
maxsus islom ta’lim muassasasi
4-kurs talabasi Rahmatullayeva Saida