Ahli sunna val-jamoa raisi
Abul Muin Nasafiyning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosi haqida ko‘plab kitoblarda ma’lumot berilgan. Lekin ushbu kitoblardagi ma’lumotlar allomaning faoliyati haqida to‘liq tasavvur hosil qilishga yetarli emas. Abul Muin Nasafiyning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosi haqida quyidagi olimlar o‘z asarlarida qisqacha to‘xtalib o‘tganlar:
1. Ibn Abul Vafo Qurashiy (v. 775/1373 y.),
2. Ibn Qutlubg‘o (v. 879/1474 y.),
3. Toshko‘brizoda (v. 990/1582 y.),
4. Hoji Xalifa (v. 1067/1657 y.),
5. Muhammad Abdulhay Laknaviy (v. 1304/1886 y.).
Yuqoridagi olimlar o‘z asarlarida uning to‘liq ismini Abul Muin Nasafiy Maymun ibn Muhammad ibn Mu’tamid ibn Muhammad ibn Makhul ibn Fazl Makhuliy deb keltirganlar. Allomaning ismi sharifi tabaqot shaklidagi adabiyotlarda bir-biridan farqli ravishda berilgan. Masalan, barcha kitoblarda uning ikkinchi bobosi «Mu’tamid», yoki «al-Mu’tamid» deb nomlangan. Lekin Ibn Qutlubg‘o uning bobosi nomini «Said» deb, Xayruddin Zirikliy esa, «Mu’bad» deb atagan.Tarixchi Kafaviy allomaning ismini Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad Mu’tamid ibn Ahmad, deb aytgan. Abul Muin Nasafiy yana «Makhuliy» nisbasi bilan ham atalgan. Bu uning bobosi ismidan olingandir. Shunindek, u bir qancha laqablar bilan ham atalgan. Masalan, alloma «Imomul ajal zohid» (Zohid va ulug‘ imom), «Faqihul hanafiy va sayful haqq» (Hanafiy faqihi va Haq (Alloh) qilichi), «Jomiul usul» (Usullar jamlovchi) va «Rais ahli sunna val jamoa» (Ahli sunna val jamoa raisi) kabi nomlar bilan atalgan. Bu nomlarni asosan biz allomaning kitoblari boshlanishida uchratishimiz mumkin. Uning asarlarini ko‘chirgan xattotlar «Qola . . .» (Ya’ni, ... aytdi), deb ketidan yuqoridagi nomlar bilan allomani sifatlaganlar.Lekin Sam’oniy Abul Muin Nasafiyga nisbatan «Ibsaniy» nisbasini ham qo‘shib aytgan. Sam’oniy Ibsan qishlog‘ini Qarshi shahridan bir farsax (taxminan, 5-6 km.) uzoqlikda joylashganligini ta’kidlab o‘tgan. Bundan Abul Muin Nasafiy ushbu qishloqda tavallud topganligi ma’lum bo‘ladi.Allomaning tavallud topgan va vafot etgan yillari haqida ham bir qancha farqli qarashlar bor. Zirikliy uning tug‘ilgan yilini hijriy 418 (milodiy 1027) deb ko‘rsatgan. Allomaning «Tabsiratul adilla» asarini nashrga tayyorlagan turkiyalik olim Husayn Otay Abul Muin Nasafiy tavallud sanasini hijriy 438 yil, milodiy 1046 yil deb ko‘rsatgan. Husayn Otayning shogirdi, yana bir turkiyalik olim Mustafo Sayid Yazichio‘g‘li allomaning tug‘ilgan va vafot etgan yillarini 417-508/1026-1115 yillar, deb hisoblagan. Ammo zamonamiz boshqa tadqiqotchilari yakuniy xulosaga kelib, Abul Muin Nasafiyning vafot etgan yilini hijriy 508, milodiy 1114 yil, deb cheklanadilar va uning tavallud topgan yili haqida ko‘pincha ma’lumot bermaydilar. Lekin Ibn Qutlubg‘o alloma 508 hijriy yili Zul hijja oyining yigirma beshinchi kuni yetmish yoshida vafot etganligini ta’kidlaydi. Ibn Qutlubg‘oning ushbu ma’lumoti bilan «Tabsiratul adilla» asarining Misrning Iskandariya kutubxonasida 4406 (301) raqam bilan saqlanayotgan qo‘lyozmasida Abul Muin Nasafiyning hijriy 508 yil 70 yoshda vafot etgan, degan ma’lumotlari birlashtirilsa, alloma 436/1046 yil tavallud topgani va 508/1114 yil Zu-l-hijja oyining 25 kuni (21 may) vafot etgani ma’lum bo‘ladi.Sam’oniyning «Ansob» asarini tadqiq qilgan zamondoshimiz Sh.Kamoliddinov ham o‘z dissertasiyasida Abul Muin Nasafiy haqida ma’lumot keltiradi. Tadqiqotchi Sam’oniyga tayanib allomaning ismini Maymun ibn Ahmad Ibsaniy, Abul Muin deb ko‘rsatadi va uni Nasafdan 1 farsax (6-7 km.) uzoqlikdagi Ibsan qishlog‘idan yetishib chiqqan muhaddis sifatida e’tirof etadi. So‘ngra tadqiqotchi Abul Muin Nasafiyni Yusuf ibn Abu Bakr Ibsaniyning jiyani ekanligini ta’kidlaydi. Lekin biz Abul Muin Nasafiygacha bo‘lgan Nasafiylar sulolasi orasida ushbu nomni uchratmaymiz. Abul Muin Nasafiy hayoti va ilmiy faoliyatini o‘rganish natijasida ma’lum bo‘ldiki, u dastlabki ta’limni ona shahri Nasafda egallab, so‘ngra ilm-fanning yirik markazlaridan hisoblangan Samarqandga ko‘chib o‘tganligi va siyosiy vaziyatlar ta’siri ostida Samarqanddan Buxoroga ko‘chib o‘tganligi aniqlandi. Abul Muin Nasafiyning ilmiy faoliyati davomida boshqa o‘lkalarga safar qilganligi manbalarda deyarli uchramaydi.
Lekin allomaning «Tamhid li qavoidit tavhid» asari noshiri Jiybulloh Hasan Ahmadning ma’lumot berishicha, Abul Muin Nasafiy Damashqda Ali ibn Husayn Muhammad Balxiy Sakalkandiyga hadis ilmidan saboq bergan. Bundan Abul Muin Nasafiyni Damashqda ham ilmiy safarda bo‘lgan, degan taxminga kelish mumkin. Abul Muin Nasafiy «Tabsiratul adilla» asarini 500/1106 yili Buxoroda yozib tugatganidan, u Buxoroda ancha vaqt muqim qolgan degan xulosaga kelinadi. Ammo uning qabri Qarshiga yaqin joyda joylashgan degan taxmin, Abul Muin Nasafiy hayotining so‘nggi yillarini ona yurti Nasafda o‘tkazganidan dalolat beradi.
Abul Muin Nasafiy o‘z davrining mashhur mutakallim olimi bo‘lgan va Samarqanddagi hanafiy kalom maktabining yirik vakili Abu Mansur Moturidiydan (v. 333/944 y.)so‘ng shu maktabning peshqadam vakili hisoblangan. Nasafiylar sulolasidan uch avlod keyin yetishib chiqqan ushbu allomani moturidiya ta’limotining eng mashhur va yetuk davomchisi, deb hisoblash mumkin. Abul Muin Nasafiy ilmiy-ma’naviy merosini yaqindan o‘rgangan tadqiqotchilar uning ijodiga yuksak baho berganlar va imom Moturidiydan keyin ushbu maktab taqdirining hal qilinishida beqiyos xizmat ko‘rsatgan mutakallim olim sifatida e’tirof etganlar.Moturidiya kalom maktabining yirik vakili Abul Muin Nasafiy nafaqat kalom ilmining allomasi, balki o‘z davrining faqihi va usulchi olimi sifatida ham shuhrat qozongan ulug‘ siymolardan biridir. Abul Muin Nasafiy Nasafda tug‘ilib voyaga yetgach, dastlabki bilimlarni o‘z oilasida, xususan otasi Muhammad Makhuldan olgan. So‘ngra Abul Muin Nasafiy Samarqandda ham uzoq yillar ilmiy faoliyat olib borgan va o‘z asarlari bilan moturidiya kalom maktabining rivojlanishida o‘zining katta hissasini qo‘shgan. Abul Yusr Pazdaviy, Faxrul Islom Abul Hasan Pazdaviy va Abul Muin Nasafiydan iborat olimlar guruhi dastlab Samarqandda, so‘ngra Buxoroda samarali ilmiy faoliyat olib borganlar.
Abul Muin Nasafiy ilmiy merosini tadqiq etgan olimlar unga nisbatan turlicha yondoshganlar. Biz Abul Muin Nasafiyni moturidiya ta’limotining vakili sifatida e’tirof etamiz. Lekin Abul Muin Nasafiyni ba’zi olimlar nafaqat mutakallim, balki muhaddis yoki faqih sifatida ham ta’kidlaganlar. Masalan, Sam’oniy allomani Ibsan qishlog‘idan yetishib chiqqan muhaddis, deb ta’riflagan. Shuningdek, Bag‘dodiy kabi qomusshunos olimlar esa Abul Muin Nasafiyni faqih deb ataganlar.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta
maxsus islom ta‘lim muassasasi
3-kurs talabasi Valixonova Omina