Talhatul Javhar
Hayotliklaridayoq jannatiy bo‘lishi haqida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mujda bergan o‘n nafar ulug‘ sahobiyni “Asharai mubashshara” ya‘ni “Bashorat qilingan o‘nlik” degan nom bilan atashgan. Abdurahmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Abu Bakr jannatdadir. Umar jannatdadir. Usmon jannatdadir. Ali jannatdadir. Talha jannatdadir. Zubayr jannatdadir. Abdurahmon ibn Avf jannatdadir. Sa’d jannatdadir. Sa’id jannatdadir. Abu Ubayda ibn Jarroh jannatdadir”, dedilar” (Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilishgan). Ahli sunnat val jamoa aqidasiga ko‘ra, asharai mubashsharani tasdiq etish shart. Bularga va bulardan birortasiga ta’na qiluvchilar Ahli sunnat val jamoa aqidasida bo‘lmaganlardir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nomlarini aytib, jannat bashoratini bergan o‘n kishini Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularning jannatiy ekaniga guvohlik berganlariga binoan biz ham jannatiy deb guvohlik beramiz. U zotning gaplari haqdir.
Biz esa Jannat bashorati berilgan shu o’n sahobadan beshinchisi bo’lgan Hazrati Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu haqlarida qisqacha ma’lumot beramiz.
Muhammad Rasululloh sallallohu alayhi va sallam:
“Kim o‘lganidan keyin ham yerda yurgan kishini ko‘rmoqligi xursand qilsa, bas u Talha ibn Ubaydullohga qarasin” dedilar.
Talha ibn Ubaydulloh hazrati Abu Bakr Siddiqning irshodi bilan Islomni qabul qilgan beshinchi kishidir. To‘liq ismlari Talha ibn Ubaydulloh ibn Usmon ibn Umar ibn Ka’b ibn Sa’ad Tayim ibn Murra, nasablari oltinchi bobosi bo‘lgan Murraga yetganda Rasuli Akram hazratlari bilan qo‘shiladilar. Bu zot ilm va fazilat egasi bo‘lish bilan birga xayrli va savob ishlarni ko‘p bajarganligi sababli ham “Talhatil-xayr”, “Talhatil Javhar” nomlari bilan mashhur edi. Qizg‘ish oq yuzli, o‘rta bo‘yli, keng ko‘krakli, qahramonligi bilan dong taratgan hazrati Talha ibn Abdulloh olim va obidligi bilan ham tanilgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni joni dildan yaxshi ko‘rgan ixlosli bir musulmon edi. U zot: ,,Abu Bakr tufayli men islomni to‘rtinchi bo‘lib qabul qildim”, deganlar.
Abu Nu’aym rahmatullohi alayhi Salama ibn al-Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: ”Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu tog’ tarafdan bir quduqni sotib oldi va odamlarni taomlantirdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sen, ey Talha, fayyozsan!”, dedilar”.
Fayyoz degani «Toshqin daryo» ma’nosini anglatadi. Darhaqiqat, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam behudaga Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuga toshqin daryo laqabini bermagan edilar. U kishi topgan narsasini musulmonlar foydasi uchun xayr-u ehson qilishga oshiqar edilar.
Ushbu rivoyatda zikr qilingan quduqni Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu Zi qird jangidan keyin sotib olib, kishilarga hadya qilgan edilar. U quduqning nomi «Bibsan molih» (tuzli bibisan) edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quduqning nomini chiroyli qilib, «Noʻmon Toyyib» (Noʻmon yoqimli) deb o‘zgartirdilar. Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu Alloh taoloning yo‘lida xizmat qilardilar, musulmonlar jamiyati uchun ishlashdan ortib qolgan vaqtlarida tijorat bilan mashg‘ul bo‘lar edilar. U kishi eng boy shaxslardan hisoblanar edilar. Shu bilan birga eng ko‘p xayri-ehson qiladigan kishilardan edilar.
Abu Nu’aym va Ibn Sa’d Hasandan keltirgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: “Talha roziyallohu anhu o‘ziga tegishli yerni yetti yuz mingga sotdi. O‘sha kechasi uxlay olmay chiqdi. Mazkur moldan qo‘rqqan edi. Tong otishi bilan bo‘lib berib yubordi”.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuning sahiyliklari haqida:”So‘ralmasa ham ko‘plab molni beradigan Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan boshqa odamni ko‘rmadim”, deganlar.
Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu o‘z qarindoshlarining xarajatlarini ham ko‘tarar edilar. Ularning ichida nikohlanmagani bo‘lsa, nikohlab qo‘yar, kambag’ali bo‘lsa, xizmatini qilar, qarzdorlari bo‘lsa, qarzini uzar edilar.
Soib ibn Zayd roziyallohu anhu aytadilar: “Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuga safarda ham, hazarda ham sohib bo‘ldim. U kishiga o‘xshash dirhamda, kiyimda va taomda saxiy odamni hech ko‘rmadim”.
Bu shijoatli zotga hayotdaligidayoq jannat xushxabari berilgan edi.
Jamal voqeasida u hazrati Oisha tomonida bo‘ldi, Hazrati Ali unga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir so‘zlarini eslatganlarida darhol Harb maydonini tark etgan edi. Lekin Marvon ibn Hakam otgan o‘q uning tizzasiga tegib, qattiq jarohatlandi va shahid bo‘ldi.
Hazrati Ali jangdan keyin Talhaning jasadini ko‘rib, yig‘ladi va haqqiga duo qildi. Chunki alg‘ov-dalg‘ovli bir zamonda yashagan Talha zohiran tafriqaga tushib Hazrati Aliga muqobil jabhadan o‘rin olgan bo‘lsa ham aslida har doim Islomiyatning taraqqiyoti uchun xizmat qildi. Bunday zotlar ko‘rinishda ko‘ngilsiz voqealar oqimiga tushib qolsalar ham, niyatlari pok xayrli bo‘lgani uchun qadr e’tiborini yo‘qotmaydilar. Hazrati Talhaning shonli hayoti bu fikrning yorqin misolidir. Hazrati Ali bu haqiqatni chin dildan his etib 58 yoshida omonsiz Muhorabada shahid ketgan hazrati Talhaning janozasini o‘zi o‘qigan va ko‘z yosh to‘kib Alloh taologa u zot uchun duo qilgan edi. Vafotidan yigirma yil o‘tgach, qizi Oishaning taklifi bilan jasadi Basraga keltirilib, qayta dafn etildi.
Pag‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Talhani juda yaxshi ko‘rar edi. Din yo‘lidagi ulug‘ xizmatlarini e’tirof etar edilar. Alloh u zotdan rozi bo‘lsin.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 3-kurs talabasi Azizova Shaxnoza