Abu Hanifa rahmatullohi alayhning buyuk- imom
Fiqh ilmining qomusi desa arziydigan kitobning yozilish tarixini bayon qilish olimlar orasida “sirojul-umma” - ummat chirog'i unvoniga sazovor zot, mazhabboshimiz imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning ilm olamida tutgan martabalari bilan yaqindan tanishsak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tobe’inlardan, ya’ni sahobalarni ko‘rish baxti muyassar bo‘lgan zot – Imom A’zam Alloh taoloning bu ummatga bergan katta ne’matidir. Ahli sunna val jamoa mazhabi imomlaridan eng ulug‘i, Islom millatining faqihi bo‘lgan Imom Abu Hanifa hijratning saksoninchi yilida Iroqning Kufa shahrida tavallud topgan. U kishining bir necha sahobalar bilan suhbatdosh bo‘lgani, xususan Anas ibn Molik roziyallohu anhuni va yana yetti, sakkiz nafar sahobani aniq ko‘rgani rivoyat qilinadi. Imomi A’zam shunday ulug’ chashmalardan - Payg‘ambar alayhissalomni ko‘rgan kishilardan bahra olgan zotdir. Rivoyatlarda yana Imom Abu Hanifa tobe’inlardan to‘rt ming kishidan dars olgani va shuncha sanoqdagi odam u kishidan dars olib, olim bo‘lib yetilgani aytiladi. Shuning uchun u zotni barcha tan oladi, ulamoyu-fuzalo “Imom A’zam”, ya’ni “Ulug‘ imom” deya, o‘zlaridan muqaddam tutadi.
Zamondoshlaridan Yahyo ibn Ma’iyn degan kishi shunday guvohlik beradi: “Abu Hanifa shu qadar ishonchli ediki, qaysi hadisni to‘la yod bilsa, o‘sha hadisni aytar, to‘la yod bilmagan hadisni rivoyat qilmas edi”. Bu – kam uchraydigan sifat. Hatto birinchilardan bo‘lib eng sahih hadislarni to‘plagan zot, muhaddislar sultoni Imom Buxoriy ham yozib olganiga qarab hadis aytardi. Ammo Abu Hanifa faqat yod bilganlarini bayon qilar, hadisdan bir harf bo‘lsa-da yo nari, yo beri bo‘lishini ko‘tarolmas va unday hadisni aytmas edi. Hadis mazmunini to‘liq bilsa-da, yetkazishda biror so‘z almashib qolishidan xavotirda uni rivoyat qilishga botinmasdi. Bu so‘zlarni u zotning zamondoshlaridan biri aytyapti. Mana, oradan ming yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Bugun u kishini yaxshi tanimaganlardan: “Imom Abu Hanifa kam hadis rivoyat qilgan”, degan gaplar ham chiqib qoladi. Bu kabi bayonotlar, albatta, bilimsizligimiz oqibati. Demak, Imom A’zam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning aytgan hadislarini xuddi Qur’on oyatlari kabi aniq yod bilgan kishigina tilga chiqarishi mumkin, degan talabchanlik bilan, ko‘p hadis bilsa ham, ularni rivoyat qilmagan ekan. “Abu Hanifa hadisda eng ishonchli odam edi”, deydi so‘zini davom ettirib Yahyo ibn Ma’iyn. Tarixda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hadislarini yetkazishda ishonchli sanalgan bir nechta kishi bo‘lib, shulardan biri Imom Abu Hanifa ekan. Bu – juda katta martaba.
Shofe’iy mazhabi asoschisi Muhammad ibn Idris Shofe’iy rahmatullohi alayh aytadi: “Molikdan (Imom Molik – molikiya mazhabi boshlig‘i, Imom Abu Hanifadan yoshroq, Shofe’iydan kattaroqdir. Shofe’iy Imom Abu Hanifa vafot qilgan yili tug‘ilgan) ”Abu Hanifani ko‘rganmisiz?”, - deb so‘raldi. U kishi: “Ha, ko‘rganman. Men shunday odamni ko‘rdimki, agar u mana shu ro‘paradagi ustunni tilla ekan, desa uning tilla ekaniga hujjat keltirar ekan. E’tibor qiling, bir mazhab boshlig’i Imom Molik yana bir mazhab asoschisi Abu Hanifaning ta'rifida uchinchi bir mazhab asoschisi Shofe’iyning so’zlarini dalil keltiryapti. Bularning e’tiroflari qanchalik ko‘lamli va samimiy ekanini ko’rsatmoqda. Faqih Abu Abdulloh G'omyariy deydilar: “Abu Hanifa qozilikka buyurildi. Xato hukm chiqarib qo’yib,Alloh oldida gunohkor bo’lib qolaman,degan va bu ishdan bosh tortgan. Qayta-qayta taklif bo‘ldi. Qabul qilmadi. Oqibat, qozilik mansabini olmagani uchun o‘n darra urildi, so‘ng zindonga tashlandi hibsda dunyodan o‘tdi” . Qarang, Imom A’zamdek zot jinoyati uchun emas. adolatsizlikka sababchi bo‘lib qolmaslik tashvishida ko‘pchilik intiladigan obro‘li mansabni egallashdan bosh tortgani uchun hibsxonada, qamoqda vafot qildi. Taqvo shu qadar edi. Demak, u kishi gaplari rosa dalillanmasa, aniq oyati karimadan, sahih hadislardan, sunnatdan, sahobalardan hujjatlari bo‘lmasa, gapirmagan. U kishining mazhabidagi har bir masala shu darajada ishonchlidir. Imom Abu Hanifaning shogirdi, Islom olamida tan olingan ulug‘ zot Abdulloh ibn Muborakdan so‘raldi: “Molik faqihroqmi yoki Abu Hanifa?” Shunda u kishi: “Abu Hanifa”, — deb javob berdi”.
Istilohda “fiqh” so‘zining ma’nosi – dinni anglash, oyat, hadisning tagiga yetish, umuman, Islom dinining mag‘zini tushunishdir. Bilish – ilm; tagiga yetib, butun chuqurligi bilan mohiyatni anglash — “fiqh” deyiladi. Dunyoda fiqh darsini boshlab bergan inson Imom A’zamdir. Ya’ni oyat va hadislarning lafziga asoslanib, hukm chiqarmasdan, aytilayotganlarning qachon va qay holatda, nima uchun aytilayotganni o‘rganib, shu gap boshqa o‘rinda ham aytilganmi yoki yo‘qmi, hammasini solishtirib, barcha vaziyatlarni hisobga olgan holda, «bundan shu ma’no chiqadi”, deb anglab -anglatish Abu Hanifa tamal qo‘ygan ishdir. Buni butun dunyo tan oladi. Shu ma’noda kim faqihroq ekanligi to‘g‘risidagi savolga Ibn Muborakning bergan javobi, ya’ni olimlar shahri bo‘lmish Madinai-munavvaraning peshqadam ulamolaridan bo‘lgan Imom Molikdan ham ko‘ra Abu Hanifaning faqihroq deb tan olinishi bejiz emas. Xaribiy aytadi: “Abu Hanifaga ikki xil odamlar tosh otadi: yo hasadgo‘y, yo johil...” Zamondoshlari orasida Imomi A’zamga kimdir “tosh otgan” bo‘lsa, bu faqat hasaddan bo‘lgan. Keyingi davrlarda, jumladan, bizning zamonimizda u zotni kamsitadigan odamlar faqat nodonligi, johilligi uchun Abu Hanifa kimligini, umuman, dinni bilmagani uchun bu ishni qiladi. Shu ikki toifadan boshqasi u kishiga shak keltirmaydi. Aksincha, unga hamma rahmatlar aytadi, ergashadi, barcha uni tan oladi. Ulug‘ olimlardan Yahyo ibn Sa’id Qatton deydi: “Allohni, Allohning dinini haq deb bilamiz, Alloh nomi bilan aytamanki, biz Abu Hanifaning fikridan chiroyliroq fikrni eshitgan emasmiz. Abu Hanifa bir masala haqida fikr aytsa, eng to‘g‘ri, eng go‘zal fikr shu kishiniki bo‘lardi. Boshqa olimlar u kishining darajasiga yetolmasdi. Shuning uchun biz u kishining fikrlarini olganmiz”. “Agar Imom Abu Hanifaning ilmini o‘ziga zamondosh bo‘lgan hamma olimlar ilmi bilan taroziga solinsa, Abu Hanifaning ilmi og‘ir kelar edi”, - deydi Ali ibn Osim. U kishiga zamondosh bo‘lgan olimlar bizning zamonamizdagi yoki bundan besh yuz yil oldingi olimlar emas, balki sahobalarni ko‘rgan olimlar edilar. Qarangki shularning hammasini bilimi qo‘shilib, tarozining bir pallasiga qo’yilganda, Imom A’zam hazratlarining ilmi og’irlik qilar ekan. Islom olamida tan olingan imomimiz haqidagi bu e’tiroflarni behuda keltirmayapman. Shoyad, qanday ulug‘ ustozga ergashayotganimiz Qur’on va Hadisni, Islom shu darajada mukammal yetkazgan inson - mazhabimiz rahbari ekanini yaxshiroq tanisak, johil bo’lib qolishdan saqlansak, ozgina bo‘lsa ham ko’zimiz ochilsa va alal-oqibat, o‘rganmoqchi bo‘lganimiz fiqh ilmini ham anglab yetsak. Yetuk olimlardan biri Hafs ibn Fayyoz diqqatga sazovor shunday fikrni aytadi: “Abu Hanifani fiqh haqidagi gapi she’rdan nozikroq”. Bir qarashda oddiy tuyulgan bu so‘zlarni biz bejiz diqqatga sazovor deyishmadi. Ma’lumki, nazm juda nozik so‘zlar bilan ifoda etiladi va shu tarzdagi go‘zal iboralar to‘plamidan she’r tug‘iladi. Abu Hanifa fiqh – masala haqida gapirar ekan, xuddi ilhom bilan she’r o’qib kelganidek, balki undan ham nozikroq, undan ham chiroyliroq qilib yetkazardi. Shuning uchun Abu Hanifani faqat johil odamgina ayblaydi, aqli bor odam esa u kishini taniydi va albatta e’tirof etadi. Tobe’inlar ulug‘i, muhaddis olim A’mashdan bir masala haqida so‘raldi. Shunda u zot: “Bu masalaga eng yaxshi javobni ipakfurush (u kishining shunday kasblari bo‘lib, ipak do‘konlari ham bor edi ibn Sobit bera oladi. Mening o‘yimcha, Alloh No'mon ibn Sobitga ilmda baraka bergan”, - degan. Islom olamida eng tan olingan inson “bu masalani mendan so‘rama,javob qilishga haqqim yo‘q. Bu masalaga eng chiroyli javob aytadigan Abu Hanifadir”, - deyapti. Imom Shofeiyning ko'pchikka ma'lum va mashhur so'zlari bor: “Fiqhda qonunshunoslikda masala bobida dunyodagi odamlar, barcha olimlar Abu Hanifaning bola-chaqasidir. Abu Hanifa hammmasining otasi.Hech biri unga teng kela olmaydi. U zotga teng kelib masala ayta oladigan kishi yo'q”.Yana bir olim “Abu Hanifaning afzalligini isbotlashga hojat yo'q” deya ushbu mazmundagi she'rni keltirgan ekan.
“Kimki kunduzning kunduz ekaniga dalil topib ber, deydigan bo'lsa u holda odamlarning zehnida to'g'ri narsaning o'zi yo'q ekanda”
Ajabo! Kunduz paytida yorug'da turib, kunduz ekaniga dalil keltir deyish qanday bo'ladi? Abu Hanifaning qanday olim ekaniga hujjat ayt, deyish ham huddi shunday ish. Zamondoshlari va undan keyingi olimlar- dunyo tan olgan shaxslar Imom A'zamni shunday ta'riflaydilar. Ul zot hijratning 150- yilida 70 yoshlarida dunyodan o'tdilar. Maqbaralari Bag'dod shahrida joylashgan.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi
3-kurs talabasi Mamasharipova Xaticha