Imom G'azzoliy qoldirgan ijtimoiy-falsafiy meros
Ming yillardan buyon butun dunyoda “hujjatul islom” unvoni bilan ulug’lanib kelayotgan Imom Abu Homid G’azzoliy asarlari islom dini mohiyatini barcha nozik jihatlarigacha e’tiborga olgani, teran tafakkur va idrok etgani bilan ajralib turadi.
Imom Muhammad G'azzoliyning asarlari sho'rolar davrida falsafa fanida oʻqitilmay, ta'qiqlab kelindi. Tilga olinsa ham «yomon, reaksion faylasuf» deb qoralandi. Mustaqilligimizga erishganimizdan so'ng boshqa sharq mutafakkirlari kabi Imom G'azzoliyning hayot yo'li va merosiga haqqoniy ilmiy jihatdan yondashishga yo'l ochildi.
Imom G'azzoliy o'z davrida odamlar mashg'ul bo'lib turgan ilmlarni birma bir o'rganib chiqdilar. O'sha paytda odamlar asosan, ilmi kalom, botiniyya, falsafa va tasavvufga qiziqar edilar. Imom G'azoliy mazkur ilmlarni chuqur egallashga va ulardan qaysi birini tanlash maqsadga muvofiq ekanini aniqlashga kirishdilar.
Imom G'azzoliy izlanishlarini dastlab ilmi kalomdan boshladilar. Imom G'azzoliy ilmi kalomni shu sohaning olimlari va ularning kitoblaridan yaxshilab o'rganib, bu ilm bo'yicha quyidagi risolalarni yozdilar:
1. al-Iqtisod fil E'tiqod. (E'tiqoddagi mo'tadillik)
2.Iljomil avom an ilmil kalom. (Dindorlarni quruq ilmi kalom mashg'ulotlaridan saqlash)
3. Aqiydatu ahli sunna. (Sunniy aqiydalar)
4. Fazoihul botiniyya. (Botiniylarning uyatga qolishi)
5. Faysalut tafriqa baynal Islami vaz Zandaqa. (Islom va dahriylik
o'rtasidagi bo'linishning haqiqat mezoni)
6. Al-Qistosul mustaqiym. (Eng to'g'ri o'lchov)
7. Kimyous saoda. (Saodat kimyosi)
8. al-Mustazhiriy. (Zohir bo'luvchi)
9. al-Maznun bihi ala g'oyri ahlihi.
Imom G'azzoliying zamoniga kelib ilmi kalomda turg'unlik yuzaga kelgan edi. Ilmi kalom ulamolari o'tib ketgan katta imomlarning gaplarini mahkam tutib turishdan boshqa ishni qilmas edilar. Qadimgi gaplardan biroz chetlanish yo'l qo'yib bo'lmaydigan narsa degan tushunchada edilar. Zamon o'tishi bilan eskirib qolgan so'z va jumlalar o'rniga kishilarga tushunarlirog'ini keltirishga jur'at qilmas edilar. Imom G'azzoliy bu narsalarning hammasini bir tarafga qo'yib ulug'larning ilmlaridan foydalangan holda erkin ijtihod qildilar. Odamlarga ulamolarning yaqin uslub va tilda asarlar yozdilar va ilmi kalomda katta burilish yuz berishiga sabab bo'ldilar.
Keyinchalik Imom G'azzoliy haqiqat qidirib falsafani puxta o'rganishga kirishdilar. Faylasuflar “Faqat falsafa bilangina haqiqatni topish, saodatga erishish mumkin”, der edilar. Imom G'azzoliy esa aynan o'sha narsalarni qidirayotgan edilar. U kishi falsafani ixlos ila chuqur o'rganib o'sha davrning eng kuchli faylasuflaridan biriga aylandilar. Lekin Imom G'azzoliy falsafada ham o'zlari izlayotgan haqiqat mavjud emasligiga ishonch hosil qildilar. Ammo bu narsa ulug' olimga falsafa va faylasuflar haqida adolat ila hukm chiqarishga xalaqit bermadi. U kishi bu borada o'z ilmiy izlanishlari natijasini falsafa va mantiqqa atalgan o'z kitoblarida yozib qoldirdilar. Ular quyidagilardir:
1.Maqosidul falosifa. (Faylasuflarning maqsadlari)
2. Tahofutul falosifa. (Faylasuflarning mantiqsizligi)
3. Mahkun nazar fil mantiq. (Mantiqdagi nodir nazar)
4. Me'yorul ilm fil mantiq. (Mantiqda ilm me'yorlari)
5. Al-Mungiz minaz Zolal. (Adashishlardan qutqaruvchi)
Imom G'azzoliy o'z asarlarida falsafa va faylasuflarga xolisona baho berishga harakat qildilar. U kishi falsafaga oid ilmlarni oltiga bo'ladilar va ularning har biriga quyidagicha baxo beradilar:
1. Aniq fanlar. Hisob, handasa, jug'rofiya kabi ilmlar. Bu narsalarda dinga aralashilmaydi. Ular aniq hujjatlarga asoslangan ilmlar. Shu bois ularni inkor qilib bo'lmaydi. Ammo musulmonlar bu narsalarni ko'rib falsafaga oid hamma narsa shu kabi bo'ladi deb aldanib qolmasliklari kerak deb, G'azzoliy ta'kidlaydi.
2. Mantiq. Bunda ham dinga tegishli narsa yo'qligi, mantiqda aqliy o'lchovlarga nazar solish, burxon muqaddimalari shartlarini o'rganish, ularning tarkibidan xabardor bo'lish zarurligi uqtiriladi.
3. Tabiiy ilmlar. Bu ilmlarda ham dinga bog'liq narsalar yo'q. Ular hammasi tajribaga suyanadigan narsalar. Shuning uchun bularni ham inkor qilib bo'lmaydi.
4.Siyosiy ilmlar. Faylasuflarning bu sohadagi barcha gaplari dunyoviy ishlarga bog'liq narsalardan iborat bo'lib, ularning ko'pi Alloh taolo payg'ambarlarga nozil qilgan kitoblardan qolgan gaplardan olganlar. Shuning uchun bularning ham din-u diyonatga tegishli joyi yo'q.
5. Axloqiy ilmlar. Faylasuflarning bu boradagi ko'p gaplari so'fiylarning gaplariga to'g'ri keladi. Ulardan Islom ta'limotlariga to'g'ri keladiganini olib boshqalarini tark qilish lozim deb ko'rsatgan mutafakkir.
6. Ilohiyotga oid ilmlar. Bu borada faylasuflar o'zlari mantiqda yo'l qo'ygan shartlarga vafo qilmadilar, ulardan tashqariga chiqdilar va katta xatolarga yo'q qo'ydilar. Imom G'azzoliy asosan faylasuflarni xuddi shu borada tanqid qiladilar.
Bu ma’lumotlardan Abu Homid G’azzoliy rohmatullohi alayhi dinning fikriy dushmanlariga qarshi mujodalada mashaqqatli va qiyinchiliklarga to’la uzoq hayotni boshdan kechirganligini bilib olish qiyin emas. U zot mana shu qiyinchiliklar natijasida siddiqlik va ixlos maqomiga yetdi va o’zidan keyingi jamiyat va xalqlarning fikriy ma’naviy salohiyatiga ulkan ta’sir o’tkazgan olim va donishmand sifatida tarixdan munosib o’rin oldi.
"Xadichai Kubro" ayol-qizlar
o'rta maxsus islom ta'lim
muassasasi 3-kurs talabasi
Akbarova Shahzoda