“Tabsiratul adilla” asarining bibliografik tahlili
«Tabsiratul adilla» asarining qo‘lyozma nusxalari «Tabsiratul adilla» asarining qo‘lyozma nusxalari dunyoning bir qancha mamlakatlarida, shuningdek, vatanimiz kutubxona fondlarida ham saqlanmoqda. «Tabsiratul adilla»ning qo‘lyozma nusxalari asosan Misrda, Turkiyada, Eronda hamda yurtimizdagi qo‘lyozmalar xazinalarida mavjudligini tadqiqotchilar bayon qilganlar. Fransuz tadqiqotchisi K.Saloma «Tabsiratul adilla»ni nashrga tayyorlashda asosan Misr qo‘lyoma fondlarida saqlanayotgan to‘rtta qo‘lyozma nusxasidan foydalanganligi haqida nashrning muqaddimasida ta’kidlab o‘tgan.
K.Saloma asarni nashrga tayyorlashda foydalangan qo‘lyozmalarning birinchisi Misrning Iskandariya shahri kutubxonasida 779 B raqam ostida saqlanmoqda. Qo‘lyozma 209 sahifadan iborat. Nasx xatida bitilgan ushbu qo‘lyozma 659/1269 yili Muhammad ibn Hasan ibn Husayn ismli xattot tomonidan Buxoroda ko‘chirilgan bo‘lib, nashr muqaddimasida yozilishicha, «Tabsiratul adilla»ning eng qadimiy qo‘lyozma nusxasi hisoblanadi. Ikkinchi qo‘lyozma Qohiradagi «Dorul kutubil misriya» kutubxonasida saqlanmoqda. Bu qo‘lyozma 490 varaqdan iborat va yirik nasx xatida ko‘chirilgan. Nashr uchun foydalanilgan uchinchi nusxa Qohiradagi mashhur Azhar universiteti kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozmadir. U 4406 (301) raqami ostida bo‘lib, 383 sahifadan iborat. Nasx xatida bitilgan bu qo‘lyozma 1129/1717 yili ko‘chirilganligi haqida uning oxirgi sahifasida qayd etilgan. Afsuski, bu nodir qo‘lyozmani ko‘chirgan xattotning nomi zikr etilmagan. Suriyada nashr qilingan ushbu asar ikki jilddan iborat bo‘lib, birinchi jildi 21 ta bob va 24 ta qismlarni o‘z ichiga olgan. Kitobning ikkinchi jildi esa, 26 ta bob va 21 ta qismdan tarkib topgan. nashrning ikki jildini umumiy hisoblaganda 1012 betni tashkil qiladi. «Tabsiratul adilla»ning yana bir qo‘lyozma nusxasi Erondagi Oyatulloh Uzamiy Mar’ashiy Najafiy tashkil etgan «Xizanatul olamiya lil maxtutot Islomiya» (Islom qo‘lyozmalari bo‘yicha dunyo xazinasi) nomli kutubxonada 1707 raqami bilan saqlanmoqda.
Asarning ushbu qo‘lyozmasi haqida Erondagi ushbu kutubxonadagi qo‘lyozma asarlarga bag‘ishlab katalog sifatida Damashqda chop etilgan «Navodirul maxtutotil arabiya» nomli kitobda batafsil ma’lumot berilgan. Eronda saqlanadigan «Tabsiratul adilla»ning ushbu qo‘lyozma nusxasi nasx xatida xattot Ahmad ibn Qosim ibn Hasan ibn Mas’ud tomonidan 595/1199 yili muharram oyining 11 kuni yozib tugallangan. Qo‘lyozmaning xati nihoyatda tushunarsiz yozilganligi hamda satrlarning chalkashligi sababli uni o‘qib tushunish ma’lum darajada qiyinchilik tug‘diradi. Qo‘lyozma 179 varaqdan iborat bo‘lib, varaqlarining rangi qahva rangidadir. Qo‘lyozmaning birinchi betida (varag‘ida) Ibrohim ibn Fazlulloh Qattoniy, Muhammad ibn Abdilloh, Fayzulloh ibn Shayx Ahmad Hamd Sivasiy nomli mufahristlarning (sahifalovchilar) nomlari keltirilgan.
«Tabsira»ning qo‘lyozmasi saqlanayotgan Erondagi kutubxona xodimlari, asarning ushbu qo‘lyozmasi bilan tadqiqotchi K.Saloma kech, ya’ni «Tabsira»ning ikkinchi jildi nashrga tayyorlanayotgan vaqtda tanishishga muyassar bo‘lganligini va kalom ilmidagi ushbu muhim manbaning eng qadimgi qo‘lyozma nusxasini asarni nashrga tayyorlashda istifoda etolmaganligidan taassuf bildiradilar. Qo‘lyozmaning ko‘chirilgan yilidan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Erondagi ushbu nodir manba «Tabsira»ning eng qadimgi qo‘lyozma nusxasi hisoblanadi. «Tabsiratul adilla»ning yurtimizdagi Toshkent Sharqshunoslik instituti Abu Rayhon Beruniy nomidagi qo‘lyozmalar markazida ham ikkita qo‘lyozma nusxasi saqlanmoqda. Ushbu qo‘lyozma nusxalarning eng qadimiysi 3268 raqami ostida saqlanmoqda. Qo‘lyozma 266 varaqdan iboratdir. Sahifaning hajmi 15,5x22,5 sm.ga, matnning hajmi esa 11x18 sm.ga tengdir. Har bir sahifadagi matnlar 27 qatordan iborat. Qo‘lyozmanig qog‘ozi och sariq rangda bo‘lib, nasx xatida yozilgan. Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar markazidagi ikkinchi qo‘lyozma 5857 raqami bilan saqlanadi. Qo‘lyozma umumiy 289 varaqdan iborat bo‘lib, har bir sahifa hajmi 18x29,5 sm.ga, matnlar hajmi esa 10x20 sm.ga tengdir. Har bir varaqdagi matnlar 29 qatordan iborat. Qo‘lyozmaning oxirgi varaqida yozilishicha, ushbu nodir manba 1146/1734 yili Ali ibn Sharif Titlaviy tomonidan nasx xatida ko‘chirilgan. Qo‘lyozmada har bir mavzularning fasllaridan ayrimlari berilgan, xolos. Shuning uchun ushbu qo‘lyozmani «Tabsiratul adilla»ning to‘liq holi emas, balki uning qisqaritilgan sharhi, deb hisoblash mumkin.
Shuningdek, «Tabsiratul adilla»ning yana bir qo‘lyozma nusxasi Rossiya FA qoshidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida ham S 1319 raqami bilan saqlanmoqda. Qo‘lyozma 264 varaqdan iborat bo‘lib, afsuski ko‘chirilgan yili noma’lum. Asarning ushbu qo‘lyozma nusxasi uchta qo‘lyozma orasida eng mukammal va foydalanishga qulay bo‘lgan asardir. Chunki ushbu qo‘lyozmaning xati chiroyli, ravon va tushunarli ravishda yozilgan bo‘lib, varaqlari ham yaxshi saqlangan.
Birinchi qo‘lyozmani «Tabsiratul adilla»ning ikki nashri bilan solishtirganda, fasl va boblarda ixtiloflar ko‘zga tashlanmadi. Faqat qo‘lyozmada fasllar nomi bayon etilmagan va faqat «Fasl» deb ta’rif berilgan. K.Saloma va H.Otay nashrlarida har bir fasllarga nom berilgan. Nashrlar o‘zaro taqqoslanganda, «Tabsira»ning ikki nashridagi bob va fasllarning nomlari bir xil bo‘lib chiqdi. Bundan xulosa qilish mumkinki, ikki noshir foydalangan qo‘lyozmalarda fasllar nomlari ham yozilgan.
Ikkinchi qo‘lyozmada esa, kitobning dastlabki varag‘ida fasllar fihristi jadval shaklida berilgan. Qo‘lyozma xuddi nashrdagi kabi «Kalom fi tahdidil ilm» degan bob bilan boshlanadi. Lekin fasllarning nomi qo‘lyozmada umumiy shaklda berilgan, xolos. Masalan, nashrda imon mavzusidagi fasllar «Fasl fi ibtoli annal imon huval qavlul mujarrad», «Fasl annal imon yakunu bil qolb» kabi turli nomlar bilan atalgan. Yoki imomat mavzusidagi fasllar ham «Fasl fi vujubil iymon zohir», «Fasl fi imomatil mafzul» kabi nomlar bilan atalgan. Qo‘lyozmada esa, masalan imon haqidagi mavzular boshi «Kalom fil imon», imomat mavzusi «Kalom fil imoma» degan sarlavhalar bilan boshlanib fasllarning esa nomlari berilmagan. Shuningdek, nashr bilan qo‘lyozmada atoqli shaxslar, olimlar nomlaridan keyingi ataladigan salovot va rahmat so‘zlari turlicha ifodalangan. Qo‘lyozmada bu so‘zlar biroz kengroq berilgan. Lekin nashr va qo‘lyozmalar fasllarining matnida ixtilof va noqis jihatlari ko‘zga tashlanmadi. Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, «Tabsiratul adilla»ning yurtimizda saqlanayotgan 3268 va 5857 raqamli qo‘lyozma nusxalari asarning to‘liq va mukammal nusxasi hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasiga qarashli qo‘lyozmalar markazida ham 2360 raqam ostidagi qo‘lyozmalar majmuasida «Tabsiratul adilla»ning yana bir qo‘lyozma nusxasi saqlanadi. Majmuaga «Tabsira»dan boshqa yana «Vasiyat Abu Hanifa» (Abu Hanifa rahmatullohi alayhining shogirdlariga vasiyati), «Tuhfatul mutakallimin», «Sharh fiqhil akbar», «Sharh aqidati Tahoviya», «Bidoyatu Sobuniy», «Tabsiratul adilla», «Usulu shayxil ajal Abil Qosim Saffad», «Fiqhul akbar li sirojil ummat va koshifil umur Abi Hanifa rohimahulloh alayhi» va «Daftarus soniy fi aqoid» nomli asarlar ham kiritilgan.
Ushbu majmuada yuqorida zikr etilgan asarlar to‘liq holda berilmay, balki qisqartirilgan shaklda yozilgan. Qo‘lyozmaning oxirgi sahifasida o‘tgan asrning o‘rtalarida Musulmonlar diniy idorasi kutubxonasining xodimi Ustoz Alouddin Maxdum domlaning o‘g‘li Nodirxon Mahdumning imzoci qo‘yilgan va 1951 yil 3 aprel sanasi ko‘rsatilgan. Shundan xulosa qilish mumkinki, ushbu majmuadagi asarlar avval kutubxonada alohida-alohida va to‘liq bo‘lmagan holda saqlangan, Ustoz Nodirxon Mahdum ushbu qo‘lyozma nusxalarini kalom ilmiga oidlarini imkon qadar jamlab, yuqorida ko‘rsatilgan yilda majmua holiga keltirgan va uni «Tabsiratul adilla» deb nomlagan. Kitobning muqovasi ham ushbu kitob o‘tgan asrning o‘rtalarida qayta ta’mirlanganligidan dalolat beradi. «Vasiyat Abu Hanifa» va «Tuhfatul mutakallimin» asarlari 1275/1858 yilda Buxoroda ko‘chirilgan bo‘lib, afsuski qo‘lyozmada xattotning nomi ko‘rsatilmagan. Ushbu ikki asar nasx xatida qadimiy Samarqand qog‘oziga bitilgan. Qo‘lyozmadagi «Sharh fiqhi akbar», «Sharh aqidatit Tahoviya» va «Bidoyatus Sobuniy» asarlari 1096/1685 yilda xattot Nur Muhammad Shayx Kabir ibn Shayx Ali tomonidan ko‘chirilgan. Ushbu asarlar nasxta’liq xatida ko‘chirilgan. «Tabsiratul adilla» ushbu qo‘lyozmada o‘zining to‘liq ifodasini topmagan va nechanchi yil kim tomonidan ko‘chirilganligi ham noma’lumdir. Asar nash xatida yozilgan. U «Tabsiratul adilla»ning boshqa qo‘lyozma nusxalaridagi kabi kirish so‘zi bilan boshlangan. Qo‘lyozma sahifasining hajmi 17,5 x 11,5 sm.ga egadir. Asarning matni 12,5 x 7 sm.ga teng bo‘lib, har bir varaq 21 qatordan iborat. Ushbu qo‘lyozma «Tabsira»ning nashri bilan solishtirilganda, qo‘lyozmada asarning to‘liq mavzularidan ayrimlari tanlab jamlangan.
3-kurs talabasi Valixonova Omina