“Shahidlik” yoki hudkushlik amaliyoti va unga raddiya
Hozirda ba'zi guruh yoki shaxslar tomonidan “o‘z-o‘zini o‘ldirish” tushunchasi shahidlik deb noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Aslida bu harakatlar ham shaxsning o‘z hayotiga tajovuz qilishi bo‘lib, Qur'on va Sunnatga ko‘ra o‘z joniga suiqasd qilish
hisoblanadi. Dunyoning ba'zi davlatlarida hokimiyatga erishish uchun islom dinini niqob qilib olgan buzg‘unchi kuchlar tomonidan musulmon shaxsning ma'lum maqsadlar yo‘lida “o‘zini-o‘zi o‘ldirish”i “shahidlik amaliyoti” deb baholanishi ayni adashishdir. Islom ulamolari tomonidan mazkur “kuchlar”ning o‘z harakatlarini
oqlash maqsadida keltirgan barcha dalillari qoralangan va asossiz deb topilgan. Qadimgi faqihlar azoblanish yoki asirga tushishdan qutulish uchun o‘zini-o‘zi o‘ldirish haromligi haqida ittifoq qilishgan. Ibn Xazm aytadilar: “Fuqaholar shaxsni o‘zini-o‘zi o‘ldirishi, a'zolaridan birortasini kesishi, ayniqsa, kessa og‘rig‘i hayot uchun juda ham xavfli bo‘ladigan a'zosini kesib davolamasdan o‘zini-o‘zi qiynashi halol emasligiga ittifoq qilishgan”. Shuningdek, yana ko‘plab manbalarda islom faqihlari tomonidan musulmon shaxsning tinch-osoyishta hayotda o‘z o‘zini o‘ldirish u yoqda tursin, o‘ziga o‘lim tilash ham qoralangani ta'kidlanadi. Imom Qurtubiy Qur'oni karim “Niso” surasidagi: “Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz!”, – oyati haqida fikr bildirib, unda insonlar birbirlarini o‘ldirishdan qaytarilgan bo‘lsa ham, shaxsning o‘z joniga qasd qilishini o‘z ichiga oladi”, – deydi. Bugungi kunda mavjud zamonaviy fatvolarda ham “Niso” surasining mazkur 29-oyati asos qilinib o‘zi yoki boshqa shaxsni o‘ldirish islomda qat'iy man etilgani ta'kidlanadi. Unga ko‘ra bir kimsa dushman ichida o‘zini portlatsa, birinchi navbatda, o‘zi o‘ladi, qilgan ishi ochiqdan-ochiq o‘zini o‘ldirish hisoblanadi. Qolaversa, begunoh insonlar qoni to‘kiladi. O‘z joniga qasd qilgan va nohaq qon to‘kkan kimsa esa do‘zaxga tushishi Qur'on oyatlarida ochiq bildirilgan. Ayniqsa, mazkur fatvolarda o‘z Vatani hududida amalga oshirilgan hudkushlik amaliyoti kechirib bo‘lmas jinoyat ekanligi va bu – islom hamda millatdoshlariga nisbatannsodir etilgan eng katta xiyonat bo‘lishi ma'lum qilingan. Asrimizning zabardast ulamolari ushbu so‘zlarini isbotlash maqsadida: “Qur'on oyatlari va Sunnatda bayon etilgan o‘zini-o‘zi o‘ldirish to‘g‘risidagi man qilingan ko‘rsatmalarning mavjudligi, uning harom amal ekanligi uning noshar'iy amal ekanligidan dalolatdir”, – ---deydilar. Zamonaviy chiqarilgan fatvolar xulosasida mazkur amaliyotlarda o‘lgan kimsa shahid bo‘lmasligi va uni shahid deb nomlash ham mumkin emasligi, aksincha, mazkur amallar o‘zini-o‘zi o‘ldirish va o‘z joniga qasd qilish deb ta'kidlanadi.
Xadichai Kubro ayol-qizlar
o’rta maxsus islom ta’lim
muassasasi 3-kurs talabasi
To’xtasheva Xadicha