Buxoro – Islom madaniyati poyaxti
“Agar mendan sizni nima qiynaydi?” deb so’rasangiz, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasi deb javob beraman.
Sh.Mirziyoyev
O’zbekistonning islom olami va uni boyitish yo’lida amalga oshirgan turli izlanishlari va xizmatlari bois ona yurtimiz shaharlari ikkinchi bor shunday ulug’ nomga munosib deb toplidi. Ayniqsa, keyingi yillarda islom ilmiy merosi va yodgorliklarini asrash, boyitish, ajdodlarimizning turli davlatlardagi qo’lyozmalarni diyorimizga qaytarish bo’yicha qilinayotgan sa’y-harakatlar, ilmiy tadqiqotlar, tarjimalar, ilmiy nashrlar diqqatga sazovordir. Bu borada esa Buxoro qadimdan boshqa shahar va davlatlar uchun o’rnak bo’lib kelgan. “Qubbatul islom” ya’ni “Islom dinining gumbazi” nomiga sazovor bo’lgan nafaqat ilm-fan taraqiyyoti odimlagan, balki bu shahar barcha sohalarda, jumladan, o’zining muhtasham va ko’hna qadamjolari, madrasa va masjidlari, qadim qo’lyozmalari bilan ham ajralib turgan. Bugungi kunga kelib esa, Buxoro – 2020 yilda – Islom madaniyati poytaxti, degan ulug’ nomga sazovor bo’ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oi’zlarining Buxoroga tashriflari chog’ida bu shahar haqida: “… Bu joy ma’rifat markazi bo’lishi, odamlar o’ziga ilm olib ketishi kerak”, - dedilar.
Bu shaharni qancha ta’riflasak oz. Zero, bu shahar bir nechta nomlar bilan tarix zarvaraqlaridan o’ziga xos o’rin egallab kelgan. Buyuk tarixchi Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida yozishicha, Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr Buxoro ko’p ismlarga ega deydi va o’z kitobida Numijkat degan ismni keltiradi. Yana boshqa bir o’rinda deydi, men uni Bumiskat deb keltirilganini ko’rdim. Boshqa bir joyda arab tilida “madinat us-sufriya”, ya’ni “mis shahar” va yana boshqa joyda arab tilida “madinat ut- tujjor”, ya’ni savdogarlar shahri” deb yozilgan. “Buxoro” degan nom u nomlarning hammasidan mashhurroqdir. Bir hadisda Buxoro “Foxira” bo’lib kelgan. Xoja Imom, zohid, voiz Muhammad ibn al-Nujva Bodiy Salmoni Forsiydan bir hadis rivoyat qilgan. Salmonning (r.a) aytishicha, Payg’ambarimiz alayhis salom shunday deganlar: Jabroil alayhis- salom aytganlarki, kun chiqish tomonda bir joy bor, uni Xuroson deydilar. Uning uchta shaharini qiyomat kuni yoqut va marjon bilan ziynatlab keltiradilar. Ulardan nur chiqib turadi. U shaharlarning tevaragida farishtalar ko’p bo’lib, ular tasbeh, ham va takbir aytadilar. Kelinni juyov uyiga olib borgandek u shaharlarni e’zoz va ikrom bilan mahshargohga olib keladilar. Bu shaharlarning har birida 70.000dan bayroq, har bir bayroq tagida 70.000 tadan shahid(yotgan) bo’ladi. Har bir shahidning shafoati bilan forscha so’zlovchi va Xudoni bir deb biluvchi 70.000 kishi azobdan qutiladi. Qiyomat kuni u shaharlarning har tarafi – o’ng va so’li, oldi va orqasi 10 kunlik yo’l bo’lib, bularning hammasida shahidlar turadi. Hazrat payg’ambar alayhis-salom, ey Jabroil! U shaharlarning nomlarini menga ayting deb so’radi; Jabroil alayhissalom- shaharlarning birini arab tilida Qosimiy forschada, Yashkard deydilar; ikkinchisini arabchada Samaron, forschada Samarqand deydilar. Uchunchisini arabchada Foxira, forschada Buxoro deydilar, - deb javob berdilar. Payg’ambar alayhis-salom so’radilar :ey Jabroil! Nega Foxira deb ataydilar? Jabroil: shuning uchunki, qiyomat kuni Buxoro shahri o’zida shahidlarning ko’pligi bilan faxr qiladi deb javob berdilar. Payg’ambar alayhissalom xitob qilib: Ey xudo! Foxiraga barokat bergin. Uning xalqlari dillarini taqvo bilan pok etgin, ishlarini pokiza qilgin va ularni mening ummatimga marhamatli qilgin! –dedi.
Ana shu ma’ni tufayli buxoroliklarning rahmdilliklariga, ularning e’tiqodlilik va pokliklariga, kun chiqish va kun botish guvohlik beradi.
Buxoro IX asrdayoq Abu Hafsi Kabirningsharofati bilan “Qubbat-ul islom” (Islom dinining gumbazi) unvonini olgan. Buxoroyi sharif (Sharofatli Buxoro) esa qadimda Buxoroning keng tarqalgan nomlaridan biridir. O’rta asrlarda jahondagi 7 shahar: Makka, Madina, Quddus, Buxoro, Bag’dod, Damashq, Mozori sharifga diniy markaz sifatida shuhrat qozonganliklari uchun “Sharif” unvoni berilgan. Xuroson shaharlaridan birontasi ham bunchalik ko’p nomga ega bo’lgan emas. Bu qadar betakror nomlar bilan nomlangan yurtda tug’ilib, o’sib, islom dinining turli sohalarida ijod qilgan allomalarimiz haqida gapirar ekanmiz, avvalo, Hoja imom Abu Hafsi Kabir Buxoriy, shu o’rinda bu kishining islom olamidagi o’rnining qanchalik ahamiyatli ekanligidan xabar bergan, yana Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida keltirilgan quyidagi jumlalarni keltirib o’tishni lozim topdik.
Buxoro aholisining ilmli bo’lishiga, Buxoroda ilm keng tarqalishiga va ulamolarining hurmatli bo’lishiga sabab bo’lgan shaxs Buxoroning mutaaxxirlaridan, jumladan, ham zohid, ham olim bo’lgan Hoja imom Abu Hafsi Kabir Buxoriydir. Uning o’g’li Abu Abdullohning ham (ilmi shu darajada ediki, (hojilar) karvoni hajdan qaytib kelayotganida ularning ulamolari Hoja imom Abu Hafs oldilariga kelib, undan masala so’rar edilar. Shunda Abu Hafsi: “O’zing- ku Iroqdan kelyapsan, nima uchun Iroq olimlaridan so’ramading?” - deb so’rar, u olim esa: “Bu masalada Iroq olimlari bilan munozara qildim. Ular javob beraolmadilar va menga Buxoroga borganingda bu masalani Hoja imom Abu Hafs Buxoriydan yoki uning farzandlaridan so’ra!”- dedilar, deb javob berar edi. Ana shundan keyin Abu Hafs u masalaga to’g’ri javob berar ekan.
Bundan tashqari Buxoro dini Islomning taraqqiy etishi natijasida ko’plab diniy sohalarning, xususan, tasavvufning rivojlanishida ham asosiy makon bo’lgan. Masalan, tasavvufning yirik namoyondasi, mashhur avliyo, Hojagon nom bilan shuhrat qozongan O’rta Osiyoda yangi tariqat asoschisi va rahnamosi, Abduxoliq ibn Abduljamil G’ijduvoniy, shuningdek, xalq orasida “Balogardon” (ya’ni duo bilan balo-qazoni daf qiluvchi) unvoni bilan mashhur bo’lgan, Naqshbandiya tariqatining asoschisi, Muhammad binni Muhammad Bahouddin an-Naqshbandiyni keltirib o’tish mumkin. G’arbda Avitsenna nomi bilan mashhur bo’lgan Abu Ali al- Husayn ibn Abdulloh ibn Al- Hasan ibn Ali ibn Sino, tib olamida tibbiyot ilmining otasi deya tanilgandir. Bu yurt butun islom olamida “Muhaddislar Imomi” degan yuksak unvonga sazovar bo’lgan, islom dinida Qur’oni karimdan keyin muqaddas ikkinchi manbaa hisoblangan “Sahihi Buxoriy” nomli hadis kitobi muallifi imom Buxoriyning kindik qoni to’kilgan yurt o’z bag’rida yana Xo’ja Orif Regariy, Sayyid Amir kulol Buxoriydek buyuk siymolarni va millatimiz adabiyotida munosib o’rin egallagan Ahmad Donish, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo’jayevlarni yetishtirib chiqargan yurt hisoblanadi. Bu kabi allomalarimiz o’z asarlari bilan islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo’shib kelganlar.
Shu o’rinda Buxoroyi sharifga islom dinining ilk qadamlari haqida to’xtalib o’tsak, buning uchun yana Narshaxiyning Buxoro tarixiga murojaat qilamiz. Qutayba ibn Muslim Hajjoj tomonidan Xuroson amiri qilib tayinlangach, Xurosonga kelib butun Xurosonni o’ziga bo’ysundirdi va To’xoristonning fath etilishi (ham) uning qo’lida tamomlandi. U (12- dekabr 706-30- noyabr 707) Jayhun daryosidan o’tdi. Baykand aholisi bundan xabardor bo’lib, Baykandni shoriston deganlar va mustahkamligidan, uni “jez shahri” deb ham ataganlar. Qutayba juda qattiq jangler qildi va oxiri xiyla ishlatdilar. Nihoyat Hisorni oldilar. Baykand aholisi omon tiladi. Qutayba sulh tuzib mol oldi va Varqo ibn Nasr Bohiliyni ularga amir qildida, o’zi Buxoroga qarab yurdi.
Qutayba ko’p janglar qilib Xunbunni, Torobni hamda ko’pgina mayda qishloqlarni oldi va Vardonaga ketdi. U yerda Vardonxudot nomli bir podshoh bor edi., u bilan ko’p urushdi va oxiri Vardonxudot o’lib, Qutayba ko’p qishloqlarni oldi. Islom lashkarlari har safar Buxoroga kelganida yozda g’azot qilar, qishda esa qaytib ketar edi. To’rtinchi marta kelganida Qutayba jang qilib Buxoro shahrini oldi, ko’p qiyinchiliklardan keyin ( bu yerda) islom dinini yuzaga chiqardi va har turli yo’llar bilan ularga qiyinchiliklar tug’dirib, dillariga musulmonchilikni o’rnashtirdi. Qutayba masjidlar bino qildi, kofirlik va otashparast asarlarini yo’qotdi. U ko’p jidd-u jahd qilib, har kimdanki, shariat hukmlarini bajarishda kamchilik sodir bo’lsa, uni jazolar edi. Qutayba masjidi jome bino qildi va odamlarga juma namozini o’qishga buyruq berdi, toki Xudoi taolo bu yaxshi ish savobini Buxoro aholisi uchun oxirat zaxirasi qilsin!
Buxoroyi sharif hozirda 140 dan ortiq arxetiktura yodgorliklarini o’zida saqlagan bo’lib, musulmon olamidagi ilk ilmgoh - madrasa bunyod etildi. Bu qadimiy madrasa X asrda Buxoroning Kavushdo’zlar mahallasi yaqinida bino qilindi. U Farjak madrasasi nomi bilan tanildi. Keyinchalik, 1530-1533- yillarda qurilgan Mir Arab madrasasi, Jo’ybori kalon ayol-qizlar madrasasi, Magoki Attor, Ismoil Somoniy, Chorbakr, Minoari Kalon, Ark qal’asi, Labihovuz, Chorminor, Bahouddin Naqshband kabi qadamjolarni eshitmagan kishi bo’lmasa kerak. Ayniqsa, mustaqillikka erishganimizdan so’ng yanada obodonlashtirilib, qadimiy maqbaralar ta’mirlanib, qaytadan bunyod etilmoqda.
Ayniqsa, muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Mir Arab oliy madrasasing va madrasa huzurida “Tasavvuf ilmi maktrabi” tashkil etilishi islom olamida quvonchli voqea bo’ldi. Bu kabi harakatlar mamlakatimizda islom diniga bo’lgan e’toborning naqadar yuksakligiga va Buxoroning qaytadan diniy ilmlar o’chog’iga aylantirish maqsadida amalga oshirilmoqda
Yurtimizdagi yana bir shaharning “Islom madaniyati poytaxti” deb atalishi mutaxassislar, sayyohlar va ziyoratchilarning yurtimizning har bir go’shasiga bo’lgan qiziqishini, e’tiborini orttiradi. Bu esa o’z navbatida har bir o’zbek farzandi qalbida faxr-iftixor tuyg’usini uyg’otadi. Shu o’rinda aytib o’tish joizki, bu kabi e’tibor biz kabi har bir yosh avlodning zimmamizga yanada ulkan mas’uliyat yuklash bilan birga bizdan yangi ilmiy tadqiqitlar, tarjima asarlar talabini oldimizga ulkan va sharafli vazifa qilib qo’yadi.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi
4-kurs talabasi Shamsiddinova Sarviniso