Olamning Alloh taoloning birligiga dalil ekanligi
Qadimgi aqoid kitoblarida Alloh taoloning borligiga dalil keltirish odat bo’lmagan. Chunki bunga hojat bo’lmagan va ulamolarimiz insonlarning Allohning borligiga hech shubha qilmasliklariga ishonganlar. Bugungi kunimizga kelib bir qancha sabablar tufayli Allohning borligini rad qiluvchi toifalar ko’paygani uchun aqoid kitoblari dastlab Allohning borligiga dalil keltirish bilan boshlanadi.
Alloh taoloning borligini isbot qilish aqoidning bosh masalasidir. Chunki aqoidning boshqa masalalari aynan Alloh taoloning borligiga iymondan kelib chiqadi. Alloh taoloning borligiga dalil keltirish Allohning borligini inkor qiluvchi insonga qaratilgan bo’lgani uchun o’sha insonga Qur’ondan dalil keltirishning hojati yo’q. Chunki Allohni tan olmagan inson Qur’onni ham tan olmaydi. Shuning uchun Allohning borligiga aqliy va ilmiy dalil keltirish kerak bo’ladi.
Buyuk Alloh tabarok va taolo atrofimizdagi olamlarni, hayvonot, nabodot, dengizlar olami, samo yo’li, son-sanog’i yo’q yulduzlar va
gallaktikalar moddiy va ruhiy dunyolarning sohibi bo’lgan va birgina “Bo’l” deyishi bilan shuncha borliqni yo’qdan bor qilgan ulug’ zotdir.
Bu olamlar shunchalar ko’p va shunchalar kengki, bizning ojizona
aqlimiz, ularni idrok qilolmaydi va barchasini qamrab ololmaydi. Zero, shu xilma-xillik ya’ni, turli olamlarning va jonzotlarning borligi shu behisob mavjudlik
Buyuk yaratuvchining mavjudligiga dalil emasmi?!
Alloh taoloning borligiga aqliy dalillarning birinchisi yo’qdan bor qilish dalili.
Agar o’ylab ko’rilsa, inson o’zini o’zi yarata olmaydi. Nafaqat o’zini, balki narsani – biror tukni ham yo’qdan bor qila olmaydi. Inson farzandini ham o’zi yaratgan emas. Yarata olmaydi ham. Aqli bor bo’lgan inson buni tan oladi.
Ikkinchi dalil – inoyat dalili.
Inson bir go’zal uyni ko’rsa va u go’zal, chiroyli tartibda qilingan bo’lsa, uni barpo qilgan odam o’ta didli, tadbirli kishi qilgan bo’lsa kerak, deb o’ylaydi. Tadbirli kishi uyni tartibini kuzatib turmasa uning go’zalligi yo’qoladi. Endi inson borliqqa nazar solsin. Undagi mutanosiblikni, aql lol qoladigan darajadagi tartibni ko’rib, uning yaratuvchisi, bor qiluvchisi borligini tafakkur qiladi.
Uchinchi dalil – harakat dalili.
Dunyodagi barcha narsalar harakatdadir. Yer, quyosh, oy, yulduzlar harakat qiladi.
Ular aniq o’lchov bilan harakatdadir. Bunday aniq o’lchovni Yaratgan Zotdan boshqa hech kim qila olmaydi. Alloh taolo inson zotini yaratganida farishtalar olamidanda
mukarram etdi va insonga sajda ettirdi. Farishtalar bilmaydigan o’zining
go’zal ilm sifatlarini o’rgatdi. Bu bilan buyuk yaratuvchi insonni tafakkur,
aql yuritish xislati va fazilati bilan rizqlantirdi. Shuningdek biz olamlar yaratilishidagi ma’lumotlarni manbai sifatida Qur’on Karimga yuzlanamiz.
Undagi naqliy dalillarni aql bilan tasdiq etamiz. Mana shu harakatlar
Olamning Allohning borligiga dalil sifatida xizmat qilib, uning tavhidi bu
yagona Zot ekanligining isbotidir.
Biz yashayotgan mana shu olam Buyuk yaratuvchining qudrati qanchalar buyuk ekanligiga dalolat qilar ekan, bizning Uning qudrati oldida hech kim emasligimiz namoyon bo’ladi. Shunday ekan Buyuk Yaratuvchiga bandalik qilishimiz, Unga doim hojatmand ekanligimizni tan olishimiz bizning oily vazifamiz bo’lib qoladi.
Xadichai Kubro ayol-qizlar
Islom ta’lim muassasasi 4-kurs talabasi
Imomova Aziza