Alloh tavba qiluvchilarni sevadi
Xato qilish, adashish insonga xos tabiat. Undan qochib qutilishning iloji yoq. Alloh taolo insoning bu tabiatini biladi va o’z kitobida shunday marhamat qiladi : "Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadi" (Baqara surasi, 222 oyat). Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rostgo’y zot Rosululloh sollallohu alayhi va sallam o’z hadisi shariflarida: “Odam bolasining barchasi xato qilguvchidir. Xato qiluvchilarning eng yaxshisi tavba qiluvchisidir.” (Imom Termiziy va Moja rivoyati) deya marhamat qilganlar. Darhaqiqat hayotimiz davomida o’zimiz bilib-bilmasdan ko’p gunohlarga yo’l qo’yamiz. Hadisda aytilganidek begunoh insoning o’zi yo’q, muhimi vaqtida tavba qilishlikdir. Banda tavbani chin pushaymon ila qilishi va bu gunohga qaytmasligi kerakdir. “Tahrim” surasida Alloh tabaroka taola : “Ey imon keltirganlar! Allohga chin tavba qiling, shoyadki, Rabbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa! U kunda Alloh payg‘ambari va u bilan birga imon keltirganlarni sharmisor qilmas. Ularning nurlari oldilarida va o‘ng tomonlarida yurar. Ular: “Ey Rabbimiz! O‘zing bizlarga nurimizni komil qilib bergin va bizlarni mag‘firat etgin. Albatta, Sen har narsaga qodirsan”, derlar” deb marhamat qilgan. Tavba namozi ila boʻlgani esa yanada kuchli va qabuli osondir. Namoz moʻminning silohi deyilgani ham shundandir. Moʻmin kishi namoz ila har qanday qiyin narsaga ham osonlik bilan erisha oladi. Ojiz banda gunoh ish qilib qo’ysa, iymoni uni darhol tavbaga chorlashi zarur. Qilib qoʻygan gunohlariga afsuslanib, darhol tahorat olib, namozida chin tavba qilsa, Allohga istigʻfor aytsa, ikkinchi bu gunohini qayta qilmaslikka qa’tiy ahd qilsa, in shaa Alloh uning tavbasi qabul bo’ladi. Ali roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilinadi: “… Holat shu boʻldiki, menga Abu Bakr bir hadis aytdi. Zotan u sodiqdir: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: Qaysi bir odam gunoh qilib qo‘yib, so‘ngra turib, tahorat qilib namoz o‘qisa, keyin Allohga istig‘for aytsa, albatta, Alloh uni mag‘firat qiladi”, deganlarini eshitdim. So‘ngra u zot: “Ular qachon fahsh ish qilsalar yoki o‘zlariga zulm qilsalar, Allohni eslarlar va gunohlariga istig‘for ayturlar” oyatini qiroat qildilar”, dedi” (Imom Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilganlar.) Naqadar go’zaldir bu din! Xatto xatokorning tavbasi maqtalgandir, u bilan najot topadi. Tavba qilib o’qilgan namozi esa o’ziga nofiladir. Oxiratda esa Robbisi huzurida suyulgan, sevilgan bandalaridan bo’ladi. Allohim barchamizni tavbalarimizni qabul qilsin, solih bandalari qatoriga qo’shsin! Amin!
3-kurs talabasi Umarxo’jayeva Fotima