SHAYTONNING PAYG’AMBAR ALAYHI SALOMLARGA YO’LIQISHI
Nuh alayhissalomga yo’liqishi.
Nuh alayhissalom Allohning amriga ko’ra, har jonivordan bir juftdan olgandan so’ng kemasiga chiqadi. Bir mahal qarasa, kemaning bir burchagida u tanimagan bir chol o’tirgan edi. Nuh alayhissalom undan: “Seni bu yerga kim chiqardi?”, deb so’radi.
Chol: “O’zim chiqdim. Sening odamlaringning yuragiga vasvasa solib, qalblarini men bilan, tanalarini esa sen bilan qoldirish uchun!...” Nuh alayhissalom uning shayton ekanligini anglaydi va: “Daf bo’l bu yerdan! Allohning dushmani! La’nati!” – deydi.
Shunda shayton shu so’zlarni aytadi: “Besh narsa borki, men o’shalar bilan insonlarni to’g’ri yo’ldan chiqaraman. Bularning faqatgina uchtasini aytay senga! Qolgan ikkitasini aytmayman.”dedi. Lekin huddi shu asnoda Alloh Nuh alayhissalomga vahiy yo’li bilan ishora qilib dediki: “Sening u uchtaga ehtiyojing yo’q. Qolgan ikkitasini aytsin!”, dedi. Bu xabardan so’ng Nuh alayhissalom: “Qolgan ikkitasini aytishingni istayman”, - deydi. Shayton shunday deb aytdi: “Qolgan ikkitasi shunday narsalarki, meni hech kim yolg’onchiga chiqarolmaydi. U ikki narsa shuday xislatga egaki, hech kim meni tashlab ketolmaydi. Shu ikki narsa bilan men mo’ljalga bexato uraman. Shu ikki narsa bilan men insonlarni halok etaman. Bular – hirs va hasad!... Hasad tufayli men Allohning la’natiga uchradim, quvg’in bo’ldim. Hirs masalasiga kelinsa, jannatda Odamga bir daraxtdan boshqa har narsa muboh qilingan edi. Men hirsning yordami bilan niyatimga yetdim. Odam hirs tufayli taqiqlangan mevaga qarab, bordi”dedi.[1].
Ayyub alayhissalomga yo’liqqani.
Shaytoni laʼin Allohdan so‘radi: “Ayyubga ziyon bershimga ruxsat ber!» Alloh taolo Ayyub alahissalomning naqadar itoatkor ekanini, Xaq yo’lidan qaytmasligini shaytonga ko‘rsatib, uning burnini ishqash uchun ruxsat berdi. Shunda shayton barcha lashkarlarini yig’ib,hujumga o‘tdi. Ayyub alayhissalomning boshiga musibatlar yog’ila boshladi. Xabar keldiki, Ayyub alayhissalomning ziroatlari yondi, tuyalarini o‘g‘irlab ketishdi, qo‘y-echkilari qirilib ketdi. Ayyub alayhissalom faqat bolalari bilan hech narsasiz qoldi va ularga to‘ng‘ich farzandinikiga birga ovqat yeyish uchun yig’ilishini buyurdi. Ular to‘plangach, otalari yetib borgunga qadar qattiq dovul turib, ularning hammasi tom ostida qolib halok bo‘ldilar. Shu payt shayton bola suratida kelib, Ayyub alayhissalomga: “Bolalar ovqat yeb turgan paytda ustilariga tom qulab tushdi, katta musibat bo‘ldi, agar ularning qonlari yeb turgan ovqatlari bilan aralashib ketganini ko‘rsang edi!” dedi. Ey voh! Ayyub alayhissalomni sabrsizlikka chorlagan shayton shunday hiyla - nayrang qildi. Shunda Ayyub alayhissalom xotirjamlik bilan: “Sen qayerda eding?” deb so‘radi. Shayton bolasi: “Men ular bilan edim, qutilib qoldim”, dedi. Ayyub alayhissalom bu shayton ekanini bilib, haydab yubordi va Allohga iltijo qildi. U: “Ey, Rabbim! Men bugun onamdan tug‘ilgan kunimdagidek hech kimsiz va hech narsasiz qoldim, mening duolarimni qabul et”. Ayyub alayhissalom shu tariqa ibodatga berildi. Shayton qattiq ingradi, hatto uning ovozini yeru- osmon eshitdi. U Allohdan yana so‘radi: “Ey, Alloh, men uni yenga olmadim, u sen bilan asranib, sening panohingga o‘zini urdi, menga ruxsat ber, uning taniga aziyat beray!” Shunda Alloh: “Uning tanasiga aziyat berasan, lekin qalbiga emas”, dedi. Ayyub alayhissalom qattiq kasal bo‘ldilar. Qiyinchilik va nochorlikda qoldilar, lekin shikoyat qilmadilar. Shunday kunlarning birida xotinlari: “Bugun sochimni qirqib sotdim, sizga biror narsa yedirish uchun boshqa hech narsamiz qolmadi, Allohdan so‘rang, sizga shifo bersin”, deganlarida, Ayyub alayhissalom sabr bilan: “Biz yetmish yil to‘q yashadik sabr qil, ochlikka ham chidaylik”, dedilar. Bu og‘ir mashaqqat yetti yil davom etdi. Sog‘ligidan, bolalaridan, molidan ajralgan Ayyub alayhissalom yetti yil badalida ham bir marta bo‘lsa - da, nolimadi, balki duo qildi: “Ey, Rabbim! Menga sening yaxshiliklaring juda ko‘p bo‘ldi, agar sen bergan molu-davlat, bola va obro’ tufayli senga nisbatan eʼtiborsizlik qilgan bo‘lsam, hammasi ketdi va meni o‘zing bilan xoli va faqat o‘zing bilan qiziqadigan qilib qo‘yding. Sendan o‘tinaman, buni shayton bilmasin, menga hasadi keladi”[2]. Ayyub alayhissalom erishgan go‘zal maqom cheksiz sabr va to‘liq imonning tuhfasi edi.
Muso alayhissalomga yo’liqishi.
Hazrati Muso alayhissalom Tur tog‘iga borayotganlarida yo‘lda u zotga Iblis duch keldi. U zot uni darhol tanidilar va uni urish uchun asolarini ko‘tardilar. Iblis dedi: “Ey Muso! Men asodan qo‘rqmayman, lekin soflikka ega bo‘lgan qalbdan qo‘rqaman”. “Soflikka ega bo‘lgan qalbning alomati nima?” dedilar.U: “Hasadni tark etish va jasadni muhofaza qilishdir, pistirmaga, yaʼni yo‘lga muntazir bo‘lishdir” dedi. Keyin yana dedi: “Ey Muso! Senga to‘rt narsa haqida nasihat qilaman: 1) hasaddan saqlan, chunki Qobil Hobilni hasadning shumligidan o‘ldirdi va hasadning shumligidan Allohga kufr keltirdi; 2) kibrdan saqlan, chunki men kibrning sababidan laʼnatlandim va quvildim; 3) begona ayol bilan xoli qolishdan saqlan, chunki u yerda uchinchilaringiz men bo‘laman”. Iblis keyingi alomatni ham aytmoqchi bo‘lib turgan edi, nogahon bir farishta tushib:
“To‘rtinchisini eshitmang, chunki uning rost so’zi tamom boldi!”[3] dedi.
Shaytoni la’inning payg‘ambarimiz Muhammad mustafo alayhissalomga yo‘liqqani.
Imom Muslim rivoyati. Bir kuni payg‘ambarimiz namoz o‘qiyotib, “Allohdan panoh so‘rayman”, dedilar. So‘ngra: “Senga Allohning laʼnati bo‘lsin”, dedilar va qo‘llarini oldinga go‘yoki bir narsani ushlab olmoqchidek, uch marta uzatdilar. Shunda sahobalar: “Nega bunday qildingiz?”, deb so‘raganlarida, “Shayton yuzimga bir olov uchqunini olib keldi, uni daf qildim. Agar do‘stim Sulaymonning: “Mendan keyin hech kimga bermaydigan mulkingni ber”, degan duolari bo‘lmaganida uni ushlab, bog‘lab berar edim, bolalar o‘ynab yurardi”, dedilar. Yana bir marta shayton Payg‘ambarimizni o‘t bilan qo‘rqitmoqchi bo‘lganida, Jabroil alayhissalom ushbu duoni o‘rgatdi: “Allohning buyuk so‘zlarini aytib, yomonlarning yomonliklaridan panoh tilayman. Osmondan tushadigan, yerdan chiqadigan yomonliklar, kecha - kunduzdagi yomonliklar va har xil yomonlikdan panoh tilayman”. Shayton keltirgan o‘t o‘chdi va Alloh shaytonni sharmanda qildi[4].
[1] “Jin va Shaytondan saqlanish yo’llari” Vohid Abdusalom Boliy. “G’.G’ulom” nashriyot. 2018 yil
[2] “Jin va Shaytondan saqlanish yo’llari” Vohid Abdusalom Boliy. “G’.G’ulom” nashriyot. 2018 yil
[3] “Bahrul – Mahabba” Muhabbat dengizi. Abul-Futuh-Shayx Ahmad G’azzoliy. Toshkent. “Sharq”. 2019y.
[4] “Jin va Shaytondan saqlanish yo’llari” Vohid Abdusalom Boliy. “G’.G’ulom” nashriyot. 2018 yil