Missionerlik - Bahoiylar misolida
Bahoiylik – XIX arda Eronda bobiylik oqimi zamirida vujudga kelgan diniy oqim. Sherozlik Sayid Ali Muhammad 1844-yilda Bob (arabcha – “eshik”), ya’ni yangi davrga “eshik” nomini olib, yaqin orada “Xudo elchisi”ning namoyon bo’lishi, kishilarga yangi davrning asosiy qonunlari va nizomlarini in’om etishini targ’ib qila boshlagan.
Bahoiylik Hindiston, Uganda, Keniya, Eron, Misr, AQSH, Kanada kabi qator mamlakatlarda tarqalgan. Hozirgi kunda bahoiylarning 9 ta ibodat uyi, 200ga yaqin milliy hamda bir qancha mahalliy majlislar mavjud.
Bahoiylarning muqaddas ibodatxonasi Akka shahrida joylashgan. Xayfa shahri muqaddas shahar hisoblanib, dunyo bahoiylarining ziyoratgohi hisoblanadi. Bu yerda, 1957- yilda bahoiylikning rahbarlik organi tashkil etilgan.
Bahoiylik ta’limotiga ko’ra, Bahoullo oxirgi payg’ambardir. Undan keyingi payg’ambar esa ming yildan so’ng kelishi mumkinligi da’vo qilinadi. Ta’limot o’zining quyosh taqvimiga ega: unga muvofiq bir yilda 19 oy bo’lib, har oyda 19 kun bor. Har 19 kundan jamoaning barcha a’zolari ibodat qilish, jamoa bilan bog’liq bo’lgan ishlarni muhokama qilish, o’zaro birodarlik aloqalarini mustahkamlash uchun yig’iladilar. Kuniga uch marta Isroilning Akka shahriga qarab ibodat qilinadi. Umumiy ibodat duo o’qish, meditatsiya hamda bahoiylikning asosiy kitoblari va jahon dinlari muqaddas kitoblaridan matnlar o’qish orqali amalga oshiriladi. Har yili 2 martdan 20 martgacha bahoiylar kun chiqardan kun botgunga qadar ovqat va suvdan o’zlarini tiyib, ro’za tutadilar.
Shuningdek, bahoiylarning buzuq aqidasiga ko’ra, mavjud dinlarni yo’qotishning hojati yo’q, chunki ular bir ildizdan paydo bo’lgan. Ularni qandaydir bir nuqsonsiz ta’limot asosida birlashtirish lozim. Ularning da’vosiga ko’ra, bunday birlashtiruvchilik vazifasini bahoiylik dini bajarishi lozim. Bahoiylarning xudosi musulmonlarning Allohiga tenglashtiriladi. Nasroniylarning uchligi, Injil va Iso masihning otasiz dunyoga kelishi rad etiladi. Iblis va salbiy kuchlar mutlaqo rad etiladi, chunki bahoiylar aqidasiga ko’ra yomonlik bu yaxshilikning mavjud bo’lmasligidir. Jannat ruhiyatning kamolotga erishishi deb qaralsa, do’zax esa buning aksidir. Bahoiylar Islomning 5 farzini ham rad etadi. Bahoiylar qiyomatga va o’liklar tirilishiga ishonadilar, lekin Iso (a.s.)ning qayta tirilishini inkor etadilar.
Bahoiylar missionerlik faoliyatini ekologiya, oila, dunyoviylik g’oyalari va boshqa dolzarb muammolarga bog’lagan holda, o’ziga xos “jozibali” tarzda olib boradilar. Natijada dunyo miqyosida bahoiylar soni ortib bormoqda.
Mustaqillik yillari Respublikada bahoiylar diniy tashkilot sifatida dastlab 1994-yilda Toshkent shahar Adliya boshqarmasi tarafidan ro’yxatga olinib, rasmiy faoliyat boshlagan. Hozir O’zbekistonda 6 ta bahoiy diniy jamoasi (Toshkent shahri, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Toshkent viloyatlarida bittadan) mavjud. Tashkilotga 1985 yil Qoraqalpog’iston Respublikasida tug’ilgan Saidov Rustam Saidovich yetakchilik qilmoqda.
Xadichai Kubro ayol qizlar o’rta mahsus islom ta’lim muassasasi 3-kurs talabasi Sherniyazova Manzura .