Jannat va do’zaxning yaratib qo’yilganligi
Jannat va do’zax inson yetib boradigan oxirgi manzillardandir. Inson ularga yetib borgandan keyin abadiy qoladi. Jannat va do’zax hozirda yaratib qo’yilgandir. Biroq ularning qayerda joylashganini yolg’iz Alloh taolo biladi. Bu to’g’risida Alloh taolo Oli Imron surasi 133-oyatda quyidagicha xabar bergan:
”Va Parvardigoringiz tomonidan bo’lg’usi mag’firatga hamda eni osmonlar va Yer barobarida bo’lgan jannatga shoshiling!”.
Baqara surasi 24-oyatda esa quyidagicha kelgan: “Endi agar bunday qilolmasangizlar – hargiz qilolmaysizlar ham u holda kofirlar uchun tayyorlab qo’yilgan do’zaxdan qo’riqlarki uning o’tini odamlar va toshlardir”.
Ahli sunna val jamoa mazhabi e’tiqodicha, bu ikki narsa moddiy bo’lib, ulardagi narsalar ham ruhga ham jismga oiddir. Ulardagi ne’matlar va azoblar ham jism va ruhgadir. Jannat ham do’zax ham o’zlaridagi bor narsalari va ahllari bilan hech qachon yo’q bo’lib ketmaydi. Chunki ularni Alloh taolo abadiylik uchun yaratgan va sinov dunyosidan o’tgan bandalari uchun doimiy makon qilib berilgan. Ohu ko’z hurlar Jannat ahllariga dunyoda qilgan amallari uchun berilgan mukofotdir. Jannatiy mukofot esa hech qachon zavol topmaydi.
Do’zax va uning ahllari bo’lgan kimsalar ham undan aslo qaytib chiqmaydilar va doimiy azob uqubatda bo’ladilar. Alloh taolo O’zining iqobi ham, in’omi ham abadiy ekanligi haqida quyidagich xabar bergan:
“Yomon amallar qilgan kimsalar uchun esa o’sha yomonliklari barobarida yomon jazo bo’lur va ularni xorlik o’rab olur – ular uchun Alloh tarafidan biron-bir (jazodan) saqlovchi bo’lmas. Ularning yuzlarini go’yo qorong’i kechadan bir bo’lagi qoplab olgandek. Ana o’shalar do’zax egalari bo’lib, u joyda abadiy qolurlar”. (Yunus surasi,27- oyat.)
Alloh taolo kimni xohlasa O‘z fazli bilan hidoyat qiladi va kimni xohlasa O’z adli bilan adashtiradi. Uning adashtirishi, yordamsiz qoldirishidir. Buning ma’nosi esa bandani undan O’zi rozi bo’ladigan narsaga muvaffaq qilmasligidir. Yordamsiz qoldirishi esa Alloh taoloning adolatidandir. Shuningdek, yordamsiz qoldirgan kimsaga jazo berishi ham. Ya’ni Alloh taolo O’zi xohlagan bandasini qalbini keng qilib tavhid bilan nurlantirib qo’yadi. Buning alomati o’sha bandaning oxirat uchun harakat qilishi, o’limidan oldin unga tayyorgarlik ko’rishidir.
1- kurs talabasi Akbarova Maftuna