21.01.2022
400

ALLOH BETIMSOL ZOT

                         

Har bir mo‘min banda Alloh taoloning biror narsaga o‘xshamaydigan betimsol zot ekaniga qat’iy iymon keltirishi shartdir. Bu haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan: 

لَيْسَ كَمِثْلِهِ شَيْءٌ وَهُوَ السَّمِيعُ البَصِيرُ

“Uning mislidek biror narsa yo‘qdir. U Eshituvchi va ko‘ruvchidir[1]”.                                                                                                         

“Sofvatut tafosir” kitobida ushbu oyati karima quyidagicha tafsir qilingan: “Alloh taoloning zotida ham, sifatlarida ham, amallarida ham Unga o‘xshash va teng keladigan yo‘q. U yakkayu yagona, bemisl Somad zotdir. Bu erda ko‘zlangan asosiy maqsad, Alloh taoloning maxluqlarga o‘xshashdan pok ekanini bildirishdir. Oyati karimadagiك  harfi rad etishni  ta’kidlash uchun kelgan... Ba’zi muhaqqiqlar so‘ziga ko‘ra, tavhid zotni boshqa zotlarga o‘xshatishsiz va sifatlarni ajratmasdan isbot qilishdir. Vositiy rahmatullohi alayh bunga qo‘shimcha qilib: “Uning zotidek zot yo‘q, Uning ismidek ism yo‘q, Uning amalidek amal yo‘q, bu ahli haqning Ahli sunna val-jamoaning mazhabidir”, –degan[2]”.     

Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh: “Alloh taolo O‘zi yoki Rasuli vasf qilganidan boshqacha vasf qilinmaydi, Qur’on va hadisdan tashqariga chiqilmaydi” – degan. 

Imom Buxoriyning ustozi Nu’aym ibn Hammod: “Kim Allohni Uning yaratgan narsasiga o‘xshatsa, kofir bo‘libdi. Kim Alloh yoki Uning Rasuli vasf qilgan narsani inkor qilsa, kofir bo‘libdi. Alloh va Rasuli vasf qilgan narsada o‘xshash ham, teng ham yo‘qdir”, – degan. 

Imom Ja’far Sodiq rohmatullohi alayh (148-hijriy sanada vafot etgan) shunday deganlar:

 من زعم أن الله في شيء، أو من شيء، أو على شيء، فقد أشرك؛ إذ لو كان على شيء لكان محمولا، ولو كان في شيء لكان محصوراً، ولو كان من شيء لكان محدثاً.

       “Kimki Alloh taoloni biror narsa ichida, yo biror narsadan tarkib topgan, yo biror narsa ustida deb hisoblagan bo‘lsa, shirk keltiribdi. CHunki U zot agar biror narsaning ichida bo‘lsa chegaralangan bo‘lib qoladi, agar ustida bo‘lsa, ko‘tarib turilgan bo‘lib qoladi, agar biror narsadan tarkib topgan bo‘lsa yangidan paydo bo‘lgan bo‘lib qoladi”. Qushayriy "Risalatul Qushayriya"da keltirgan.[3]

Alloh taologa nisbatan bunday fikrlarning paydo bo‘lishiga sabab Qur’oni karimdagi mutashobih oyatlardir. 

               Mutashobih oyatlarning navlaridan biri Alloh taoloning sifatlari bayon qilingan oyatlar bo‘lib, ushbu oyatlardan nima iroda qilingani haqida juda ko‘p bahs qilinganidan mutashobih oyatlar deganda zehnga dastlab ushbu oyatlar keladigan bo‘lib qolgan. Alloh taoloning sifatlari bayon qilingan mutashobih oyatlar ham o‘z navbatida  uch qismga taqsimlanadi. SHulardan biri zohiri Alloh taologa a’zo nisbatini berishni vahmga keltiruvchi mutashobih oyatlar. Masalan:

يَدُ اللَّهِ فَوْقَ أَيْدِيهِمْ

Allohning qo‘li ularning qo‘llari ustidadir[4]

        Ushbu oyatning zohiriy ma’nosi Alloh taologa tana a’zosini nisbat berishni vahmga keltiradi. 

Bunday  oyatlarning zohiriy ma’nolari Alloh taoloning sifatlarini bayon qilgan muhkam oyatlarning ma’nolariga zid bo‘lib qolgan. Alloh taoloning zoti va sifatlari haqidagi e’tiqod esa Qur’onning asli bo‘lgan muhkam oyatlar bilan sobit bo‘lgan. SHuning uchun ushbu mutashobih oyatlarni qanday tushunish lozimligida juda ko‘plab bahs munozaralar qilingan.

Bularning orasidagi eng xavfli qarash mujassima firqasida bo‘lgan. Bu firqa mutashobih oyatlar haqida Alloh taolo bayon qilganidek e’tiqod qilish da’vosi bilan Alloh taologa jism nisbatini berganlar. Mutashobih oyatlarning zohiriy ma’nolariga ko‘ra Alloh taoloni yuzi, ko‘zi, ikki qo‘li va oyog‘i bor deb tasvirlashgan. Oyatlarning zohirlari dalolat qilganidek Alloh taoloning qo‘li va bandalarniki singari go‘shti va qoni bor deb e’tiqod qiladilar. Ulamolar bunday e’tiqod qilishni but sanamlarga ibodat qilish bilan teng bo‘ladi, deganlar. SHuning uchun bu firqaning hukmi murtadlarning hukmi kabi bo‘ladi, deganlar. Bu haqda  Roziy rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Allohga jism nisbatini beruvchi Allohga aslo ibodat qilgan emas. Chunki u tasavvuridagi gumoniy suratga ibodat qiladi. Alloh taolo esa bularning barchasidan pokdir”.[5]

Ahli sunna val jamoa ulamolari mutashobih oyatlar haqida qanday e’tiqod qilish lozimligini shar’iy dalillar asosida isbotlab berganlar. Mazkur ulamolar ushbu masala to‘g‘risida umumiy ikki guruhga bo‘linadilar:

  1. Tafviyz qiluvchilar, (iroda qilingan ma’noni Allohga topshiruvchilar).

Tafviyz ya’ni mutashobih oyatlarning zohiriy ma’nolari, ya’ni dastlab zehnga, tasavvurga kelgan ma’noga e’tiqod qilmasdan, bu oyatlardan nima iroda qilinganini Alloh taologa havola qiladi. Bu oyatdan Alloh nimani iroda qilgan bo‘lsa shunga e’tiqod qilamiz deyiladi. Sababi bu oyatlarning zohiriy ma’nosi Alloh taologa jism nisbatini berib qo‘yadi.  Bu  esa boshqa  muhkam oyatlarning ma’nosiga zid kelib qoladi. Tafviyz qiluvchilar deganda ahli sunna val jamoa ulamolarining jumhuri tushuniladi.

  1. Ta’vil qiluvchilar, (muhkam oyatlarga muvofiq qilib ma’no beruvchilar). Ta’vil qiluvchilar deganda esa zarurat taqozosiga ko‘ra ta’vil qilishga ruxsat bergan ozchilik ulamolar tushuniladi.

Tarixga nazar solinadigan bo‘lsa, mutashobih oyatlar nozil bo‘layotgan paytlarda hamda unga eng yaqin vaqtlarda yashagan sahobalar va tobe’inlarning davrlarida tafviyz qilingani ma’lum bo‘ladi.

Moturidiylarning mutoshobih oyatlar xususidagi qarashlari:Alloh taoloning "qo‘l" ma’nosini anglatuvchi "yad" sifati bor. Bu sifat a’zo emas, bandalar tasavvuriga sig‘adigan biror ko‘rinishda ham emas, balki, Alloh taoloning boshqa sifatlari singari azaliy sifatdir. Shuning uchun "qo‘l" deganda tasavvurimizga keladigan sifatdan Alloh taoloni pok deb bilamiz. Qur’onda bayon qilinganidek Alloh taoloning "yad" degan sifati bor, deb e’tiqod qilamiz va "yad"dan nima iroda qilinganini U zotning O‘ziga havola qilamiz.”

Bu haqida Abu Hanifa “fiqhul-akbar”da quyidagilarni aytadi:

وَ لَهُ يَدٌ وَ وَجْهٌ وَ نَفْسٌ كَمَا ذَكَرَهُ اللهُ تَعَالَى فِي القُرْآنِ ، فَمَا ذَكَرَهُ اللهُ تَعَالَى فَي القُرْآنِ مِنْ ذِكْرِ الوَجْهِ وَ اليَدِ وَ النَّفْسِ فَهُوَ لَهُ صِفَاتٌ بِلاَ كَيْفٍ وَ لاَ يُقَالُ: إِنَّ يَدَهُ قُدْرَتُهُ أوْ نِعْمَتُهُ ، لأنَّ فِيهِ إِبْطَالَ الصِّفَةِ. وَ هُوَ قَوْلُ أهْلِ القَدَر وَالاِعْتِزَالِ وَ لَكِنَّ يَدَهُ صِفَتُهُ بِلاَ كَيْفٍ وَ غَضَبَهُ وَ رِضَاهُ صِفَتَانِ مِنْ صِفَاتِهِ تَعَالَى بِلاَ كَيْفٍ

Alloh taolo Qur’onda zikr qilganidek, Uning qo‘li, yuzi va joni bordir. Ha, Alloh taolo Qur’onda yuz, qo‘l va jondan nimani zikr qilgan bo‘lsa, u Uning uchun kayfiyatsiz sifatdir. (Biroq) Uning qo‘li(dan murod) qudrati yoki ne’mati deyilmaydi. CHunki bunda sifatni botil qilishlik bo‘ladi. Va U (Allohning qo‘li  Uning qudrati yoki ne’mati degan so‘z) qadariylarning va mo‘‘taziliylarning so‘zidir. Lekin Uning qo‘li kayfiyatsiz sifatidir. SHuningdek, g‘azabi va rizosi Uning kayfiyatsiz sifatlaridan ikki sifatdir.

YA’ni ularning ko‘rinishi va shakllari bizlarga ma’lum bo‘lmagan, balki Alloh taoloning o‘zigagina ma’lum bo‘lgan sifatlaridir. Biz ularga Alloh taolo qanday xabar bergan bo‘lsa, o‘shanday iymon keltiramiz.

وَ صِفَاتُهُ كُلُّهَا بِخِلاَفِ صِفَاتِ المَخْلُوقِينَ يَعْلَمُ لاَ كَعِلْمِنَا   وَ يَقْدِرُ لاَ كَقُدْرَتِنَا وَ يَرَى لاَ كَرُؤْيَتِنَا وَ يَسْمَعُ لاَ كَسَمْعِنَا وَ يَتَكَلَّمُ لاَ كَكَلاَمِنَا

(Alloh taoloning) Sifatlarining barchasi maxluqlarning sifatlari xilofidadir. U biladi, lekin bizning bilishimiz kabi emas va qodir bo‘ladi, lekin bizning qodir bo‘lishimiz kabi emas va ko‘radi, lekin bizning ko‘rishimiz kabi emas va eshitadi, lekin bizning eshitishimiz kabi emas va gapiradi, lekin bizning gapirishimiz kabi emas.

Alloh taolodagi sifatlarning barchasi, zotiy sifatlari ham, fe’liy sifatlari ham uning o‘ziga xos bo‘lgan azaliy sifatlardir. Masalan, Ko‘rish, Eshitish, Gapirish va hokazo sifatlarning ismlari Alloh taolo bilan bandalari o‘rtasida mushtarak bo‘lsa-da, Uning sifatlari o‘ziga xos, bandalarniki bandalarga xosdir. SHuning uchun Allohda ko‘rish uchun ko‘z bor, eshitish va gapirish uchun a’zolari bor demaymiz. Alloh taolo a’zolarga muhtoj emas. Zero,

لَيْسَ كَمِثْلِهِ شَيْءٌ وَهُوَ السَّمِيعُ البَصِيرُ

Biron narsa U Zotga o‘xshash emasdir. U Eshitguvchi va Ko‘rib turguvchidir. (SHo‘ro surasi, 11-oyat.)[6]

        Bu haqida Imom Tahoviy “Aqidatu Tahoviya” kitobida quyidagilarni aytadi:

فَإنَّ رَبَّنا جّلَّ وعَلا موصوفٌ بصفاتِ الوحْدَانِيَّةِ، مَنْعُوتٌ بِنُعوتِ الفَرْدَانِيَّةِ، ليسَ في معناهُ أحَدٌ من البَرِيَّةِ.

Chunki buyuk va ulug‘ Robbimiz yagonalik sifatlari bilan sifatlangan va yakkalik vasfi bilan tavsiflangan bo‘lib, yaralmishlardan birortasi ham Uning sifatida emasdir.

وتَعالَى عَنِ الحدُودِ والغَاياتِ، وَالأَرْكانِ وَالأَعْضَاءِ وَالأَدَواتِ، لاَ تَحْوِيهِ الْجِهَاتُ السِّتُّ كسَائِرِ الْمُبْتَدَعَاتِ.

U zot chegaralardan (yaralmishlardagina bo‘ladigan taraflardan) va nihoyalardan (yaralmishlardagina bo‘ladigan tugashlardan), ruknlardan (yaralmishlar ular bo‘lsagina bor bo‘lib tura oladigan asoslardan), va a’zolardan ham hamda (jismlar uchun zarur bo‘lgan) asboblardan ham oliydir. Boshqa yaralmishlar singari Uni olti taraf ihota qilib turmaydi. 

Xulosa o‘rnida imom Tahoviyning ushbu so‘zlarini keltiramiz:

Chunki Alloh azza va jallaga va Uning Rasuli sollallohu alayhi vasallamga (ya’ni Qur’on va sunnatga) taslim bo‘lgan va o‘ziga noaniq bo‘lgan narsani biluvchisiga havola qilgan kishigina dinida beshikast qoladi. [7]

Ko‘rinib  turibdiki, tarixda bo‘lib o‘tgan e’tiqodiy ixtiloflar asosan mutashobih oyatlarni qanday tushunish haqida bo‘lgan. SHuning uchun mutashobih oyatlardan nima iroda qilingani haqida tortishishdan saqlanish va Alloh taoloning hikmati taqozosiga ko‘ra  ularning shunday nozil qilinganiga iymon keltirish lozim.

                                                                  Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus islom talim muassasasi o’qituvchisi S.Muxamedxodjaeva


 

[1] SHo'ro surasi,11-oyat.

[2] Muhammad Ali Sobuniy. Sofvatut-tafosir1-jild. – Bayrut-Lubnan: “Maktabatul Asriya”, 2009. – B. 1116.

[3] Abdulqodir Abdur Rahim. E'tiqod durdonalari. Toshkent, 2016 y.

[4] Fath surasi 10-oyat.

[5] Mulla Ali Qoriy "SHarhu kitab al-Fiqhul akbar", 65-bet.

[6] Abdulqodir Abdur Rahim. Aqoid darsligi. TIU, Toshkent, 2007 y.

[7]   شرح عقيدة الامام الطحاوي. أبو حفص سراج الدين الغزنوي. دار الكرز. 2009   

Другие новости

АҲЛИ СУННА ВАЛ-ЖАМОЪАДА ИЙМОН ТУШУНЧАСИ. Лафзий ихтилофлар
08.01.2024 170
Аҳли сунна вал-жамоъа уламолари ўртасида иймон рукни яъни ҳақиқати борасида уч хил қарашни кўришимиз мумкин: Иймоннинг рукни (ҳақиқати, асли): Фақат қалб билан тасдиқлаш. Тил билан иқрор бўлиш эса дунё ҳукмларидаги...
Подробнее
SOXTA PIR MURID MUNOSABATLARIGA ASOSLANGAN TARIQATCHILIK FAOLIYATI
05.01.2024 184
#Raddiya #soxta_tariqatlarIslom tarixining barcha davrlarida tasavvufni tor ma'noda talqin etuvchi guruh va shaxslar boʻlgan. Ular e'tiborini asosan so'fiylikning tashqi jihatlariga qaratganlar. Bundaylar hozirgi kunda ham topiladi.Bunday guruhlar uchun so'fiyga na...
Подробнее
Qadarga imon keltirish aqidasi to'g'risida
04.01.2024 226
Ushbu aqidaning asli Alloh taoloning ilmi va iroda qilgan narsasini amalga oshirishdir. Shunga ko'ra kimki Alloh taologa va Uning komil sifatlariga imon keltirgan bo'lsa,qadarga iymon keltirish ham unga vojib bo'ladi....
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry