Aqidaparast tuzilmalarning dunyo mamlakatlari barqarorligiga tahdidi
Bugungi kunga kelib, islom niqobi ostidagi ekstremizm va u bilan bogʻliq xalqaro terrorizm dunyoning koʻplab mamlakatlariga alohida tahdid solmoqda. Hozirda ularning faoliyat maydoni boʻlib, Jazoir, Misr, Indoneziya, Hindiston, Filippin, Pokiston, Iroq, Afgʻoniston, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya Federatsiyasining Kavkaz respublikalari kabi katta jugʻrofiy hududda kuzatilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, 1968-1980 yillar davomida ular tomonidan 6700 ga yaqin terrorchilik amaliyotini sodir etilgan. Afsuslanarli tomoni shuki, yildan-yilga uning soni koʻpayib, yanada koʻproq qurbonlar talab qilmoqda. Masalan, 2004 yilda ana shunday noxush voqealarning umumiy soni 600 tani tashkil etgan boʻlsa, 2005 yilda 11 153 ta, 2006 yilda esa 14 338 ta terrorchilik harakatlari amalga oshirilgan.
Mazkur, qoʻporuvchilik harakatlariga tinch aholi vakillari ochiqdan-ochiq asosiy nishon boʻlib qolmoqda. Agar, dunyo boʻyicha 1968-1980 yillarda sodir etilgan terrorchilik harakatlari orqali 3 668 kishi halok boʻlib, 7 474 kishi turli jarohatlar olgan boʻlsa, 2005 yilga kelib bu qurbonlar soni 14 618 ta, 2006 yilda esa, 20 498 tani tashkil etgan.
Hozirda dunyodagi notinch vaziyat hukm surayotgan davlatlardan Afgʻoniston, Iroq, Pokiston, Somali davlatlarining tinch aholi vakillari katta aziyat chekmoqda. Buning oqibatida, 2009 yilga kelib Iroqda 4 500, Pokistonda 12 600, Afgʻonistonda 2 000 kishi hayotdan bevaqt koʻz yumgan.
BMT maʼlumotiga koʻra, 2007 yili Afgʻonistonda har oy oʻrtacha 566 (2006 yili - 425) ta terrorchilik hatti-harakati sodir etilgan boʻlib, oqibatda 8 000 dan ziyod odam hayotdan koʻz yumgan. Amalga oshirilgan terrorchilik harakatlarining 160 (2006 yili - 123) tasi “oʻz-oʻzini portlatish” usuli bilan amalga oshirilgan. Iroqda esa, bunday terrorchilik amaliyoti 2005 yilda 478 ta, 2007 yilda 478 ta, 2003 yildan buyon 1700 marta amalga oshirilgan.
Hozirda ekstremistik tashkilotlar tomonidan islom taʼlimoti mutaassibona talqin etilib, dunyoviylik toʻla-toʻkis inkor etilayotgani bilan izohlanmoqda. Masalan, Pokistonda bir necha yil muqaddam 1000 dan ziyod kinoteatrlar faoliyat yuritgan boʻlsa, soʻnggi ikki yil mobaynida “tolibon” chilarning tahdidi oqibatida ulardan 850 dan ortigʻi yopilgan. Shuningdek internet markazlarining faoliyati, mobil telefonlardan foydalanish hamda sport bilan shugʻullanishlik ham taʼqiqlangan.
Xuddi shu kabi holat Afrikaning Somali davlatida ham hukm surmoqda. 2010 yilning fevralida u yerda faoliyat yuritayotgan “hizb al-islom” terrorchi tashkiloti tomonidan internet markazlarining faoliyati taʼqiqlandi. Avvalroq, mobil telefonlardan foydalanish, sport bilan shugʻallanish hamda kinofilmlar koʻrish man etilgan edi.
Pokiston rasmiylarining xabarlariga koʻra, 2007 yili Shimoliy-gʻarbiy chegara viloyatlari va Janubiy Vaziriston hududida mahalliy “islomchi”lar va “tolibon”larning jangarilari tomonidan qoʻrqitish usuli orqali koʻngilochar koʻrsatuvlar man etilgan, musiqa va videomahsulotlar sotiladigan doʻkonlar, radiostudiyalar, shuningdek sartaroshxonalar yoqib yuborilgan.
Pokistonning Svat vodiysining oʻzida “tolibon”lar tomonidan 200 dan ziyod maktab yoqib yuborilgan. 2007 yili pokistonlik “tolibon” mulla Fayzullo “fatvosi” bilan 125 ta maktab yondirilgan.
Xuddi shunday holat, Afgʻonistonda ham hukm surib, birgina 2008 yilning oʻzida “tolibon”lar tomonidan mamlakatdagi 98 ta maktab yondirilgan. Ularning tahdidi oqibatida yuz minglab oʻquvchilar maktabga bormay qoʻygan. Ular bu davlatda 2009 yilda 225 ta oqsoqol, oʻqituvchi, shifokorlarni oʻldirgan.
Soxta “islomchi”lar baʼzi mamlakatlar masjidlarida terrorchilik harakatlarini ochiq nomoyishkorona amalga oshirmoqdalar. Afsuski, bu yovuz kuchlar tomonidan yuzlab masjidlar vayron etilayotganligi ularning sof islom taʼlimotidan yiroqda ekanini isbotlaydi. Bunday harakatlar zamirida aqidaparast guruhlar yetakchilarining yoshlarni zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan mahrum, dunyoda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan xabarsiz, faqat rahnamolarining buyruqlarini mutelarcha bajaradigan manqurtlarga aylantirish kabi qabih rejalar yotmoqda.
2010 yilning 27 noyabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligining huquqni muhofaza qiluvchi idoralari “al-qoida” tashkiloti bilan aloqada bo'lgan 149 nafar shaxsni qo'lga oldi. Davlat va jamoat arboblariga suiqasd uyushtirish va neft-gaz kommunikasiyalarini portlatishni rejalashtirishgan terrorchilardan ko'p miqdorda qurol-yaroq va pul musodara qilingan.
Ayni chog'da, xalqaro terrorchilik tizimining jangarilik faoliyati Mustaqil Hamdo'stlik Davlatlarida ham kuzatilmoqda. Birgina, Rossiya Federasiyasining shimoliy Kavkaz hududida mingdan ziyod terrorchilik va ekstremistik xatti-harakatlar amalga oshirildi. 80 dan ziyod terrorchilik harakatining oldi olinib, 500 ga yaqin jangarilar yo'q qilindi. 2010 yil 29 mart kuni 2 nafar terrorchi ayol Moskva metrosi ichida “o'z-o'zini portlatish” oqibatida 40 kishi xalok bo'ldi, 90 dan ziyodi yarador bo'ldi.
Afsuski, 2010 yilda Markaziy Osiyoda ham aqidaparast jangarilar tomonidan qator xunrezliklar amalga oshirildi. Jumladan, 22 avgust kuni Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbedagi qamoqxonadan 25 nafar ekstremistik guruh a'zolari bir necha xizmat vazifasini barajayotgan shaxslarni o'ldirib qochib ketgan. 3 sentabrda Xo'jand shahrida terrorchi-xudkush portlovchi modda to'ldirilgan avtomashinani tuman ichki ishlar bo'limi yonida portlatib yubordi. 19 sentabr kuni Tojikistonning Garm viloyatida terrorchilar tomonidan 25 nafar harbiy xizmatchi o'ldirildi. 1 dekabrda esa, Xatlon viloyati Boljuvon tumani Do'lanamaydon qishlog'ida bo'lgan otishmadan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning bir necha xodimi xalok bo'ldi.
2010 yilning noyabr oyining oxirida Qozog'istonning poytaxti Astana shahrida 6 nafar “hizbut-tahrir” tashkiloti faoli ustidan sud bo'lib o'tdi va ular turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. Ekstremistlar poytaxtdagi hukumat idoralari binolari yonida portlatishlarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Kriminologlarning ta'kidlashicha, terroristik harakatlar yildan-yilga eng zamonaviy texnika, qurol-aslaha vositalaridan foydalanib, puxta o'ylangan reja asosida tashkil qilinmoqda. Ekspertlarning fikricha, dunyoda faoliyat ko'rsatayotgan terrorchilik tashkilotlarining yuzdan oshig'i eng zamonaviy qurollar bilan yaxshi ta'minlangan yirik uyushmalardan iborat.
Zamonaviy voqelik diniy ekstremizm va xalqaro terrorizmning salohiyati sifat va miqdor jihatidan jiddiy o'sganligi bois, uning global xavfsizlikka yo'naltirilgan jiddiy tahdidga aylanganini ko'rsatmoqda. Ayniqsa, uning eng avvalo, qo'poruvchilik va buzg'unchilik xatti-harakatlaridan ko'zlangan asosiy maqsad qurbonlardan ko'ra, amerikalik mutaxassis B. Jenkins ta'kidlaganidek, guvohlar va vahima uyg'otishga qaratilayotgani juda xatarlidir. Bu o'z navbatida uzoq vaqt aholi o'rtasida qo'rquv va vahima solishga xizmat qiluvchi psixologik hujum uslubi sifatida xizmat qiladi
“Tolibon” harakati 1990 yillarda Pokistonda vujudga kelgan harbiy-siyosiy tashkilot. Bosh maqsadi - Afg'oniston va Pokistonda urush yo'li bilan islom xalifaligini tiklash. Harakatning asosiy qismini pushtun millatiga mansub shaxslar tashkil etib, ularni Muhammad Omar yetakchiligidagi Rahbarlik kengashi («Kvetta kengashi») boshqaradi.
“Diniy mutaassiblikning tarixiy ildizlari va zamonaviy ko'rinishlari” kitobidan.