Soxta salafiylik illatlari
Payg’ambarimiz (sav) hali hayotlik paytlaridayoq, avvalgi ummatlarda bo’lgani kabi vaqti kelib, islom ummatida ham firqalanish, bo’linish yuzaga kelishini xabarini berganlar. Mana shunday vaziyatda Payg’ambarimiz (sav) bizga, O’zlarining sunnatlari va sahobalarining sunnatlariga ergashishni buyurganlar. Mana shu yo’l-Payg’ambar (sav) ning va sahobalarning sunnatlariga va ularga yaxshilik bilan ergashgan tobeinlarga ergashish - salafi solihlarning yo’llaridir. Ahli sunna val jamoaning manhajidir. Mana shu yo’lni mahkam tutganlar inshaalloh najot topadilar. Ammo bu yo’lga qarshi chiqish ayni zalolatdir. Oxirgi yillarda qulog’imizga “salaflar”, “soxta salafiylar” degan so’zlar tez-tez chalinadigan bo’ldi. Eng avvalo, salafi solihlar kim ekanligi bilan tanishib chiqaylik.
“Salaf” so’zi arab tilidan olingan bo’lib, lug’atda “avval o’tganlar”, “ajdodlar” degan ma’noni anglatadi. Istilohda esa, salafi solihlar deyilganda, Rasululloh (sav) ularni maqtagan, islomning dastlabki uch asrida yashagan sahobalar, tobeinlar va taba’a tobeinlardan iborat bo’lgan avvalgi musulmonlar jamoasi tushuniladi. Rasululloh (sav) ularni maqtab shunday marhamat qiladilar:
Abdulloh ibni Mas’ud (ra) dan rivoyat qilinadi: Nabiy (sav) shunday dedilar: “Eng yaxshi asr men unda yashagan asrdir, so’ng ularga yaqin bo’lganlar, so’ng ularga yaqin bo’lganlar asridir. So’ngra shunday insonlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan o’zib ketadi”(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.)
Salafi solihlar islomdagi eng peshqadam ummat hisoblanadilar. Ular saodat asriga yaqin asrda yashashgan, saodat bulog’idan suv ichishgan musulmonlar jamoasidir. Ammo so’ngi yillarda “salafi solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan, o’z uslubi, yo’nalishi va dalillarni tushunishda jumhur musulmonlardan farqli manhajga ega bo’lgan bir toifa shu qadar avj oldiki, ular o’zlarini mana shu uch asr ulamolariga ergashyapmiz deb da’vo qilyaptilar. Ammo o’zlari salafi solihlar tutgan yo’lning teskarisini qiladilar.
“Soxta salafiylar” Kitob va Sunnatni huddi salafi solihlar kabi tushunishni va undan hukm olishni da’vo qilayotgan musulmonlarning adashgan toifasidir. Salafiylik g’oyasi tarafdorlarining asosiy maqsadlari Qur’on va Sunnatni o’zlarich mahkam tutish va qariyb 13 asrdirki Islom ummatining birdamligini ta’minlab kelyotgan fiqhiy mazhablarni yo’q qilib, ularni ildizi bilan qo’porib tashlashdan iborat. Bu istilohni hijriy 7-8 asrlarda Ibni Taymiya ilgari surgan. Keyinchalik, hijriy 12-asrlarda Muhammad ibni Abdulvahhob bu istilohni qaytadan jonlantirgan. Bugungi kundagi soxta salafiylar esa, mazhablarni inkor eta turib, o’zlari Ibni Taymiya, Ibni Qoyyum yoki Muhammad ibni Abdulvahhoblarning mazhablariga ergashadilar. Ularning da’vosiga ko’ra, go’yo musulmonlarning ixtilofdan najot topishi faqat Qur’on va hadisni qattiq ushlash bilan bo’ladi, mazhablar mavjud bo’lar ekan, Qur’on va hadisni mahkam ushlash amri mahol emish. Huddi faqatgina ular Qur’on va sunnatni mahkam tutishmoqda-yu, butun ummat e’tirof etgan, salafi solihlardan hisoblangan mazhabboshilar Qur’onni mahkam tutishmagandek. Bu da’voni xato ekanini aqli sog’lom musulmon odam anglab yetadi.
Soxta salafiylarning sof islom e’tiqodiga zarar keltiradigan da’volaridan yana biri –bu Alloh taologa makon nisbatini berishlikdir.Ular Qur’oni Karimdagi oyatlarning zohirini olib, Alloh taoloni Arsh ustidan o’rin olgan deyishadi. Alloh taologa tajsim nisbatini berishadi. Biror joydan o’rin olish, joylashish esa maxluqotlarning sifati bo’lib, uni Alloh taologa nisbat berish insonni kufrga olib borishi mumkin. Bu da’volari bilan musulmonlar orasida fitna uyg’otib, ularni yo’ldan adashtirishga urinishmoqda. Ahli sunna val jamoadagi barcha aqidaviy yoki fiqhiy mazhablar ham Alloh taoloni makon va zamondan oliy zot deb e’tiqod qilishadi. Butun jumhur musulmonlarga qarshi chiqayotgan bu “soxta salafiylar” esa Alloh taologa makon nisbatini berishadi. Shu holatning o’zi ham ularning adashganligiga dalildir. Chunki payg’ambarimiz sav bu haqida: “Mening ummatim zalolat ustida jamlanmaydi” deganlar.
Soxta salafiylarning bundan boshqa da’volari ham bo’lib, ular ham xato va ilmsizlikdan boshqa narsa emas. Jumladan:
-har qanday yangilikni bid’at deyish;
-tasavvufni tan olmaslik;
-o’zlariga ergashmaganlarni “kofir” deyish;
-Rasululloh sav, sahobalar va avliyolarning qabrlarini ziyorat etishni kufr sanash;
-Rasululloh sav ning ota-onalarini kofir deyish;
Jumhur musulmon ulamolar ularning bu yolg’on da’volariga asosli dalillar bilan raddiyalar berganlar va ularning adashgan ekanligini e’lon qilganlar. Musulmonlar orasida avj olayotgan bu illatning zararlari bugungi kunda hammaga oshkor bo’lib bormoqda. Ularning bu da’volariga qarshi raddiyalar berib, xato e’tiqodlaridan musulmonlarni ogoh etish har bir ahli ilmning vazifasidir. Ayniqsa, o’sib kelayotgan yosh avlodga sof islom e’tiqodini to’g’ri tushuntirib, ularni har qanday radikal va ekstremistik guruhlarga qarshi kurasha oladigan yetuk, bilimli, komil inson qilib tarbiyalamoqlik - bugunning dolzarb vazifasidir.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi Sh.Uraimova