Tasavvuf
Zamoni saodatda va undan keyingi dastlabki vaqtlarda fiqh, aqoid va boshqa ilmlar singari tasavvuf ilmi ham alohida ajralib chiqmagan edi. O`sha davrlarda musulmonlar barcha amallarda Rasulullloh solallohu alayhi vasallamga ergashar edilar. U zotning vafotlaridan bir qancha vaqt o`tgandan so`ng, sahobalar sunnatlarni mahkam ushlab, zikr va zohidlikka moyil zotlar oyat va hadislardan o`zlariga zikrdan vazifalarni hayotlariga tatbiq etdilar, hamda ruhiy kamolatga erishish yo`llarini izladilar. Asta-sekin ruhiy tarbiya ustozlari yetishib chiqa boshladi. Ularning atrofida shogirdlari va o'z jamoalari shakllandi, bora bora ular o`zlariga xos belgilari bilan boshqalardan ajrab turadigan bo`ldi. Keyinchalik bir ustozning ruhiy tarbiyasini olib, o`sha tarbiyani hayotga tatbiq qilib yurgan jamoa a’zolarining tutgan yo`li "Tariqat" deb atala boshladi. Har bir mashhur tariqat namoyondasi o`z silsilasini Rasululloh solallohu alayhi vasallamga yetkazar edi. Agar tasavvuf tariqatlariga nazar soladigan bo`lsak, ulardan hozirgacha mashhur bo`lib kelayotganlari fiqhiy mazhablarga o`xshab, hijriy ikkinchi asrda emas, balki ancha keyin shuhrat topganini ko`ramiz. Tasavvuf ilmiga Nabiy solallohu alayhi vasallamning mashhur Jabroil hadisidagi "ehson" qismini dalil qilib keltiradilar. Ehson - dinning qalbga bog`liq tarbiya qismi bo`lib, uni "Tariqat " deb ham atashadi. Tasavvuf so`ziga kelsak, "so`fiy" so`zi arabcha "suvf" - "jun" so'zidan olingan, deyishadi. Avvalo lug`at jihatidan bu so`z juda to`g`ri keladi. Qolaversa, ko`p ibodat qilishga berilgan kishilar kiyimini juda sodda kiyishgan. Odatda ularning kiyimlari jundan iborat bo`lgan deyishadi. Jun mayin bo`lmagani uchun ham odamlar barcha asrlarda obidlarning xos kiyimi hisoblangan. Tasavvufning ta`riflaridan biri "Tasavvuf nafsni axloqiy jihatdan taraqqiy ettiradigan hayotiy falsafa bo`lib, u muayyan amaliy riyozat vositasida haqiqatga aylanadi va ba`zi vaqtlarda oliy haqiqatga singish hissiga olib boradi. Shuningdek, undan zavq va aql ila ma’rifat hosil qilishga olib boradi". Qisqa qilib aytganda tasavvuf yo`li bandani Haq taologa eltuvchi bir yo`ldir, U zotni his qilib har qanday holatda ham yagona Zotning kuzatuvida ekanligini qalban sezib turishdir. Tasavvuf shayxlari muridlarining ruhiy tarbiyasini kamoliga yetkazib va odob axloqini tarbiyalab komil shaxs qilib yetishtiradilar. Ammo bugungi kungacha tariqatlarga turli xil bid’at xurofotlar, dinga begona turli xil ishlar aralashishi oqibatida, insonlar nazdida so`fiy desa salbiy qahramon gavdalanib qoldi. Aslida esa sof tasavvuf xalqlarni odobiga, xushusiga e’tibor berib, Alloh taologa yaqinlashish yo`llarini o`rgatib kelganlar. Tasavvuf shariatdan tashqaridagi, undan yuqoriroq turuvchi alohida yo`l emas. Tasavvuf shar’iy ahkomlarni sevib, ichki huzur bilan ado etmoqlikdir. Tasavvuf - shariat sohibini sevib - Robbul olaminni sevmoq va unga mutloq taslim bo`lmoqdir! Bu ilm avvalo nafsga qattiq jihod qilib, ruhiy barkamollikni o`rgatib Haq taologa yaqinlashtiradi. Islom tasavvufi - Islomning o`zagi va ruhidir! Asosi Qur’oni karim va hadisi shariflar hamda hazrati Payg`ambarimiz solallohu alayhi vasallam bilan sahobalarning hayot tarzlaridir. Bandaning hayotdagi asl maqsadi Allohni bilmoq, tanimoq va unga haqiqiy ma’noda bandalik qilmoqdir.
Tasavvuf deganda ko`pchilik zikrni tushunadi, chunki bu ilmda zikr ajralmas asosiy qismdir. Allohni unutmaslik, Uni doim yodda tutish, zikr qilish uchun Qur’oni karimning o`ziga xos tavsiyalari bor “Ey mo`minlar, Allohni ko`p zikr qilinglar! Va ertayu kech U zotni poklab tasbeh aytinglar!” (Ahzob:41,42) Bu xil oyatlarni Allohning ertayu -kech yod etilishi, unutmaslik kerakligi, ismi va borligi bilan yodda tutish kabi buyruqlarni, tasavvufdagi ma’rifatulloh g`oyasining kelib chiqishi va manbai deb bilishga majburmiz. Shunday ekan, Allohni unutmaslik, yodda tutish fikr qilish farz amallardan biridir. Shunga buyurayotgan Qur’oniy oyatlar tasavvufning Qur’ondagi manbalaridir. Tasavvufning ikkinchi bosh g`oyasi bo`lgan "Tazkiyai nafs" ga ham Qur’ondagi axloqqa doir yolg`on so`zlamang, tarozi tortishda kam tortmang, bir-biringizni o`ldirmang, o`g`irlik qilmang, sabr qiluvchilardan bo`ling, taqvo egalaridan bo`ling, ma’nosidagi barcha oyatlar dalildir. Musulmon sifatida qiladigan eng asosiy ishimiz - qalblarimizning ahvolini, orzu - umidlarni tuzatmoq, maqsad-g`oyamizni poklamoqdir. Inson kim bo`lishidan qat’iy nazar, qalbini poklashga, amallarini Alloh roziligi uchun qilishga majbur. Shuningdek, “Kichik jihoddan keldingiz, katta jihod sizni kutmoqda” degan hadisi sharifni eng katta jihod nafsga qarshi kurash deb baholovchi hadislar tasavvuf islomiy poydevorga suyanganligini ochiq-oydin ko`rsatib turibdi. "Tasavvuf so`z emas, holdir " deydilar, jumladan shu ifodadan kelib chiqib aytish mumkinki, tasavvuf hol ilmi bo`lib, Payg`ambarimiz solallohu alayhi vasallam davrlarida sahobai kiromlarda bu ilm mavjud edi. Hazrati Payg`ambarimiz mutasavviflarning sultoni edilar. Ul zot hayotlari mobaynida tavoze bilan, ibodatga mushtoqligi bilan, voqealarga nisbatan ko`rsatgan hatti-harakatlari bilan tasavvufiy hayot tarzining go`zal namunasi bo`ldilar. Chunonchi, as’hobi kiromlarga har sohada xizmat qilar, xonaga kirib-chiqishda ularning o`rinlaridan turishga ruxsat bermas edilar. Ul zot dunyo saltanatini orzu qilmadilar, dunyo matosiga mayl etmadilar, mol-davlat to`plamadilar, qo`llariga pul tushguday bo`lsa, o`sha kundayoq kech tushmasdan sadaqa qilishga harakat qilar edilar. As’hoblariga ham ana shu axloq bilan xulqlanishni tavsiya qilar edilar. Ahli tasavvufning dunyoga mayl etmasligiga manba ham ana shu holdir. Tasavvuf yo`lini tutganlar, bir marotaba bo`lsin ma’naviy iztirob chekmaydi, ruhiy inqirozga uchramaydi. Tasavvufda yashaydiganlar boshini qalbiga egib, Alloh sizga shohtomiringizdan ham ko`ra yaqinroq ekanini, hamma joyda hoziru nozir ekanini, sizni Alloh ko`rib turganini, eshitib turganini o`ylab, his qilib ichki huzur bilan yashamoqlikni o`rgatadi. Bu ilmga amal qilmay turib iymoniy zavqni topib yashash, Islomning mohiyatini, ruhiyatini, nazokatini, asrorini fahmlash, har davrning, jumladan bugungi kunimizning insoni uchun ham zaruriydir. Chunki tasavvuf Qur’on axloqi, Rasululloh solallohu alayhi vasallamning hayot tarzi, shariatning nozik odobidir. Tasavvuf xudbinlik emas, insoniyatga g`amxo`rlik, rahmdillik, muhabbat va xizmatdir. So`zamonlik emas, samimiyat, ixlos va hikmatdir. Ko`ngil pokligi, ma’rifat yuksakligi va solih amallar ishlab chiqarish korxonasidir. Razil emas, go`zal holdir, toshga gul, zaharga asal, ko`zlarga nur, ko`ngilga sururdir.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf "Tasavvuf haqida tasavvur”,
Mahmud Asad Jo`shon “Nafs tarbiyasi” kitoblari asosida
3-kurs talabasi Toshboyeva Madina tayyorladi
Ilmiy rahbar: Nigmatova Mohira