E’tiqodiy hukmlar Islom dini mohiyatidir
Aqoid ilmining ahamiyati haqida gapirilganda avvalo, muqaddas dinimizning asosi uning aqoidi ekani ta’kidlanadi. Islom aqoidining o‘zagi esa Alloh taoloning borligiga va Uning birligiga iymon keltirish hisoblanadi. Musulmon kishi Islom shariati hukmlarini e’tiqodiga ko‘ra hayotga tatbiq qiladi. Shu ma’noda Islom dinining mohiyati uch qismdan tashkil topadi:
E’tiqodiy hukmlar deganda musulmon kishining ishonishi, qalbini ularga mustahkam bog‘lashi lozim bo‘lgan hukmlar tushuniladi. Bu hukmlarning avvalida Alloh taoloning borligiga, birligiga, komil sifatlar bilan sifatlanganiga iymon keltirish turadi. Musulmon kishi nomusulmon kishidan “Ashhadu an la ilaha illalloh” (Allohdan o‘zga ma’bud yo‘qligiga guvohlik beraman) deb guvohlik berishi bilan ajralib turadi. Musulmon kishi uchun ushbu guvohligi musulmonligining asosi hisoblanib, uning hamma qarashlari mazkur asos ustiga quriladi. Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshisi ham, yomoni ham Allohdan ekaniga va qayta tirilishga iymon keltirish Islom aqoidining asoslari hisoblanadi.
Amaliy hukmlar deganda musulmon kishining o‘ziga nima foydali va nima zararli ekanini bilib bajarishi lozim bo‘lgan hukmlar tushuniladi. E’tiqodiy hukmlar va amaliy hukmlar poydevor va uning ustiga qurilgan binodek bir-biriga chambarchas bog‘liqdir. E’tiqodiy hukmlarda insonning Alloh taologa bog‘lanishi tartibga solinsa, amaliy hukmlarda insonning jamiyat vakillari bilan va butun borliq bilan bo‘ladigan aloqasi e’tiqodiy hukmlar asosida tartibga solinadi. Shuning uchun ham e’tiqodiy hukmlarni o‘rganmasdan turib amaliy hukmlarni hayotga to‘g‘ri tatbiq etib bo‘lmaydi. Amaliy hukmla umumiy ikki qismga: “Ibodatlar” va “muomalalar”ga bo‘linadi. “Ibodatlar” qismida musulmon kishining Allohga sevimli banda bo‘lishga urinib bajaradigan amallari bayon qilinadi. Bu amallar uning Allohga bo‘lgan iymonida sodiq ekaniga belgi hisoblanadi. “Muomalalar” qismida esa musulmonlarning umumiy manfaatlarini saqlashga, birbirlariga yoki boshqalarga zarar berib qo‘yishlarining oldini olishga taalluqli bo‘lgan amallar bayon qilinadi.
Go‘zal xulqlar deganda musulmon kishining dinida targ‘ib qilingan odoblarni jamlashi va ularga rioya qilishi tushuniladi. Ulamolar xulqni shunday ta’riflashgan: “Bandadagi maqtaladigan yo yomonlanadigan belgilari orqali bilinib turadigan sifat xulq deb ataladi”. Ya’ni xulq yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkin, uning yaxshi yoki yomonligi tashqi alomatlari orqali bilinib turadi.
Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta
Maxsus islom ta’lim muassasasi
3 - kurs talabasi Shayxnazarova Muslima