"Shamoili Muhammadiya" asarining ijtimoiy hayotdagi o'rni haqida
Imom Termiziyning "Shamoili Muhammadiya" kitoblari islom olamida eng ko’p tarqalgan kitoblardan biri hisoblanadi. Ushbu kitob Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shamoillari borasida yozilgan eng ulug‘ va foydali manba hisoblanadi. Imom at-Termiziy ushbu kitobda mavzuning asl chashmasi, duru gavharlari va barcha qirralarini keltirib, chiroyli uslubda tartibga solgan va muxtasar holda jamlagan.
“Shamoil” so‘zi ishlatilganda insonning hislatlari, sifatlari, o‘ziga xos xususiyatlari, axloqu odoblari va shunga o‘xshash ma'nolar nazarda tutiladi. Falonchi go‘zal shamoil egasi deyilganda go‘zal axloq egasi degan ma'no tushuniladi. Oliyjanob shamoil egasi deyilganda oliyjanob axloq egasi degan ma'no tushuniladi. Shuning uchun Imom at-Termiziy va u zotdan boshqa ahli ilmlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sifatlari, axloqlari, odoblari va shunga tegishli bo‘lgan boshqa xislatlarni “Shamoil” deb nomlaganlar. Ushbu asarni mazmun-mohiyatiga ko‘ra ikki asosiy qismga bo‘lish mumkin. Birinchi qismga mansub hadislar payg‘ambar alayhissalomning suvrat (tashqi qiyofa)lariga bag‘ishlangan. Bularga ko‘ra payg‘ambarimiz novcha ham, pakana ham bo‘lmay, balki o‘rta bo’yli, yag‘rindor, qo‘llari bo‘lali, go‘shtdor va doimo jun bilan qoplangan, kaftlari bo‘liq, qirg‘iyburun, peshonalari keng, ko‘zlari katta-katta bir zot bo‘lgan. Asarning ikkinchi qismida keltirilgan hadisi shariflar esa payg‘ambar alayhissalomning siyratlari, ichki dunyolari va axloqiy fazilatlarini bayon qiladi. Bu hadislar bilan tanishar ekanmiz, Muhammad alayhissalom axloqiy jihatlardan namunaviy, mukammal bir siymo ekanligini, muomalada u zotning kattayu kichik, ayol - erkak, boy-kambag‘allar bilan o‘zlarini bir xil muomalada tutishlarini, ro‘zg‘or va oila yumushlarida o‘z ayollariga astoydil ko‘maklashib yordam berishlarini, basharti biror gunoh qilib qo‘ygan kishi uzr so‘rasa, uning gunohlarini kechirganlarini, yo‘lda uchragan barcha kishilarga birinchi bo‘lib salom berib, samimiy hol-ahvol so‘rashlarini bilib olamiz. Bu kitobni o‘qigan kishi U janobning tashqi ko‘rinishini ko‘rgandek va har bobda U zotning sharafli xislatlarini tasavvur qiladi. Kitobning yaxshiliklari, foydalari va samaralari haqida ko‘p naqllar rivoyat qilingan. Shuningdek, oldin ham, keyinchalik ham ahli ilmlar tomonidan bu kitobga xizmat qilish maqsadida muxtasar, sharh, tahqiq qilish va nazmga solish kabi turli yo‘nalishlarda katta mehnatlar amalga oshirildi.
Mas’ul ustoz:Gaipova Joziba
3-kurs talabasi:Asqarova Shahnoza