20.10.2023
340

Alloh zikri



Alloh taoloni zikr qilish Alloh taolo nazdida amallarning afzali va yaxshisidir. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga xojangiz huzurida amallaringizning eng yaxshisi bo'ladigan, darajalaringizni ko'taradigan,  oltinu kumushingizni infoq qilishdan ko'ra  xayrli bo'lgan, dushmaningizga yo'liqqaningizda o'zaro Alloh yo'lida urushishingizdan ko'ra yaxshiroq bo'lgan amal haqida xabar bermaymi?» dedilar. Sahobalar: «Xabar bering» deyishdi. U zot: «Allohni zikr qilishingizdir», dedilar. 
   Ushbu hadis zikrning fazilati ulug' ekanini ifodalaydi. Nabiy alayhissalom ushbu hadisda zikrni molni infoq qilish, Alloh yo'lida dushmanga qarshi urishish bilan tenglashtirdilar. Darhaqiqat, kitoblarimizda zikr sadaqa va shu kabi solih amallardan ko'ra fazilatli ekanligi ko'plab o'rinlarda  bayon qilingan. Rivoyat qilinadiki, Abu Dardo roziyallohu anhuga bir kishi yuzta qulni ozod qilganligi haqidagi xabar kelganda: «Albatta, kishi o'z molidan yuzta qulni ozod qilganlik savobi ko'pdir. Lekin biringiz iymonli bo'la turib, ertayu kech Alloh taoloning  zikri ila tili ho'llanib turishi undan ko'ra afzalroqdir», deganlar.  Bu zot ushbu so'zlari ila qul ozod qilishning fazilatini va shu bilan birga Alloh taoloning zikrini lozim tutish va unda bardavom bo'lish undan ko'ra fazilatli ekanligini, qul ozod qilish fazilati zikrning fazilatiga teng bo'la olmasligini bayon qilib berdilar. Shu kabi zikrning boshqa amallardan fazilatli ekani haqida ko'plab sahobalar tomonidan xabarlar vorid bo'lgan. Muoz ibn Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy alayhissalomdan so'radi: «Yo Rasululloh! Ibodatda jiddi-jahd qiluvchilarning qay biri ajri buyukdir?». U zot: «Alloh taolo uchun zikrni ko'paytirganlari», dedilar. Yana u kishi: «Ro'zadorlarning qay biri  ajri buyukdir?» dedi. U zot: «Alloh taolo uchun zikrni ko'paytirganlari», dedilar. So'ngra u kishi U zotdan namoz, zakot, haj, sadaqa haqida ham shunday so'radi. Rasululloh alayhissalom har biriga: «Alloh taolo uchun zikrni ko'paytirganlari»,  deya javob beraverdilar.  Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu Umar roziyallohu anhuga: «Zikr qiluvchilar barcha yaxshilikni olib ketdilar!!!» deganlarida  Rasululloh alayhissalom: «Ha, shunday», dedilar.        
Alloh taolo zikri barcha narsadan buyukroq va afzalroqdir. Bu haqida Alloh taolo O'z 
Kalomi sharifida bunday marhamat qiladi: «Senga kitobdan vahiy qilingan narsani tilovat qil va namozni to'kis ado et, albatta, namoz fohisha va munkar ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri buyuk ishdir. Alloh nima qilsangiz, bilur» (Ankabut surasi, 45-oyat). 
Ushbu oyatga ulamolarimiz turli tafsir bitganlar. Ibn Mas'ud, Ibn Abbos, Abu Dardo roziyallohu anhumlar ushbu oyatni bunday tafsir qilishgan: «Alloh taoloning sizlarni savob va maqtov ila zikr qilishi  sizlarning toat-ibodatlaringizdagi U zotni zikr qilishingizdan buyukdir. Vaholanki, Alloh taolo O'zini zikr qilgan bandalarini zikr qiluvchidir». Ba'zilar esa: «Namozingizdagi va qiroatingizdagi Alloh taoloni zikr qilishingiz hamma narsadan afzaldir», deya tafsir qilganlar. Ba'zilar: «Alloh taoloning zikri fohisha va munkar ishlardan qaytaradigan, haqiqiy namozda bardavom bo'lish ila buyuk bo'ladi», deyishgan. Ibn Zayd va Qatoda rahmatullohi alayhimolar: «Alloh taoloni zikr qilish barcha narsadan, zikrsiz bo'lgan har qanday afzal ibodatlardan buyukdir», deganlar. Ibn Taymiyya rahimahulloh bunday deydilar: «Namozda ikkita katta maqsad borki, biri boshqasidan buyukdir. Biri fahsh va munkar ishlardan qaytarishi bo'lsa, ikkinchisi Alloh taoloning zikrini o'z ichiga olganligidir. Demak, namozda Alloh taoloning zikri borligi uning fohisha va munkar ishlardan qaytarishidan buyukdir». 
  Salmon Forsiy roziyallohu anhudan: «Qaysi amal afzal?» deb so'ralganda u zot: «Qur'on o'qimaysanmi? Albatta, Allohning zikri buyukdir», deya javob berganlar. Xususan, Ibn Abbos roziyallohu anhudan ham: «Qaysi amal afzal?» deb so'ralganda u zot ham: «Allohning zikri buyukdir» deganlar. 
  Darhaqiqat, Alloh taolo mo'min bandalariga O'z Kitobida tik turganda, o'tirgan-u yonboshlaganda, kechasi-yu kunduzida, quruqlig-u dengizda, safardayu hazorda, boylikda-yu faqirlikda, salomatlikda-yu bemorlikda, oshkora-yu sirlikda, har qanday holatda zikr qilishga buyurdi. Shu bilan birga, buning evaziga ular uchun behisob ajr, buyuk savoblar hamda go'zal oqibat tayyorlab qo'ydi. Alloh taolo Ahzob surasida bunday marhamat qiladi: «Ey iymon keltirganlar! Allohni ko'p zikr qilinglar… Va ertayu kech uni poklab yod etinglar.  U sizlarni zulmatlardan nurga chiqarish uchun O'zi ham, farishtalari ham salovot aytadir. U mo'minlarga o'ta mehribon bo'lgan zotdir. U zotga yo'liqadigan kundagi so'rashishlari salomdir. Va U zot ularga 
go'zal ajrni tayyorlab qo'ygandir…» (41-44-oyatlar).
  Ushbu oyati karimada Alloh taolo bizni ko'p zikr qilishga undab, buning evaziga beriladigan buyuk ajr va katta yaxshilikni bayon qilmoqda. Oyatda «O'zi ham, farishtalari ham salovot aytadir» jumlasi zikr qilindi. Ya'ni bunda «Alloh taolo sizlarni zikr qiladi. 
Shunday ekan, sizlar ham uni zikr qilinglar» deyilmoqchi. Qur'onda bunga o'xshash oyatlar ko'pdir. Xususan, Baqara surasida: «Shuningdek, ichingizga o'zingizdan, sizlarga oyatlarimizni tilovat qiladigan, sizlarni poklaydigan, sizlarga kitobni, hikmatni  va bilmaydigan narsalaringizni o'rgatadigan Payg'ambar yubordik. Bas, meni eslangiz, sizni eslayman. Va menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz» (151-152-oyatlar). Oyatdan ma'lum bo'ladiki, amalning mukofoti shu amalning jinsidan  bo'ladi. Kim Alloh taoloni yolg'iz zikr qilsa, Alloh taolo ham u bandani O'z yolg'iz zikr qiladi. Kim jamoat ichida zikr qilsa, U zot ham uni uning jamoatidan ko'ra yaxshiroq bo'lgan jamoat  ichida zikr qiladi. 
   Alloh taoloni ko'p zikr qiluvchi erkagu ayollar baland darajalar va yuqori maqomotlar ila nasibalangan, yaxshiliklarda peshqadam bo'lgan mufarridlardir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka yo'llarida keta turib: «Mufarridlar o'zib ketdilar», dedilar. Sahobalar: «Mufarridlar kimlar, ey Rasululloh?» deb so'rashganda, U zot: «Alloh taoloni ko'p zikr qiluvchi erkaklar va ko'p zikr qiluvchi ayollardir», dedilar».
  Banda ushbu maqomlarga nima bilan yetib boriladi? Ushbu savol barcha musulmonlarni qiziqtirgan savoldir. Ibn Abbos roziyallohu anhu ushbu savolga ko'p zikr qilivchi erkak va ayollarni sharhlash ila quyidagicha javob berganlar: «Ular Alloh taoloni namozlari ortidan, kechasiyu kunduzida, to'shakka yotganlarida, uyqudan uyg'onganlarida, manzillariga kirishdayu chiqishda zikr qiladiganlardir».
Alloma Abdurrahmon ibn Sa'diy bunday deganlar: «Inson barcha holatlarda, subhda, kechasida, besh mahal namoz so'nggida o'zi uchun vird (vazifa) qilib olishligi hamda shu amalida barcha vaqt va holatlarda bardavom bo'lishi lozimdir. Shunda ushbu banda peshqadamlardan bo'ladi. Bunday buyuk ibodat bandani Alloh taoloning mahabbatiyu ma'rifatiga yetaklaydi, yaxshiliklarga boshlaydi. Tilni turli qabih kalomlardam saqlaydi». 
   Alloh taolo barchalarimizni ko'p zikr qiluvchi hamda ular uchun mag'firat va buyuk ajr tayyorlab qo'yilgan bandalaridan qilsin.
1-kurs talabasi Z. Ergashova

Другие новости

АҲЛИ СУННА ВАЛ-ЖАМОЪАДА ИЙМОН ТУШУНЧАСИ. Лафзий ихтилофлар
08.01.2024 169
Аҳли сунна вал-жамоъа уламолари ўртасида иймон рукни яъни ҳақиқати борасида уч хил қарашни кўришимиз мумкин: Иймоннинг рукни (ҳақиқати, асли): Фақат қалб билан тасдиқлаш. Тил билан иқрор бўлиш эса дунё ҳукмларидаги...
Подробнее
SOXTA PIR MURID MUNOSABATLARIGA ASOSLANGAN TARIQATCHILIK FAOLIYATI
05.01.2024 183
#Raddiya #soxta_tariqatlarIslom tarixining barcha davrlarida tasavvufni tor ma'noda talqin etuvchi guruh va shaxslar boʻlgan. Ular e'tiborini asosan so'fiylikning tashqi jihatlariga qaratganlar. Bundaylar hozirgi kunda ham topiladi.Bunday guruhlar uchun so'fiyga na...
Подробнее
Qadarga imon keltirish aqidasi to'g'risida
04.01.2024 226
Ushbu aqidaning asli Alloh taoloning ilmi va iroda qilgan narsasini amalga oshirishdir. Shunga ko'ra kimki Alloh taologa va Uning komil sifatlariga imon keltirgan bo'lsa,qadarga iymon keltirish ham unga vojib bo'ladi....
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry