Va’dasiga vafodor Ka’bning qizi Nasiba (Jangda birinchi bo’lib ishtirok etgan hamshira Ummu Ammora) Birinchi qism
Har bir qahramon o’zi bilgan va ta’sir ko’rsatgan o’rin va mavqega ega, va uning o’z hayotida sharafli o’rni bo’lgan. SHunday sharafliylardan biri qahramonimiz Ka’bning qizi Nasiba roziyallohu anhodir.U Ummu Ammora nomi ila bizga tanishdir. Ummu Ammora o’zi eri Zayd ibn Osim va ikki o’g’li bilan birga Payg’ambar alayhissalomga Aqabada bay’at bergan 70 kishining biridir. Birinchi Aqoba bay’atidan keyin ikki yil o’tgach, haj ibodatiga yasribliklardan juda ko’p odam keldi. Ularning orasida mushriklari ham bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yasribliklarning vakillari bilan ko’rishib, kechasi Aqobada uchrashishga kelishdilar; va’dalashilgan paytda uxlayotganlarni uyg’otmaslikni, vaqtida yetib kelmaganlarni kutmaslikni tayinladilar, chunki bu ishlar qurayshlardan pinhon olib borilar, agar ular sezib qolishsa, halal berishga, g’alva chiqarishga urinishlari turgan gap edi. Ansorlar haj ibodatini tugatgach, yarim kechasi o’z oralaridagi mushriklardan yashirincha va’dalashilgan joyga kelishdi. Ular yetmish uch kishi bo’lib, oltmish ikkitasi Xazraj, o’n biri Avs qabilasidan edi. Bularning orasida ikki ayol kishi Najjor jamoasidan Ka’bning qizi Nusayba, Salama jamoasidan Amrning qizi Asmo ham bor edi.
Rasululloh ansorlar bilan aytilgan vaqtda shartlashilgan joyda uchrashdilar. U kishi bilan hali musulmon bo’lmagan amakilari Abbos ibn Abdulmuttalib ham birga keldi. U rasululloh bilan yasribliklar o’rtasidagi ahdu paymonni mustahkamlash uchun qarindosh-urug’lari payg’ambar alayhis-salomni himoya qilajaklarini, g’animlari u kishiga biron shikast yetkazishiga yo’l qo’ymasliklarini, bu yo’lda har qanday qiyinchilikka tayyor ekanliklarini bildirib qo’yishlik uchun kelgan edi. “Agar sizlar Muhammadga bergan va’danglarda turib dushmanlardan himoya qilolsanglar, yurtingizga borsin, agar bu ishning uddasidan chiqolmasanglar o’z urug’-aymog’i bilan yashayvergani tuzuk”, dedi Abbos. Ansorlarning boshlig’i Baro ibn Ma’rur hammaning nomidan: “Xudo haqqi, va’damizga vafo qilamiz, Rasululloh uchun jonimiz fido”, deya va’da berdi. YAsribliklar rasulullohdan: “Robbing uchun, o’zing uchun qo’yadigan qanday shartlaring bor?” deb so’rashdi. “Robbim uchun qo’yadigan shartim shuki, sherik keltirmay yolg’iz Ollohga ibodat qilasizlar, dedilar payg’ambar alayhis-salom. O’zim uchun qo’yadigan shartim shuki, sizlar tomonga borganimda meni xuddi o’z ayolingiz va bolalaringizdek himoya qilasizlar SHundan keyin qasamyod boshlandi. Bu tarixan ikkinchi Aqoba bay’ati deb ataladi. Mana shunday muborak kunlar ishtirokchisi bo’lgan qahramonimiz Aqobada bergan va’dalariga muofiq Allohning suyukli Habibi Habibullohning himoyasida misli jasur erlar kabi turdilar.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta
maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
Poshshahon Eshonxon qizi tayyorladi