Ikki olam sarvari – Ya Hazrati Muhammad!..
Bizlarni Muhammad (sallohu alayhi vasallam) ning ummatlari bo‘lishdek sharafga muyassar aylagan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin.
Alloh taoloning roziligiga erishish yo‘llarini mukammal tarzda bizga ta’lim bergan habibimiz Rasululloh (sallohu alayhi vasallam) ga ko‘plab salot va salomlar bo‘lsin…
Yo Rasulalloh, siz biz ummatga har bir sohada go‘zal namunasiz. Siz nimaniki buyurgan va nimadan qaytargan bo‘lsangiz, o‘sha amallarda biz uchun xayr va baraka bordir. Ya Rasulalloh, siz bizni hayotimizni, dinimizni muhofaza aylagansiz…
Agar ustoz shogirdiga vazifani to‘laligicha etkazib bermasa, o‘quvchida ushbu ilm nuqsonli bo‘ladi. Ya Rasulalloh, siz bizlarga islom ta’limotlarini shu darajada mukammal etkazib bermaganingizda, bizni barcha amallarimiz nuqsonga uchrardi. Ustoz o‘zi amal qilmay maruza qilsa, nasihati chin qalbdan emas, quruq so‘zdan iborat bo‘lsa, tolibi ilm uchun bu maruza manfaatsiz bo‘lardi. Chunki, ilm amal bilan tirikdir. Qalbdan chiqqan gaplar gaplar qalbga etib boradi. Ya Rasulalloh, siz barcha so‘zlaringizga amal qilib ko‘rsatib berguvchi “Tirik Qur’on” bo‘lgansiz.
O‘rganayotgan ilmlarimiz faqat tillarimizda qolmay balki, bu ilmlar ila yashashlik lozimligini bizga siz o‘rgatgansiz. Ya Rasulalloh, sizni har bir aytgan so‘zingizda, hatto sukut saqlaganingizda biz uchun namuna bor. Ya Nabiyalloh, mukarram ota-ona, aziz ustoz, baxtiyor jufti halol, solih farzand, adolatli rahbar bo‘lish kerakligini siz bizga ta’lim bergansiz.
Qanday yashsasak butun hayotimiz nurga to‘lishini siz o‘rgatgansiz Ya Habiballoh. Qiyinchiliklarni qanday engib o‘tishlikni, dunyo uchun mahzun bo‘lmaslikni sizdan o‘rgandik, ey go‘zal xulq sohibi! Amallarimizni ixlos bilan bezasak, hayotimiz ajrlarga burkanishini siz ta’lim berdingiz. Siz sahro qalblarimizga malham bo‘lgan chashmasiz Ya Nabiyalloh.
Siz islomni biror gard yuqtirmay bizga etkazdingiz. Bizni kechiring… Siyratingizni va sunnatingizni mukammal o‘rganib tiriltira olmayotganimiz uchun… Ya Rasulalloh siz biz ummat uchun Allohning eng buyuk ne’mati va barokatisiz.
Ey Allohim, bizlarni ummati muhammadiy bo‘lishlik baxtiga sazovor qilganingdek habibimiz Muhammad (sallohu alayhi vasallam) ning shafoatlariga ham erishishligimizni nasib ayla!
Xadichai Kubro ayol qizlar islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
Joziba Jamol qizi