Islomiy fitrat
Islomiy fitrat
Arab tilida “فطر” (f.t.r.) ildizi yorilish, paydo bo‘lish va birinchi bor vujudga kelish ma’nolarini bildiradi. “فَطَرَ” (fatara) fe’li urug‘ning tuproqni yorib chiqishi, bargning novdadan paydo bo‘lishi kabi tabiiy jarayonlarga nisbatan ishlatiladi. “فِطْرَة” (fitrat) so‘zi esa asl yaratilish holati, tug‘ma tabiat va sof tabiiylik ma’nosida keladi.
Bu ildizdan “فَطْر ” (fatr) – paydo bo‘lish, “فِطْر” (fitr) – ro‘zani ochish kabi so‘zlar hosil bo‘lgan. “فِطْرَة ” (fitrat) esa Alloh yaratgan tabiiy holatdir.
Fitrat Alloh tomonidan berilgan katta ne’matdir. Har bir insonda bu ne’mat bor, u tabiiy, soddalik va sof holatdir. Inson kattalashgan sari tarbiya, muhit, odat va sinovlar fitratni bosishi mumkin, ammo uni butunlay o‘chirib yubora olmaydi. Shuning uchun Qur’onda fitrat haqida gap ketganda, uning Alloh yaratgan tabiiy holat ekaniga e’tibor qaratiladi. Bu holatga qaytish, uni saqlash, unga mos yashash musulmonning vazifasi sifatida ta’kidlanadi.
Fitrat faqat aqidaga oid tushuncha emas, balki insonning kundalik hayotida ham namoyon bo‘ladi. Tozalik, halollik, mehribonlik, adolat, saxovat – bularning hammasi fitratga mos sifatlar hisoblanadi. Shuning uchun dinning buyruqlari ham aynan inson tabiatiga mos bo‘ladi. Din fitratni buzmaydi, aksincha uni mustahkamlaydi. Bu Allohning dinini inson uchun qulay va hayotga yaqin qiladi.
Fitrat mavzusi islom manbalarida juda muhim o‘rin tutadi. Qur’on va hadisda fitrat insonning tug‘ma holati, pok tabiati va Allohni tanishga moyilligini bildiradi. Ya’ni, inson dunyoga kelganda qalbi toza bo‘ladi. U yomonlik bilan emas, balki yaxshilikka moyil bo‘lib tug‘iladi. Shuning uchun ham bola hali kichikligidan adolatni yoqtiradi, zulmni yomon ko‘radi, samimiylik va mehrni qidiradi. Bu holat uning tabiatida mavjud bo‘lgan fitratdir.
Xulosa shuki, fitrat – insonning Alloh tomonidan berilgan tabiiy holati, toza qalbi va yaxshilikka moyilligi. Fitratni asrash, uni saqlab qolish va uni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun din asosida yashash, ibodat qilish, haromlardan uzoq turish lozim. Shunda inson o‘z asl holatini topadi, qalbi tinch, hayoti mazmunli bo‘ladi.
Qur’onda fitrat so‘zi bevosita Rum surasi, 30-oyatda keladi:
قَالَ اللّٰهُ تَعَالٰى: ﴿ فِطْرَتَ اللّٰهِ الَّتِي فَطَرَ النَّاسَ عَلَيْهَا ۚ ﴾ (Rum, 30-oyat)
“Bu Alloh odamlarni yaratgan fitratidir.”
Bu oyatda quyidagi ma’nolar bor:
- Fitrat Alloh yaratgan asl holatdir. Inson tug‘ilganda Allohni tanishga moyildir, qalbida to‘g‘rini his qilish tuyg‘usi bo‘ladi.
- Fitrat o‘zgarmaydi. Oyat davomida shunday deyiladi: ﴿ لَا تَبْدِيلَ لِخَلْقِ اللّٰهِ ﴾ (Rum, 30-oyat) “Alloh yaratgan narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi.”
Tarbiyaga va muhitga qarab fitrat bosilishi mumkin, lekin uni o‘chirib yuborish mumkin emas.
- Din fitratga mosdir. Qur’onda din fitratga binoan yashashga chaqirilgan.
A’rof surasi, 172-oyatda shunday deyiladi:
﴿ اَلَسْتُ بِرَبِّكُمْ ۖ قَالُوا بَلٰى ﴾“Men sizning Rabbingiz emasmanmi?” dedi. Ular: “Albatta (Rabbimizsan),” deb aytdilar.
Bu oyat inson qalbida Allohni tanish tuyg‘usi tug‘ma ekanini bildiradi.
Zuxruf surasi, 87-oyatda:
﴿ وَلَئِنْ سَاَلْتَهُمْ مَنْ خَلَقَهُمْ لَيَقُولُنَّ اللّٰهُ ﴾“Agar ulardan: ‘Sizni kim yaratdi?’ deb so‘rasang, ular: ‘Alloh!’ deydilar.”
Bu ham tug‘ma tanish va e’tirofni ko‘rsatadi.
Hadis manbalarida fitratga oid ko‘plab rivoyatlar mavjud. Eng mashhur rivoyatlardan biri Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisdir. Unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
مَا مِنْ مَوْلُودٍ إِلَّا يُولَدُ عَلَى الْفِطْرَةِ، فَأَبَوَاهُ يُهَوِّدَانِهِ، وَيُنَصِّرَانِهِ، وَيُمَجِّسَانِهِ
“Har bir go‘dak fitratda tug‘iladi. So‘ngra ota-onasi uni yahudiy, nasroniy yoki majusiy qiladi.” (Rivoyat: Muslim)
Hadisning mazmuni shundan iboratki, inson tug‘ma ravishda pok holatda yaratiladi. Yomonlik yoki noto‘g‘ri yo‘l tug‘ma emas. Tarbiya, muhit va insonning keyingi tanlovlari uning e’tiqodi va hayot yo‘lini belgilaydi. Fitrat – Alloh tomonidan berilgan tabiiy poklikdir. Iymon esa ongli tasdiq va ixtiyoriy e’tiqoddir.
Sunnatda fitrat amallari ham zikr qilingan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam quyidagi amallarni fitrat ishlari deb aytganlar: mo‘ylovni qisqartirish, tirnoqni olish, soqolni tartibga solish, qo‘ltiq osti tuklarini tozalash, qovuq atrofini poklash va misvok qilish. Bu amallar poklik, ozodalik va tartibni ta’minlaydi. Inson tabiatiga mos bo‘lgani uchun ular “fitrat amallari” deb nomlangan.
Qur’onda Allohning “Fatir” ismi zikr qilingan. Bu ism “yaratuvchi” va “vujudga keltiruvchi” degan ma’noni anglatadi. Alloh taolo Qur’onda shunday deydi:
﴿ فَاطِرِ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ ﴾“U osmonlar va yerning yaratuvchisidir.”
Demak, yaratilish Allohning qudrati bilan sodir bo‘ladi. Banda uchun eng muhim vazifa esa Alloh yaratgan tartibni qadrlash, shukr qilish va ibodatdir. Fitrat ham Alloh yaratgan tabiiy holatdir. Insonning qalbida to‘g‘rilikka moyillik va Allohni tanish tuyg‘usi mavjud.
Qur’onda bu mavzu yana shunday bayon qilingan:
﴿ فَأَقِمْ وَجْهَكَ لِلدِّينِ حَنِيفًا ۚ فِطْرَتَ اللّٰهِ الَّتِي فَطَرَ النَّاسَ عَلَيْهَا ﴾
“Din tarafiga yuz tut, Alloh odamlarni yaratgan fitratga binoan.”
Bu oyat din bilan fitrat o‘rtasida uyg‘unlik borligini ko‘rsatadi. Din Alloh tomonidan tushirilgan bo‘lgani uchun u inson tabiati bilan mos keladi. Inson qalbi poklikni, halollikni va adolatni yoqtiradi. Din ham aynan shu fazilatlarni buyuradi. Kim din asosida yashasa, o‘z fitratini saqlagan bo‘ladi.
Fitrat Alloh yaratgan tug‘ma holatdir. Inson tug‘ilganda qalbi toza bo‘ladi va Allohni tanishga moyil bo‘ladi. Tarbiya, muhit va gunohlar fitratni bosishi mumkin, lekin uni butunlay yo‘q qila olmaydi. Qur’on va sunnatda fitrat yaxshilik, poklik, halollik, ibodat va to‘g‘rilik bilan bog‘langan.
Din fitratga mos yo‘ldir. Fitratni asrash, uni toza saqlash va din asosida yashash har bir musulmon uchun mas’uliyatdir.
Tayyorladi: ta’lim muassasasi 2-kurs talabasi O.Yusufjonova
Mas’ul: ta’lim muassasasining arab-tili fani o ’qituvchisi, R.Mannobjonova
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية