22.11.2022
169

"Ko’ngillarning sevgani”dan bir parcha

Buyuk  shoir Alisher Navoiyning ijodiy merosini o’rganish va tadqiq etish har davrning muhim vazifalaridan biri bo’lib kelmoqda. Bu mutaffakirning milliy adabiyotimizga va ma`naviyatimizga qo’shgan hissasi beqiyos. 
Bu haqda birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov “Yuksak ma`naviyat yengilmas kuch” asarida shunday tariflaydilar: “Alisher Navoiy xalqimizning adabiyoti, madaniyati va siyosiy tarixida alohida o’ringa ega bo’lgan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyandasi, millatimizning g’ururi, sha`nu sharafini dunyoga tarannum etgan o’lmas so’z san`atkoridir”.
Uning so’ngi asarlaridan biri nasriy pandnoma yo’nalishida yozilgan “Mahbub ul-qulub” (“Ko’ngillarning sevgani”)dir. Bu asar 1500 yilda yozilgan. «Mahbub ul-qulub» asari oltmish yillik umri davomida hayotda ko‘rgan-kechirganlarini teran tahlil qilib, muayyan xulosalar chiqargan donishmandning kelgusi avlodlarga qoldirgan buyuk ma’naviy merosidir. 
“Mahbub ul-qulub”asari har davrda xalqning talabida bo’lgan asardir, shu sababdan bu asar juda ko’p martalab nusxa ko’chirilgan va xalqqa taqdim qilingan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi qo’lyozmalar instituti asosiy fondida quyidagi inventar raqamlar ostida turli davrlarda ko’chirilgan ellikdan ortiq nusxalari saqlanmoqda: №9754-II, 10902-VII, 7437-III, 9560-I, 8814-II, 8286, P.N. 1743-II, P.6776-II, P.N. 3592-II, P. 5024-III, P.N. 4343-I, P.N. 149-I, P. 5663-II, P.7412-III, P.4351-II, P.5838-III, P. 6106-II, P. 7560-II, 10893-IV, 9350-II, P.9376-I, 11111-I, P10073, P 6945, P. N. 4307, P 6776-I, P.N. 186-III, P.N. 1209-II, P.N.817, P.N. 3324-II, 7496, P 1638, P.N. 1631, P.N. 697, P.N. 876 v.b.
Shu nusxalardan eng qadimiysi, ya’ni oldin ko’chirilgani, № P.N. 1209-II invertar raqami ostidagi Mullo Pahlavonquli, 1194 yilda nusxa ko’chirgan. Yana biri  № P.N. 149-I invertar raqami ostida saqlanayotgan Muhammad Muso Xo’ja tomonidan 1228 yilda nusxa ko’chirilgan bo’lib, nastaliq xatida yozilgan. 
Mir Alisher Navoiyning bu asari uch qismdan iborat. Birinchi qism “Xaloyiq ahvol va af’ol va aqvolining kayfiyati” deb nomlanib, 40 fasl (bob)ni o‘z ichiga oladi. Har bir faslida muallif o‘zi yashagan davrdagi bir tabaqa hayoti, axloqi va vazifalari haqida fikr yuritadi. U ushbu tabaqa vakillarining yaxshi ishlari haqida ham, ayb va nuqsonlari haqida ham mulohaza yuritib, ularni yaxshilikka chaqirmoqchi bo‘ladi. Asarda Alisher Navoiyning inson axloqiga va tarbiyasiga doir eng noyob pand va nasihatlari xalq maqollari va hikmatli so‘zlari shaklida bayon qilingan. Ko‘p o‘rinda shoir o‘z fikrlarini bayt, qit’a, masnaviy, ruboiy shaklida ifodalashi asarga rang-baranglilik bag‘ishlagan.
Unda sultonlardan tortib darveshlargacha bo‘lgan ijtimoiy tabaqa va guruhlarning tavsifi keltiriladi. Hukmdorlar, vazirlar, noiblar, qozilar, muftiylar, kotiblar, muqriylar, qorilar, qissaxonlar, shoirlar, dehqonlar, yetim, beva-bechoralar  kabi turli toifa vakillari ta’riflari ham keltirilganki, bu fikrlar bugungi kun uchun ham ibratli bo‘lib, jamiyat kishilari uchun dastur ul-amal bo‘ladi. 
Asarning ikkinchi qismi esa 10 bobdan iborat bo’lib, «Hamida af’ol va zamima xisol xosiyatida» deb nomlanadi. Bu qism maqtovga loyiq axloqiy masalalar hamda qarolovga qolgan yomon xislatlarga bag‘ishlangan. Bu qismning har bir bobida muayyan bir xislat bayon qilingan va so’ngidan bir hayotiy hikoya keltirilgan.  Xususan, birinchi fasl «Tavba zikrida» deb atalgan. Navoiy tavbaga ta’rif berib shunday yozadi:
“Tavba — baxtsizlik yo’lining oxiri va to‘g‘rilik yo‘lining boshlanishidir, u takabburlik g‘aflatidan seskanmoq va bashariyat uyqusidan va o‘zining noloyiq ahvolini anglamoq va behuda fe’llarini tashlamoq...”  
Ta’rifdan so‘ng Navoiy tavba maqomi bilan bog‘liq hikoyat keltiradi. Hikoyatga ko‘ra, buyuk shayx Abdulloh Muborak (vaf. 171/787-788) bir kanizak ishqiga giriftor bo‘ladi. Qish kechalaridan birida tongga qadar ma’shuqa devori ostida turadi. Qor va sovuqda qoladi. Sahar namozi azonini xufton deb o‘ylaydi. O‘ziga kelgach deydi: - Ey Muborakning nomuborak o‘g‘li, senga uyat emasmi? Agar imom namozda uzunroq sura qiroat qilsa, toliqarding. Endi nafsing havosiga tong otquncha mundog‘ azob tortarsen». Shundan so‘ng Abdulloh Muborak tavba qilib, sulukka beriladi. 
R u b o i y:
Haqdin angakim, yetti inoyat vaqti,
Ko‘ngliga yomon fe’li siroyat vaqti.
Isyonig‘a fosh o‘lur nihoyat vaqti.
Bu bo‘ldi hidoyatqa bidoyat vaqti.
Alisher Navoiy bu misralar bilan tavba qilish ham Haq subhanohu taolo tomonidan bir ilhom ekani, insonni ko’ngliga u qilib yurgan yomon ishdan voz kechish istagini Alloh solishini, yomon ishni takr qilish esa hidoyat eshigining ochilish zamoni ekani bayon qilmoqdalar. Hadisi shariflarda kelishicha banda bir yomon ishdan tavba qilsa, Alloh taolo nihoyat qattiq darajada masrur bo’lar ekanki, buning misoli quyidagi hikoyada: bir inson poyonsiz sahroda yeguligi va suvi ortilgan yagona ulovini yuqotib qo’ydi. Ulovini izlab-izlab holdan toydi va ulovini topishdan umidsizlanib yerga yiqilgan bir vaqtda to’satdan ulovi qarshisida paydo bo’lib qolsa u odan xursandligidan hushini yuqotayozib Allohga: “Men sening robbingman, sen mening bandamsan”, degan odam xursandligidan ham ko’proq xursand bo’lar ekan. 
Yana bir hadisda keltirilicha, inson bir yomon ish qilsa, so’ngra tavba qilsa. Alloh taolo aytadi: “Bandam meni kechiruvchiligimni, mendan boshqa kechiruvchi, tavbalarni qabul qilivchi yo’q ekanligini bildi, deydi va uni mag’firat qiladi. Inson yana gunoh sodir qilsa va qilgan ishidan pushaymon bo’lib tavba qilsa, Alloh taolo aytadi: “Bandam meni kechiruvchiligimni, mendan boshqa kechiruvchi, tavbalarni qabul qilivchi yo’q ekanligini bildi, deydi va uni mag’firat qiladi. Alloh taolo bandalarining gunohlarini osmonlarcha va yer kengligicha bo’lsa ham tavba qilsa tavbasini qabul qiladi va mag’firat qiladi.
Shuningdek, mazkur qismda yana zuhd, tavakkul, qanoat, sabr, tavozu’ va adab, ishq kabi masalalar ta’rifi va mazmunini yoritib beradigan hikoyalar ham keltirilgan.
Asarning uchinchi qismi «Mutafarriqa favoyid va amsol surati» deb atalib, turli foydali pandlar va hikmatlarni o‘z ichiga oladi. Asarda ular «tanbeh» nomi bilan atalib, jami 127 ta tanbeh keltirilgan. Tanbehlarning aksariyati hadislar mazmuni bilan uyg‘unlik kasb etadi. Xususan, 31-tanbeh: «Kishi badanida bir parcha go’sht bor, agar u tuzalsa, a’zolarinig barchasi tuzalgaydir, agar u buzilsa, a’zolarining barchasi buzilgaydir. U qalbdir!» hadisiga mazmunan yaqinligini ko‘rish mumkin: “Ko’ngul badan mulkining podshohidur, anga sihhat, munga ham sihhat, anga tabohi, munga ham tabohidur. Bas ilkim, ko’ngul mulkining sohibjohi bo’g’ay shohlar shohi bo’lg’ay. Badan saloh va fasodi, ko’ngul saloh va fasodig’a tabe’ va mulk obod va xaroblig’i shoh adl va zulmig’a roje’. Podshoh – mulk badanining jonidur va ko’ngul – badan mulkining sultoni”.  
B a y t:
Mulk uchun solim keraktur xusravi kishvarpanoh,
Tan uchun ul uzvkim, bo‘ldi badan mulkida shoh.
Riyokor shayxlar haqida “Mahbub ul-qulub” ikkinchi qismi 18 faslida shunday deyiladi: riyokor shayx – o‘zini yaxshi va chiroyli ko‘rsatishga urinadi. U ustiga oltin qoplangan mis kabidir. Usti yaltiroq ichi qaltiroq. Ustidagi quroq tun tovlamachiligidan nishona, uning tasbeh ugirishi – ko‘zbo‘yamachilik, namozni cho‘zib o‘qishdan maqsadi – elga o‘zini ko‘rsatish. Behuda hayqirig‘i – xuddi bemahal qichqirgan xo‘rozdek sovuq. Gʻofillik bilan o‘qigan duolari – mastlar bazmidagi qiy-chuv, haralla-tarallaga o‘xshaydi. Bu iflos shaxsning bunchalik zeb berishdan maqsadi o‘zini pok kishilardek qilib ko‘rsatishdir. Xayhot — attang! Uyat, yuz ming uyat! 
N a z m:
Faqr ismi birla muncha zarqu shaydu bu riyo,
Saltanatdekdurki, qilg‘ay podshohi bo‘ryo.
Bu agar darvesh o‘zin qilsa gumon, ul podsho,
Yo‘q ajab, chun ikkisida yo‘q turur aqlu hayo,
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da: 
“Riyokor:  1. Munofiqlik bilan shug‘ullanish. Munofiqona hatti-harakat, ikki yuzlamachilik. 2.   Savobli, ezgu ishlarni,  xususan xayr-ehsonni odamlar ko‘rib maqtasin, deb man-manlik bilan amalga oshirish” deb izohlanadi. 
Riyokorlikning  yomoni ayrim kishilarning  savobli ishlarni  riyo, “xo‘ja ko‘rsin” uchun qilishliklaridir.  “Qur’oni-karim”da: “Yana mollarini xo‘jako‘rsinga ehson qiladigan, o‘zlari Allohga  ham, oxirat kuniga ham ishonmaydigan kimsalarni ham (Alloh sevmaydi)” deyiladi. ( Niso surasi, 38-oyat).
Riyoning bir necha turi bor: birinchi turi. Badan ila riyo qilish. Bunda ozg‘inlik va sarg‘ayishni zohir qilinadi. Bu bilan qattiq ijtihod qilayotgani, din uchun mahzunlik va oxirat xavfi kuchli ekanini odamlarga ko‘z-ko‘z qilishga harakat qilinadi.
Ikkinchi turi. Tashqi ko‘rinish va kiyim ila bo‘ladi. Bunda sochni to‘zigan holda tutish, yuzda sajda asarini qoldirish, qo‘pol kiyim kiyish, yengini kalta qilish, kiyimni poklamaslik, uni yirtiq holida qo‘yish kabilar sunnatga ergashish da’vosi sifatida qilinadi.
Uchinchi turi. Gap-so‘z ila bo‘ladigan riyo. Bu turdagi riyo din ahlida va’z va irshodda, hikmatni nutq qilishda, ilmning ko‘pligini bildirish uchun xabarlar va asarlarni yod olish bilan bo‘ladi. Shuningdek, odamlar jamlangan yerda labini qimirlatib, zikr qilib turish, ularning oldida amri ma’ruf va nahyi munkar qilish bilan bo‘ladi.
To‘rtinchi turi. Amal bilan bo‘ladigan riyo. Bu namozxonning ruku’ va sajdani uzun qilishi kabi ishlar bilan bo‘ladi.
Beshinchi turi. Do‘stlar va ziyoratchilar bilan maqtanish. Bunda riyokor mashhur olimni uyiga «falonchinikiga mashhur olim kelibdi», deyilishi uchun taklif qiladi. Yoki «men falonchining majlisida ishtirok etaman» deya doimo maqtanib yurish bilan bo‘ladi.
Quyida riyonong zararlarini keltiramiz: 
1.Riyo – amalning savobini zoye qiladi.
2.Riyo – Alloh taoloning yomon ko‘rishiga sababdir.
3.Riyokor – Alloh taoloning la’natiga sazovordir.
4.Riyo – halokatga olib boruvchi gunohi kabiradir.
5.Riyo – riyokorning g‘oyatda johil ekaniniga dalil bo‘ladi.
6.Riyo – faqirlikni jalb qiladi.
7.Riyo – o‘z sohibini fitnalarga giriftor qiladi.
8.Riyo – egasini qiyomat kuni xaloyiqning oldida sharmanda qiladi va boshqalar.
Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub» asari badiiy jihatdan ham yuksak saviyaga ega. Asarda keltirilgan kichik hajmli hikoyalar, she’riy parchalar, maqollar qo‘yilgan masalalarga yakun yasash, «qissadan hissa» chiqarish vazifasini bajargan. Umuman olganda, Navoiyning mazkur asari buyuk mutafakkir merosining muhim va qimmatli yodgorligi bo‘lib, XV asrdan keyingi badiiy nasr taraqqiyotiga samarali ta’sir ko‘rsatdi.
Xulosa o’rnida shuni aytisg mumkinki, bu asar yozilgan davridan boshlar har davrning, hozir zamon kitobxonlarini ham o’ziga mahliyo qilib kelmoqda. Bu asarning umrboqiyligi ening hayotiyligi va diniy-ma’rifiy asar ekanlida ko’rinadi. Bu asar har bir odam umri davomida duch kelishi muqarrar bo‘lgan hayotiy muammolarga eng to‘g‘ri yechimlarni ta’sirli usulda berishi bilan yuksak daraja kasb etadi. Musajja' san'atining nodir namunasi sanalgan bu noyob asarning yaralishi sabablarini muallif quyidagicha izohlaydi: “Bu muqaddimotdin maqsad bukim, har ko’y va ko’chada yugurubmen va olam ahlidin har nav` elga o’zumni yetkurubmen va yaxshi-yamonning af’olin bilibmen va yamon-u yaxshi xislatlarin tajriba qilibmen. Xayr va sharrdin (yomonlik, gunohlardan) no’sh va nish ko’ksumga yetibdur va laim (past, xasis, nokas) va karim zaxm va marhamin ko’nglum dark etibdur. Va zamon ahlidin bayozi as'hob (suhbatdosh) va davron xaylidin ba'zi ahbobki (ayrim do’stlar) bu hollardin xabarsiz va ko’ngullari bu xayr va sharrdin asarsizdur. Bu nav` as’hob va ahbobg’a intiboh qilmoq va alarni nav’ bu holatdin ogoh qilmoq vojib ko’rundiki, har toifa xisolidin vuquflari va har tabaqa ahvolidin shuurlari bo’lg’ayki, munosib el xizmatig’a shitob qilg’aylar va nomunosib el suhbatidin ijtinob vojib bilg’aylar va bari el bila maxfiy rozlaridin so’z demag’aylar. Va shayotin makr-u firibidin boziy emagaylar. Har nav’ el suhbat va xususiyatiki, alarg’a havas bo’lg’ay, bu faqirning tajribasi alarg’a bas bo’lg’ay”. 
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAT RO’YXATI:
Qur’oni karim
“Tafsiri hilol” shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Hilol -Nashr” nashriyoti, Toshkent – 2016.
Alisher Navoiy mukammal asarlar to‘plami, “Mahbub ul-qulub” , Yigirma tomlik, O‘n to‘rtinchi tom, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi «Fan» nashriyoti
Alisher Navoiy. Mahbub ul-qulub. MAT XIV. Toshkent. 1998y.
Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch. – Toshkent: Ma’naviyat, 2008 y.
“Oltin Silsila” saihihul Buxoriy,  shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Hilol -Nashr” nashriyoti, Toshkent – 2013.
“Mishkatul masobiyh”, Tabriziy. 
Botirxon Valixo’jayev. Nizomiddin Mir Alisher Navoiy (davri, zamondoshlari, hayoti, faoliyati, merosi)
“An-Naim” arabcha-o’zbekcha lug’at. Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent – 2003.
Qomus info, onlayn enseklopediya.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”

ToshDO‘TAU “Matnshunoslik va adabiy 
manbashunoslik” 2-bosqich magistranti 
D.B. Maxmudova

Другие новости

Noqonuniy diniy faoliyat bu — diniy tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatishdir
25.04.2024 1
#Dolzarb_mavzular#Diniy_ta'lim#Jamiyat_farovonligi Noqonuniy diniy faoliyat bu — diniy tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatishdirDavlatimiz mustaqilligi e’lon qilingandan boshlab yurtimizda barcha sohalar qatori ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va diniy sohalarga ham yuksak e’tibor qaratildi....
Подробнее
YURTIMIZ QO‘LYOZMA FONDLARIDA SAQLANAYOTGAN ARBA’IN QO‘LYOZMALARI
15.04.2024 10
YURTIMIZ QO‘LYOZMA FONDLARIDA SAQLANAYOTGAN ARBA’IN QO‘LYOZMALARIO‘tmishga nazar tashlaydigan bo‘lsak xalqimizning ko‘p yillik tarixi bevosita Navoiy asarlari bilan bog‘liq. Shuning uchun sharq adabiyotidagi manbalarni ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan tadqiq etish adabiy...
Подробнее
Missionerlikning salbiy oqibatlari
13.04.2024 12
Missionerlikning salbiy oqibatlari Missionerlik haqida gap ketar ekan, avvalo ushbu tushunchaning lg'aviy va istilohiy ma'nolarini tushunib olish muhimligini alohida qayd etish lozim. Missionerlik lotin tilidan olingan bo'lib, “missio”so'zi “yuborish”, “vazifa...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry