
Bid’at tushunchasi, uning turlari va hukmlari
Bid’at tushunchasi, uning turlari va hukmlari
"Bid’at" so‘zi lug‘atda bir narsani yangitdan paydo qilish ma’nosini anglatadi.
"Bid’at"ning shar’iy istilohi – ta’rifiga keladigan bo‘lsak, ulamolar bu masalada bir xil fikrga ittifoq qilmaganlar. Mazkur ta’riflarning hammasini jamlab tahlil qilgan mutaxassislar ularni ikki asosiy yo‘nalishga taqsimlaydilar.
Birinchi yo‘nalishdagi ulamolarga imom Shofe’iy va u kishining mazhabidagi ulamolardan Izz ibn Abdussalom, Imom Navaviy, Ab-u Shoma, molikiylardan Qurofiy va Zarqoniylar, hanafiylardan Ibn Obidiyn, hanbaliylardan Ibn Javziy va zohiriylardan Ibn Hazmlar kiradilar.
Bu yo‘nalishdagi ulamolar bid’atni, ibodatlarda bo‘lsin, odatlarda bo‘lsin, yaxshi bo‘lsin, yomon bo‘lsin Qur’on va Sunnatda yo‘q va dinda yangi paydo bo‘lgan narsa, deb ta’riflaydilar.
Bu yo‘nalishdagi ta’riflarning ma’nosini o‘zida to‘la aks ettirgan ta’rif Izz ibn Abdussalomning ta’rifi bo‘lib unda:
"Bid’at Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bo‘lmagan narsadir", deyilgan.
Birinchi yo‘nalishdagi bid’at bir necha turlarga taqsimlanadi:
1. Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki, bu ilmni bilmasdan Qur’on va Sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi. Demak, Qur’on va Sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib. Bu narsa Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning davrlarida bo‘lmagan. Hazrati Ali roziyallohu anhuning davrlarida nahv ilmini o‘rganish borasida birinchi qadam qo‘yildi.
2. Harom bid’at. Qadariya, Jabriya, Murji’a va Xavorij mazhablari. Bular ham Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning davrlarida bo‘lmagan. Ularning hammasi keyin chiqqan va Islomga qarshi aqiyda va fikrlarni o‘zlariga shior qilib olgan. Bu mazhablarga yurganlar dindan chiqqan hisoblanadi.
3. Mandub bid’at. Madrasalar tashkil qilish va taroveh namoziga o‘xshash narsalar. Bular ham Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning vaqtlarida bo‘lmagan, keyin yo‘lga qo‘yilgan va foydali bo‘lgani uchun mandub deb baholangan.
4. Makruh bid’at. Masjidlarni naqshi nigor bilan bezashga o‘xshash narsalar.
5. Muboh bid’at. Namozdan keyin qo‘l berib ko‘rishish va yemoq, ichmoq va kiymoqda lazzat va chiroyni ixtiyor qilish kabilar.
Birinchi yo‘nalish tarafdorlari bid’atni mazkur besh qismga taqsimlanishiga dalillar ham keltirganlar:
1. Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
"Kim Islomda go‘zal sunnat paydo qilsa va undan keyin o‘sha sunnatga amal qilinsa, unga o‘shanga amal qilganlar ajriga o‘xshash ajr, ularning ajridan biror narsa noqis qilinmagan holda yozilib turadi. Kim Islomda bir yolg‘on sunnat paydo qilsa va undan keyin o‘sha sunnatga amal qilinsa, unga o‘sha amal qilganlar gunohiga o‘xshash gunoh, ularning gunohlaridan biror narsa noqis qilmagan holda yozilib turadi", dedilar".
2. Abdurrahmon ibn Abdin al-Qoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bilan Ramazon kechalarining birida masjidga chiqdim. Qarasak, odamlar guruh-guruh bilan tarqoq hollarida: Kimdir o‘zi namoz o‘qimoqda. Kimdir namoz o‘qisa bir necha kishi unga iqtido qilmoqda. Shunda Umar:
"Menimcha ana ularni bir qori (orti) ga jamlasam yaxshi bo‘ladi", dedi. So‘ngra ularni Ubay ibn Ka’baning ortidan jamladi. Keyin boshqa bir kechada men yana u bilan chiqqanimda odamlar qorilarga iqtido qilib namoz o‘qishar edi. Umar:
"Bu qandoq ham yaxshi bid’at. Bu vaqtda uxlab yotganlaridan ko‘ra, qoim bo‘lganlari afzal" dedi. Kechaning oxirida, demoqchi. Odamlar kechaning avvalida qoim bo‘lishar edi. Buxoriy rivoyat qilgan.
3. Mujohid roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"Urva ibn Zubayr bilan birga masjidga kirdik. Qarasak, Abdulloh ibn Umar Oisha roziyallohu anhoning hujrasi oldida o‘tirgan ekan. Odamlar bo‘lsa, jamoat bo‘lib Zuho namozi o‘qimoqdalar. Biz Ibn Umardan ularning namozi haqida so‘ragan edik, yaxshi bid’at, dedi".
Ko‘pchilik mazkur ta’rifga oid bid’atni maydalab o‘tirmay ikkiga taqsimlab qo‘ya qoladilar va bid’at ikki xil bo‘ladi: bid’ati hasana – yaxshi bid’at va bid’ati sayyi’a – yomon bid’at, deydilar.
Ikkinchi yo‘nalishdagi ulamolar imom Molik, Shotibiy, Turtishiy, hanafiylardan imom Shumunniy va Ayniy, shofe’iylardan Bayhaqiy, Ibn Hajar Asqaloniy va Ibn Hajar Haytamiylar, hanbaliylardan Ibn Rajab va Ibn Taymiyalar bo‘lib, ularning fikricha bid’atning barchasi, ibodatdagisi ham, odatdagisi ham zalolatdir.
Ikkinchi yo‘nalishdagi ta’riflarning eng mashhuri va jamlovchisi imom Shotibiyning ta’rifidir. U kishi bid’atni ikki xil ta’rif qilgan:
1. Bid’at dinda yangi ixtiro qilingan yo‘l bo‘lib, u bilan shariatga o‘xshatish kiritiladi. Unga yurish bilan Allohga ibodat qilishda mubolag‘a qasd qilinadi.
Bu ta’rifda din javhariga yangi o‘zgarish kiritish haqida, ibodatlarda shariat ko‘rsatgan yo‘lga o‘xshash yo‘l paydo qilish haqida so‘z borayotgani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi.
2. Bid’at dinda yangi ixtiro qilingan yo‘l bo‘lib, u bilan shariatga o‘xshatish kiritiladi. Unga yurishdan shariat yo‘liga yurish qasd qilinadi.
Imom Shotibiyning ikkinchi ta’rifi birinchisidan keng bo‘lib, unda ibodat va odatlardagi yangi ixtiro qilingan narsalar bid’at ekanligi ta’kidlangan.
Imom Shotibiy bid’at masalasini eng ko‘p bahs qilgan olimlardan biri hisoblanadi va bid’atga qarshi turishda eng ashaddiylardan biridir.
Haqli ravishda nima uchun imom Shotibiy bid’atni ikki xil ta’rif qilgan, degan savol paydo bo‘ladi. Bu savolga ulamolarimiz: imom Shotibiy bunda boshqalarning bid’at ma’nosini keng yoki tor olganiga e’tibor bergan, deb javob berganlar.
Imom Shotibiyning birinchi – tor ta’rifida bid’at faqat ibodatlarda bo‘ladi deganlarning fikri, ikkinchi–keng ta’rifida esa bid’at ibodatlarda ham, odatlarda ham bo‘ladi deganlarning fikri o‘z ifodasini topgan.
Imom Shotibiyning o‘zi esa, bid’at faqat aqiyda va ibodatlarga xos bo‘lishiga moyil bo‘lgan.
Ikkinchi yo‘nalishdagi ta’rifda bizga kerak bo‘lgan asosiy ma’no "Bid’at dinda yangi ixtiro qilingan yo‘l" degan jumladir.
Demak, musulmonlar ichida yangi paydo bo‘lgan narsa bid’at bo‘lishi uchun dinning asosiga–javhariga oid bo‘lishi shart ekan. Unga ham xuddi shariatning asosiy ibodatlari maqomi berilishi kerak ekan. Quyidagi hadislarda xuddi shu ma’no ko‘zda tutilgandir:
1. Oisha roziyallohu anhodan imom Buxoriy, Muslim va Ab-u Dovudlar tomonidan rivoyat qilinadi:
"Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
"Kim bizning bu ishimizda undan bo‘lmagan narsani yangitdan paydo qilsa, u marduddir", dedilar".
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam "ishimiz" deganlaridan murod, dinimiz deganlaridir.
2. Jobir roziyallohu anhudan imom Buxoriy, Muslim va Nasaiylar rivoyat qiladilar:
"Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
"Albatta, eng sodiq Kalom Allohning Kitobidir, eng yaxshi hidoyat Muhammadning hidoyatidir. Ishlarning eng yomoni yangi paydo bo‘lganlaridir. Har bir yangi chiqqan ish bid’atdir. Har bir bid’at zalolatdir. Barcha zalolat do‘zaxdadir", dedilar".
Binobarin, musulmonlar hayotida yangi paydo bo‘lgan va dinning javhariga daxldor bo‘lmagan narsalar bid’at bo‘lmaydi. Har bir yangi paydo bo‘lgan narsa bid’at, har bir bid’at zalolat, barcha zalolat do‘zaxda bo‘lsa, holimiz ne kechar edi. Payg‘ambarimiz hayotlik davrlarida Qur’oni Karim kitob shakliga keltirilmagan, madrasalar qurilmagan, turli ilmlar shakllanmagan, kitoblar yozilmagan va hokazolar edi. Bularning barchasi keyin paydo bo‘ldi va barcha musulmonlar, jumladan, bid’at ma’nosini tor olgan ulamolar ham bu ishlarni katta quvonch bilan ma’qullaydilar.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, bid’atlar asl jihatidan ikki xil bo‘ladi: e’tiqodiy va amaliy.
E’tiqodiy bid’atlar aqiydaga, amaliy bid’atlar shariatga oid ekan.
Bid’atlarning eng xatarlisi e’tiqodda bo‘lganidir.
Ular juda ko‘p bo‘lib, asosan ahli sunna val jamoadan ajrab chiqqan turli toifalar o‘sha bid’atlar tufayli yo‘ldan ozganlar.
Dastlab paydo bo‘lgan e’tiqodiy bid’atchi firqalar to‘rttadir:
1. Xavorijlar.
2. Murji’alar.
3. Shiy’alar.
4. Mo‘taziliylar.
Hozirgi kunimizda ham ushbu to‘rt toifaning fikrlaridan ba’zilari tez-tez tarqalib, odamlarni tashvishga solib turgani sir emas. Bularning ta’siridan chuqur ilm va ilmda peshqadam ulamolar yo‘lini mahkam tutish bilangina salomat qolish mumkin.
Foydalanilgan manbalar va adabiyotlar.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ruhiy tarbiya. Hilol nashr" nashriyot-matbaa uyi. Toshkent:, 2021.
2. Salohiddin Ahmad Idlibiy. Islomda bid’at tushunchasi. "Munir" nashriyoti. Toshkent:, 2022.
3. Ibodatni ko‘paytirish bid’at emas. Abdulhay Laknaviy. "Munir" nashriyoti. Toshkent:, 2023.
4. https://savollar.islom.uz/
M.Xodjayeva
tayyorladi.
Другие новости


