"Xadichai Kubro" ayol-qizlar o'rta maxsus islom ta'lim muassasasida davra suhbati
Joriy yilning 1-mart kuni "Xadichai Kubro" ayol-qizlar o'rta maxsus islom ta'lim muassasasiga O'zbekiston musulmonlari idorasi Yoshlar ishlari bo'yicha muftiy o'rinbosari Uyg'un domla G'ofurov va Ta'lim va ilmiy tadqiqot bo'limi mudiri Salohiddin domla Sherxonov tashrif buyurdilar.
Dastavval, Uyg'un domla G'ofurov so'zga chiqib, talaba qizlarga bilimli ayollarning jamiyatdagi hamda farzandlar tarbiyasidagi ahamiyati, diniy fanlar bilan bir qatorda aniq fanlar va ijtimoiy-gumanitar fanlarni ham o'zlashtirish bugungi kun va kelajak poydevori ekani, ko'hna sharq diyori yetti iqlimga dong'i taralgan allomalarga beshik ekani va ularga munosib bo'la olish lozim ekani haqida gapirib o'tdilar.
Shuningdek, talabalarga badiiy adabiyot va tarixga oid ma'lumotlar hamda foydali va zararli ilm turlari haqida savollar bilan murojaat qilindi. Qolaversa, talabalarga kelgusida jamiyat va Vatan taraqqiyotiga ko'plab hissa qo'shuvchi shaxslar bo'lib yetishishlari uchun muhim tavsiyalar berildi.
Tadbir so'nggida ta‘lim muassasasining fidoyi ustoz, xodimlari va talabalardan bir nafari Faxriy yorliq bilan taqdirlandilar.
Xususan, "Eng fidoyi ustoz" nomli Faxriy yorliq bilan Axmedova Muattar, "Eng fidoyi xodim" nomli Faxriy yorliq bilan Miraxmedova Dildora, "Eng namunali talaba" nomli Faxriy yorliq bilan 3-kurs talabasi Yusufiy Ruqoyya taqdirlandilar.
Tadbir mehmonlar tomonidan talabalarga ezgu tilaklar va muassasa faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tilagan holda yakunlandi.
"Xadichai Kubro" ayol-qizlar o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi matbuot bo'limi