"Qalblar sevgan asar"
#Ilmiy_maqola
#Alisher_Navoiy
#Talabalar_ijodi
#Mahbubul_qulub
QALBLAR SEVGAN ASAR
So‘zdurki, nishon berur o‘lukka jondin,
So‘zdurki, berur jonga xabar jonondin.
( Alisher Navoiy Mahbub ul-qulub asaridan)
"G‘azal mulkining sultoni" - bu atamani ilk bor mashhur shoirlarimizdan biri Maqsud Shayxzoda qo‘llagan. Bu tarifni eshitishimiz bilan ko‘z o‘ngimizda buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz gavdalanadi. Chindan ham, Alisher Navoiy buyuk shaxs. Uning asarlari bugungi kunda hamon dunyo olimlari tomonidan o‘rganib kelinmoqda. Uning yozgan asarlar, sherlarini dunyo olimlari hamda yurtdoshlarimiz tomonidan ijodi b‘oyicha necha asrlarkim ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Shoirning yaratgan asarlarning barchasi o‘z davri hamda bugungi zamonga monand. Iste‘dodli ijodkorning hamma asarlari o‘z kitobxonlariga ega. Uning ko‘plab asarlari pand- nasihat ruhida bitilgan didaktik shakldagi nasihatnomalardir. Bunga misol qilib umri davomida qilgan xulosalari to‘g‘risidagi "Mahbub ul-qulub" asarini keltirishimiz mumkin. Alisher Navoiy butun umri davomida qiyinchiliklarga uchradi, hayotning zaxmatlarini anglashga harakat qildi. Bu izlanishlari, hayotiy xulosalari asosida shunday ibratli asar yaratdi. Mahbub ul-qulub - Ko'ngillarning sevgani, demakdir. Bu asar Navoiyning umrining oxirida yaratgan so‘nggi asaridir. Ijodkor bu asarini katta masalalarni hal etishda chuqur mulohaza yuritib yozgan. Asarning bosh mavzusi pand-nasihat , axloqiy fikrlardir. Navoiy o‘z ta'biri bilan aytganda: So‘zda har qanday yaxshilikning imkoni bor. Shoir nafaqat bu asarida , balki barcha asarlarida so‘z qo‘llashda ixchamlik va jozibadorlikka erishgan. Jozibadorlik, so‘z qo‘llashdagi ehtiyotkorlik asarning ta‘sirchanligi va ijodkorning badiiy mahoratini yanada oshirgan. Alisher Navoiy o‘lmas so‘z san‘atkori ekanligini ham, aynan, asarning shu jihatlari belgilab beradi. Mahbub ul-qulub asari 1500-yilda yaratilgan. Bu asarni o‘qigan har bir kitobxon ma'naviy ozuqa, o‘ylantirgan savollariga javob, qiyinchiliklariga yakun, muammolariga yechim topishi aniq. Chunki asarni hayot haqidagi kitob deyish mumkin. Buning sabablaridan biri uning asar uchun qo‘yilgan nomidan ham ma'lum. Ijodkor bu asarda insonni o‘rab turgan ezgu fazilatlar foydalari, yomon illatlarning zararlari to‘g‘risida axloqiy yo‘sindagi hikmatlar keltirib, kitobxonni yaxshilikka chorlaydi. Bundan tashqari, insonda mujassam ezgu xislatlar haqida yani hilm, to‘g‘rilik, ja'miyki oliyjanob fazilatlarning hayoti davomida katta foydalar berishi xususida juda ko‘p nasihatlar berilgan. Asardagi umumiy g‘oyada insonning illatlari, qusurlari qoralanadi. Bulardan xalos bo‘lishda hikmatlar, qiyosiy o‘xshatmalar, barcha narsalarni qanday bo‘lsa, shundayligicha ko‘rsatuvchi ko‘zgudir. Ko‘zgu insonni o‘z holicha ko‘rsatsa, nasihatlar orqali ham nima yaxshi-yu , nima yomonligi sof holda ayonlashadi.
Darhaqiqat, Navoiyning Mahbub ul-qulub asari mohir navoiyshunos olim Porso Shamsiyev tabdili tufayli bugun kitobxon qo‘liga yetib keldi. Navoiyning o‘zi takidlaganidek, asarning birinchi qismi har xil odamlarning fe'l-atvori haqida , ikkinchi qismi yaxshi fel xosiyati yomon fel kasofati to‘g‘risida, uchinchi qism turli foydali kuzatishlar hamda misollar haqidadir. Asarning kirish qismi:
Gahi topdim falakdin notavonlig‘
Gahi ko‘rdim zamondin komrolig‘
Base issig‘, sovug‘ ko‘rdim zamonda,
Base achchig‘, chuchuk totdim jahonda,
- nomli masnaviysi bilan boshlanadi. Mahbub ul-qulub liro-epik janrga oid asar hisoblanadi. Asarning bunday yo‘sinda yozilishi shoirning ham nasriy, ham she'riy janrda asarlar yaratishning mohir ustasi ekanligiga yana bir isbotdir. Ulug‘ zot asarining tag zamirida juda katta ma'no yashirin. Asarning tub mohiyati insonni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, kelajakda har taraflama yetuk shaxs bo‘lib voyaga yetishida ko‘maklashishdir. Shuning uchun shoir asardagi har bir so‘z, baytga alohida etibor beradi.
Shuningdek, u yaxshi va yomon xislatlarga katta e'tibor qaratib, hech narsani e'tiboridan chetda qoldirmaydi, balki o‘xshatishlar, hikmatlar orqali fikrini aniqlashtiradi. Jumladan, asarning 50-tanbehida keltiriladiki, har kimning so‘zi yolg‘on, yolg‘oni zohir bo‘lg‘och uyolg‘on. Ya'ni kimni so‘zi yolg‘on bo‘lsa, yolg‘oni fosh bo‘lgach, uyatga qoladi. Yolg‘onchi kimsalar yolg‘onining umri qisqa bo‘ladi. Har yerda yolg‘on qoralanadi. Yana aytiladiki, yolg‘on so‘zlarni chindek gapiruvchilar kumushga oltin qoplab sotuvchi zargardir. Haqiqatan, yolg‘on gapirish so‘zga xiyonat aylamoq. Chin so‘z esa egiladi, bukiladi,ammo sinmaydi. Shoir rostgo‘ylikni ezgu fazilatlardan biri deya ta'riflaydi. Rostgo‘y insonlar qayerga bormasin doimo elda aziz va mukarram bo‘ladi. Inson haqparvar bo‘lishi bilan birga shirinsuxan bo‘lishi talab etiladi. To‘g‘rilik insonni yorug‘ yo‘lga yetaklagani sari muloyimlik ham insonni barkamollik sari chorlaydi. Shirinsuxan inson barchaga birdek yoqadi. Shuning uchun Hazrat Navoiy hilmni vujudning xushmanzara mevalik bog‘iga , javohirga boy tog‘ga qiyoslaydi. Bu o‘xshatishlar mubolag‘a emas. Chunki javohirga boy tog‘ insonga moddiy boylik, hilm esa undan-da ulkan xazinadir. Muloyim odam boshiga kelishi mumkin bo‘lgan turli g‘avg‘olarni osongina hal etadi. Tilning shirinligi barcha ko‘ngillarga yoqadi. Muloyimligi esa foydali bo‘ladi. Qo'pol, ezma kishilar kechalari tong otguncha huradigan it kabidir. Albatta, bunday insonlar hech kimga yoqmaydi. Odamzot tili bilan hayvonlardan farqlidir. Til - nutq quroli. Insonga baxt yoki falokat keltiruvchi ham til. Tilni tiyolgan odam donishmanddir. Xalqimizdagi Tilini tiyolgan marddir, maqoli ham shundan kelib chiqqan. U orqali inson ko‘ngliga jarohat yetishi yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin. Navoiy bobomiz buni kuzatishlar orqali bilgan holda shu to‘g‘risida juda ko‘p hikmatlar aytib o‘tgan. Mahbub ul- qulub asarining barcha mohiyati bu bilangina cheklanib qolmaydi. Navoiy ijodini ummon desak, bu ummonning bir tomchisidangina bahramand bo‘ldik. Agar Alisher Navoiy ijodini o‘rgana borsak, ummon ostidagi dur-u gavharlarni terishimiz tayin. Uning asarlari ko‘ngillarning tub- tubiga kirib borgan. Bu ulug‘ zotni tom ma'nodagi turkiy adabiyotining asoschisi desak yanglishmaymiz. Uning asarlarini qalblar o‘qiydi. Shoirning Mahbub ul-qulub asari kelajak avlod uchun yaratilgan xazinalarning biridir. Chunki insonning ma'nan va jismonan yetuk bo'lishiga manaviy boyliklarning bor-yo‘qligi ham sabab bo‘ladi. Ma'naviy xazinamizni orttirish uchun esa Navoiy bobomizning shu asari muhim ro‘l o‘ynaydi. Mana besh asrkim asar bugungi kunda o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Asarning hozirgacha yetib kelishiga ul zotning cheksiz aql-zakovati, donishmand shaxsligi sabab bo‘lgan. Uning darajasiga haligacha hech kim yeta olmagani ma‘lum. Ul buyuk zot uchun qancha gapirmaylik oz...
Muallif: 1-kurs talabasi Kimsanboyeva Robiya