-large.jpg)
E`TIQOD MASALALARI “SIROJUL MUSLIMIN” VA “ SABOTUL-OJIZIN” ASARLARI QIYOSIDA
E`TIQOD MASALALARI “SIROJUL MUSLIMIN” VA “ SABOTUL-OJIZIN” ASARLARI QIYOSIDA
Hazrat Navoiy iymonning asoslari va aqiydaning birlamchi unsurlarini bayon qilgach, musulmon kishi e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan yana bir qator aqiyda masalalari haqida ham qisqacha tuxtaladi. Bularni alohida ta’kidlab keltirishdan maqsad Ahli sunnaning e’tqodini bayon qilishdir. Chunki ayrim toifalar va kishilar bu masalalarda turlicha xilof yo‘l tutishgan.
Yana bilkim, aqoyid ichra mutlaq,
Necha ish keldi bilmak kerak haq. -
Bilginki, aqoidda bir necha narsa aytilgan bo‘lib, ularni mutlaq haq deb bilish lozim.
Azobi qabr erur kufr ahli xosiy,
Yana din ahlidin ba’zi bo‘lsa osiy.
Qabr azobi xossatan kufr ahligadir. Shu bilan birga, din ahli ichidan ayrim osiylarga ham bo‘ladi.
Yana ikki malakningdur savoli,
Yana ham ru’yatulloh ehtimoli.
Yana ikki farishtaning savoli ham haq. Allohni ko‘rish ehtimoli ham bor.
Ya’ni Alloh; oxiratda O‘zi istagan kishilarga O‘z jamolini ko‘rsatadi. Ammo ayrimlar bu ne’matdanmahrum bo‘lishlari mumkin.
“Sabotul Ojizin”da “Ajal bayoni”da:
Ajal albatta birdur, o'zga bo'lmas,
O'lar har zi nafs hargiz Ul o'lmas.
Ya`ni, ajal bir marta bo`ladi, boshqa bo`lmaydi, har bir jin egasi o`ladi, faqat u Alloh also o`lmaydi. Ushbu baytdagi o`limning bir ekaniga Qur`oni karimdagi Duxon surasi 56-oyat dalil bo`ladi: “Ular (jannatda) birinchi o‘limdan (ya’ni, hayoti dunyodan ko‘z yumganlaridan) boshqa o‘limni totmaslar. (Alloh) ularni do‘zax azobidan saqlagandir”. Alloh taolo hamisha barhayot Hayy va Qiyyum bo`lgan zotdir. Oli Imron surasi 2-oyatda bunday deb marhamat qilinadi: “Alloh (yagona) undan boshqa hech bir iloh yo`q. (Faqat Uning O`zi bor). U tirik va abadiy turguvchidir”.
“Sabotul Ojizin”da qabr azobining bayonida quyidagicha keltiriladi:
Azobi qabr kofirlargadur chin,
Ko'rar go'rning azobin ba'zi mo'min.
Bitik ko'p nusxai mashhur ichinda,
Kelur iki farishta go'r ichinda.
Ya`ni, kofirlarga qabr azobi haqdur, shuningdek, ba`zi mo`minlar ham qabr azobini ko`radilar. Mashhur manbalarda bu haqida ko`plab ma`lumotlar mavjuddir. Qabr Ichida ikki Farishta (mayyitni so`roq qilish uchun) keladi.
“Al Fiqhul Akbar” asarida qabrdagi holatlar haqida: “Munkar va Nakirning qabrda savol bermog‘i haq va bo‘lguvchidir. Qabrda bandaning jasadiga ruhning qaytarilishi haqdir. Qabrning siqishi hamda uning azobi kofirlarning barchasiga va ba’zi osiy musulmonlarga haq va bo‘lguvchidir”.
“Al Fiqhul Akbar” asarida mo‘minlarning jannatda Alloh taoloni ko‘rishlari haqida esa: “Alloh taolo (maxluqotlarni) yaratishidan oldin ham yaratuvchi edi. Va rizqlantirishidan oldin ham rizq beruvchi edi. Alloh taolo oxiratda ko‘rinadi. Uni mo‘minlar jannatda o‘z ko‘zlari bilan tashbehsiz va kayfiyatsiz ko‘radilar. Va U bilan xalqining o‘rtasida masofa bo‘lmaydi. Iymon – iqror va tasdiqdir. Osmon va yer ahllarining iymoni, iymon keltirilgan narsa jihatidan ziyoda ham, kam ham bo‘lmaydi, lekin yaqiyn (aniq bilish) va tasdiq jihatidan ziyoda va kam bo‘ladi”.
Yana haq bir sirotu, yana mezon,
Yana do‘zax, yana Firdavsi rizvon.
Yana sirotu tarozi, do‘zax va Firdavs jannatlari ham haqdir.
“Sabotul Ojizin”da “Sirot ko'prugi bayoni”da “Jahannam ustida bir ko`prik bordur, o`sha ko`prikning ismi Sirotdir. U qilichdan keskir, qildanda ingichka bo`ladi, ana shu kunda insonlarning ichiga pushaymonlar tushadi” deyilgan. "Sabotul ojizin"da "Behisht va do'zaxning bayoni"da: “Jannat va jahannam hozirda mavjud bo`lib, Alloh uni O`zi yaratgan maxluqlari uchun yaratib qo`ygan”.
“Al Fiqhul Akbar”da: “Jannat va Do‘zax hozirda yaratib qo‘yilgandir. Ikkalasi ham abadiy yo‘q bo‘lmaydi. Ohu ko‘z hurlar ham abadiy o‘lmaydilar. Alloh taoloning iqobi foniy bo‘lmaydi va in’omi ham abadul-abaddir. Alloh taolo xohlagan kimsani O‘z fazli ila hidoyatga boshlaydi. Alloh taolo kimni xohlasa O‘z adli bilan adashtiradi. Uning adashtirishi, yordamsiz qoldirishidir. Yordamsiz qoldirishining ma’nosi, bandani undan O‘zi rozi bo‘ladigan narsasiga muvaffaq qilmasligidir. U Allohning adolatidir. Shuningdek, yordamsiz qoldirilganning gunohlariga jazo berishi ham (Uning adolatidir)”.
Shafoat anbiyodin ham erur haq.
Muhammad barchaning sarxayli mutlaq.
Anbiyolarning shafoati ham haq. Muhammad sollallohu alayhi vasallam barcha mahluqotlarning mutlaq sayyididir, peshvosidir.
Muallif aytmoqchiki, Muhammad alahissalom shafoat qilish borasida ham hammaning peshvosi, ilg‘ori bo‘ladilar. Bu bilan u zot sollallohu alahi vasallamga va’da qilingan «Maqomi mahmud» - «Maqtalgan maqom»ga ishora qilinmoqda. Bu Alloh taolo tomonidan Muhammad sollallohu alayhi vasallamga va’da qilingan buyuk shafoat maqomidir. Bu haqda Isro surasi- ning 79-oyatida so‘z boradi.
"Sabotul ojizin"da “Payg'ambarlar shafoatlarining haqlig'I bayoni”da:
Xudo izni bilan haqdur shafoat,
Qilurlar anbiyovu ahli toat.
Ya`ni, Alloh taoloning izni ila shafoat qilish haqdir. Payg`ambarlar vat oat ahli bo`lganlardan kimga Alloh izn bersa ular shafoat qilrlar.
“Al Fiqhul Akbar”da shafoat va uning turlari haqida: “Payg‘ambarlarning (ularga salavotu salomlar bo‘lsin) shafoatlari haqdir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning shafoatlari gunohkor mo‘minlar va ulardan gunohi kabiralar qilib iqobga (jazoga) loyiq bo‘lib qolganlari uchun haq va sobitdir. Qiyomat kunida amallarning tarozi bilan tortilishi haqdir. Nabiy alayhis solatu vasallamning havzlari haqdir. Qiyomat kunida xusumatchilar orasida qasos, savoblar bilan bo‘lishi haqdir. Agar ularda savoblar bo‘lmasa, bularning gunohlari ularning ustilariga tashlanishi haq va joizdir”.
Yana haq keldi e’joz anbiyoga,
Aningdekkim, karomat avliyog‘a.
Yana nabiylarning mu’jizasi ham, shuningdek, avliyolarning karomati ham haq.
"Sabotul ojizin"da “Karomati avliyo bayoni”da Payg`ambarlarning mo`jizalari va avliyolarning karomatlari haqida keltiriladi: “Avliyolarda karomatlar bo`lishi haqiqatdir, bu Alloh taolodan ularga bir inoyatdir. Karomat -bu odatdan tashqari bo`lgan ishdir, ammo odatdan tashqari bo`lgan g`ayri tabiiy holatlarnin bir necha turlari bor, ularning barchasi ham karomat emas. G`ayri tabiiy ish payg`ambardan sodir bo`lsa u “mo`jiza” deyiladi, ey din ilmini talab qiluvchi ( buni bilib ol). Payg`ambarlik kelishidan oldingi holatlar esa “Irhos” deyiladi, buni bilsangiz kerak ey insonlar. Agar g`ayri tabiiy ish solih kishidan sodir bo`lsa u shubhasiz “karomat”dan bo`ladi. Lekin g`ayri tabiiy ish avom mo`minda sodir bo`lsa uni “maunat” deyiladi. Ammo, g`ayri tabiiy ish kofirdan sodir bo`lsa u “istirdoj” deyiladi[1].
“Al Fiqhul Akbar”da Moʻjiza va karomatlar haqligi haqida: “Moʻjizalar payg‘ambarlar uchun sobitdir va karomatlar avliyolar uchun haqdir. Ammo Alloh taoloning dushmanlari uchun bo‘ladigan, masalan, Iblis, Fir’avn va Dajjol kabilardan sodir bo‘lganligi va (bundan keyin) bo‘lishligi xabarlarda rivoyat qilingan narsalarni moʻjiza ham, karomat ham demaymiz. Lekin o‘sha narsalarni ular uchun qazoi-hojat deymiz. Chunki Alloh taolo dushmanlarining ham hojatlarini ularga istidroj va uqubat uchun ro‘yobga chiqaradi. Ular bundan aldanib qoladilar va tug‘yonu kufrda ziyodalashaveradilar. Bunday narsalarning barchasi joiz va mumkindir”.
Yana bilgil aqoid ichra mahsub,
Ki, bo‘lmas eldin amru nahi maslub.
Insonlardan amru nahiy - shariatning buyruq va qaytariqlari soqit bo‘lmasligi ham aqoiddan hisoblanadi, deb bil.
Ayrim o‘zlarini tasavvufga nisbat berganlar sohta tasavvufchilar ma’lum maqomdan keyin kishidan shariat buyruqlari va qaytariqlari soqit bo‘ladi, deyishgan. To`g`ri yo`ldagi sof tasavvufchilar bunday da`vo qilmaydi. Muallif buyerda ana o‘sha tushunchani noto‘g‘ri deb e’tiqod qilishham aqiydadan ekanini ta’kidlamoqda.
Yana kufr anglag‘il tasdiqi kohin,
Nechukkim, tengridin ma’yusu emin
Kohinni tasdiqlashni kufr deb tushun, chunki bu Allohdan noumid va jazolashidan xotirjam bo‘lishdir.
“Al Fiqhul Akbar” asarida esa mutlaqo gunoh ishlarni halol sanamaslik va agar halol sanamasa, gunoh tufayli musulmonning kofir bo‘lmasligi haqida quyidagi matn keltirilgan: “Musulmonni gunohlardan biror gunoh tufayli kofirga chiqarmaymiz, garchi katta gunoh bo‘lsa ham, madomiki, uni halol sanamasa. Undan iymon ismini ham olib tashlamaymiz, uni haqiqiy mo‘min deb ataymiz. Kofir bo‘lmasdan fosiq mo‘min bo‘lmoqligi ham joiz bo‘ladi”.
Xulosa qilib aytganda, hazrat Alisher Navoiy “Sirojul muslimin” asarini omma xalq uchun qulay bir asar bo‘lishini ko‘zlagan holda asosiy aqidaviy masalalarni qisqa va xalqchil qilib mohirona nazm etganlar. Ushbu asar nafaqat zamondosh xalq uchun balki, keyingi avlod uchun ham manfaatli hamda qimmatli boy meros bo‘lgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. "Sabotul ojizin"da ham barcha muhim aqidaviy masalalar keltirilgan bo`lib, ular juda go`zal va mukammal bayon qilinishi bilan birga, mavzular bayoni ortidan muallifning “Munojot”lari ham joy olgan. Shuningdek, asarda tarbiyaviy ahamiyatga ega ko`plab muhim ma`lumotlar, jumladan, piri komilning etagini tutish, kamtarlik kabi fazilatli ishlar haqida ham baytlar keltirilgan. “Al Fiqhul Akbar” asarida esa aynan aqida ilmining o‘ziga bag‘shlangan asar bo‘lgani jihatidan unda “Sirojul muslimin” asarida to‘xtalmagan ba’zi mavzularni uchratishimiz mumkin, jumladan, Payg‘ambarlardan keyin insoniyatning afzallari, moʻjiza va karomatlar haqligi, Alloh taoloning bandalariga muruvvati, shaytonning mo‘mindan iymonni majburlab tortib ololmasligi, masalalari ham zikr qilingan. Yana barcha taqvodor va fojir mo‘minlarning orqasida namoz o‘qimoqlik joizligi, qiyomat alomatlari, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning farzandlari, Qur’on oyatlaridagi fazilatlar, Alloh taoloning uzoq va yaqinligi masofa jihatidan emasligi, Shaytonning mo‘mindan iymonni majburlab tortib ololmasligi, Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilganligi, Alloh taoloning bandalariga muruvvati mavzulari keltirilgan.
Xadichai Kubro ayol-qizlar islom ta`lim
muassasasi o`qituvchisi, ToshDO`TAU
2-bosqich doktoranti Kenjaboy Gulruh
[1] “Istidroj” kofirga uning Jahannamdagi o`rni chuqurlashishi uchun beriladigan g`ayri tabiiy ishdir.
Другие новости


